Sayitqulov Ilhom Abdusalamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek xalq tarixiy nasrida epik syujet va obraz evolyusiyasi (“Temurnoma” misolida)”, 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil164.
Ilmiy rahbar: Turdimov Shomirza Ganievich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Rahmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Sattorov Ulug‘bek Fayzullaevich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: “Temurnoma” qissasining janr xususiyatlari, kompozision qurilishi, syujet tuzilishi va uning asosini tashkil qiluvchi sohibqironlik tizimi tadqiqi orqali asarning o‘zbek fol`klorida tutgan o‘rnini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek fol`klorshunosligida ilk bor “Temurnoma” xalq kitoblari turining qissa janriga mansubligi hamda uning asosini tashkil qiluvchi epik syujet xalq dostonlari va ertaklaridagi an’anaviy motivlar asosida shakllanganligi isbotlangan;
asar kompozision qurilishining tahlili asosida “Temurnoma” qissasi fol`klor va yozma adabiyot kontekstiga uyg‘un qorishiq-diffuzion uslubda yaratilganligi, har bir bobning o‘zaro uzviy bog‘liqlikka ega bo‘lish barobarida, ularning yagona g‘oyaviy talqinga bo‘ysunishi dalillangan;
“Temurnoma”dagi obrazlar tizimi badiiylik nuqtai nazaridan asosiy, yordamchi va epizodik tiplarga, tarixiylik nuqtai nazaridan esa tarixiy va to‘qima obrazlarga ajralishi asoslangan hamda yordamchi, epizodik va to‘qima obrazlar Sohibqiron xarakterini yorituvchi poetik vosita vazifasini bajarishi aniqlangan;
xalq dostonlaridagi “alplik tizimi” va “Temurnoma” asaridagi sohibqironlik tasavvurlari xossalari qiyoslanib, ikki tushunchaning bir o‘zakdan paydo bo‘lganligi dalillangan;
“Temurnoma” tahlili asnosida sohibqironlik tasavvurlarida Sohibqiron maqomiga ega bo‘luvchi shaxsning tanlanishi, ma’lum vaqtda tug‘ilishining bashorat qilinishi kabi o‘n to‘rtta xossasi ko‘rsatildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“Temurnoma” asosida o‘zbek xalq tarixiy nasridagi epik syujet va qahramon evolyusiyasi tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:
o‘zbek xalq tarixiy nasrida buyuk ajdodlarimiz badiiy obrazining xalq og‘zaki ijodidagi talqinlari hamda temuriylar davrida yaratilgan ilmiy, badiiy, tarixiy va xalq kitoblarida tasvirlangan tarixiy obraz talqinlari yuzasidan chiqarilgan nazariy qarashlari Toshkent davlat pedagogika universitetida 2015-2017 yillarda bajarilgan A-1-118 raqamli “Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” mavzusidagi davlat amaliy grantini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 11 noyabrdagi 89-03-4395-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy nasrda obraz yaratish tamoyillari, tarixiy va badiiy haqiqatning asarlarda aks ettirilishi, qahramon xarakterini yoritishda yondosh obrazlarning ahamiyati xususidagi qarashlar oydinlashtirilgan;
turkiy va forsiy tilda yaratilgan “Temurnoma” turkumidagi xalq kitoblarining yaratilish tarixi, ulardagi tasvir va badiiy vositalarning farqli jihatlari, tarixiy haqiqat va epik tasavvurning aks ettirilishi hamda O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Temurnoma” turkumida manbalar tavsifi hamda mazkur turkum xalq kitoblari kompozisiyasi, syujet tizimi va obraz evolyusiyasi talqini xususiyatlari yoritilgan materiallardan “Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivining ilmiy tavsifi va nashr qilish” mavzusidagi F1-FA-055746 raqamli fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 13 noyabrdagi 3/1255-3016-son ma’lumotnomasi). Natijada muzey qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Temurnoma” turkumida manbalardagi tarixiy haqiqat va epik tasavvurning aks ettirilishi hamda tavsifi yoritilgan;
“O‘zbekiston” telekanalida tayyorlanib efirga uzatilgan “Assalom, O‘zbekiston!” ko‘rsatuvida ilmiy ish materiallaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 8 oktyabrdagi 01-12-2076-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvlar ilmiy jihatdan boyitilib, sohibqiron Amir Temurning badiiy obrazi keng ommaga havola etilgan.