Xasanov Shaxboz Xasanovichning
texnika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Tezlatgich majmualarida keltirilgan radioaktivlik va xodimlarning doza yuklamalari”, 01.04.01 – Eksperimental fizikaning asboblari va usullari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2. DSc/T430.
Ilmiy maslahatchi: Tashmetov Mannab Yusupovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, DSc.05/2025.27.12.FM/T.13.01.
Rasmiy opponentlar: Radjabov Sali Ashirovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Kurbanov Baxtiyar Ibragimovich, texnika fanlari doktori, professor; Muzafarov Amrullo Mustafoevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tezlatkich qurilmalari ish rejimlarida yuzaga keladigan radioaktivlik va doza yuklamalarini tahlil qilish asosida xodimlarining radiatsion xavfsizligini kompleks baholash va optimallashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
og‘ir ionlar tezlatgichlarida tibbiyot xodimlarining nurlanish dozalarini baholash uchun davolash zalining tarkibiy qismlarini batafsil modellashtirish va alohida izotoplarning umumiy doza yukiga qo‘shadigan miqdoriy hissasini aniqlashga imkon beruvchi bosqichma-bosqich chiqarib tashlash usulini qo‘llashga asoslangan hisob-tajriba metodikasi ishlab chiqilgan hamda eksperimental ravishda tasdiqlangan;
birinchi marta radionuklidlarning tsiklik to‘planishi va parchalanishi bilan oltita mustaqil kontur bo‘ylab bir vaqtda kuzatiladigan ikki turdagi nurlanish yo‘qotishlari (quvurlarda bir jinsli va nishonlarda nuqtaviy) hamda suv aylanishining real dinamikasini hisobga olgan holda yuqori intensivlikdagi og‘ir ion tezlatgichlari sovutish suvi aktivlanishini tizimli modellashtirish metodikasi ishlab chiqilgan;
tibbiy og‘ir ion tezlatgichning ko‘p qanotli kollimatorida 176Ta, 175Ta, 177W radionuklidlarining hosil bo‘lishi aniqlangan, HIAF tezlatgich kompleksining sovutish suvida dominant izotoplar (15O, 3H, 11C, 7Be, 13N) ning keltirilgan aktivligi va tarkibi aniqlangan hamda 30 yilgacha bo‘lgan davrda radioaktivlikni bashorat qilish imkonini beradigan, uzoq yashovchi 3H va 14C nuklidlar to‘planishining analitik bog‘liqligi olingan;
birinchi marta proton terapiyasi markazi uchun FLUKA muhitida nuqtaviy skanerlash rejimida nur manbasini energiya qatlamlari bo‘yicha stratifikatsiyalash usuli ishlab chiqilgan, u SOURCE.f foydalanuvchi quyi dasturi orqali amalga oshirilgan bo‘lib, real klinik rejalar asosida fraksiyalangan nurlantirish jarayonida keltirilgan aktivlikning to‘planishini hisobga olishi bilan farqlanadi; ishlab chiqilgan usulni 8 nafar bemorga qo‘llash natijasida davolash kursi davomida kuzatuvchi shaxslarning nurlanish dozalari 7,47×10-2 mZv dan oshmasligi, shuningdek keltirilgan aktivlik tufayli bemorning qo‘shimcha dozasini bir seans uchun 48,9 mkZv ni tashkil etishi aniqlangan;
birinchi marta doza maydonlarini uch o‘lchamli xaritalash hamda sinxrotron manbai xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarining harakat traektoriyalarini optimallashtirish algoritmiga asoslangan, yuqori quvvatli zalda doza yukini 68% ga kamaytirishni ta’minlovchi individual nurlanish dozalarini kamaytirish usuli ishlab chiqilgan;
traektoriyalarni optimallashtirish algoritmini real vaqt rejimidagi pozisiyalash tizimi bilan integratsiya qilish hamda doza maydonining statik va dinamik tarkibiy qismlarini alohida hisobga olishga asoslangan, xodimlarning harakat yo‘nalishi bo‘ylab uzlyuksiz dozimetrik nazoratni ta’minlovchi radiatsion xavfsizlikni operativ boshqarish konsepsiyasi taklif etilgan;
og‘ir ionli nurlantirish markazining ishchi zonalarida qoldiq doza maydonlarining fazoviy notekisligi (notekislik koeffisienti ~1,4) aniqlangan va miqdoriy tavsiflangan; yillik dozalari 0,470–0,728 mZv diapazonida bo‘lgan xodimlarda doza yuklamalarining shakllanishi bemor tanasining keltirilgan aktivligi hamda ko‘p qanotli kollimator konstruksiyasining qo‘shma hissasi bilan belgilanishi isbotlangan;
yuqori intensivlikdagi og‘ir ionli tezlatgich faoliyati jarayonida hosil bo‘ladigan aktivlashtirilgan suv bilan muomala qilish bo‘yicha kompleks texnik echim ilmiy asoslangan va amaliyotga joriy etish uchun taklif qilingan; tizim parametrlarini optimallashtirish, jumladan umumiy sig‘imi 120 m3 bo‘lgan saqlab turish rezervuarlarini va qalinligi 1 sm bo‘lgan mahalliy qo‘rg‘oshin himoyasini joriy etish doza quvvatini 6 baravar kamaytirishni ta’minlaydi va Radiologik himoya bo‘yicha xalqaro komissiya takliflarini to‘liq qanoatlantiradi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Tezlatkich qurilmalari xodimlarining radiatsion xavfsizligini kompleks baholash va optimallashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
xodimlarning individual nurlanish dozalarini baholash bo‘yicha ishlab chiqilgan hisob-tajriba metodikasi Chongqing universitetining Ultratez o‘tish jarayonlari laboratoriyasida № 2023CDJXY-004 va № 12305351-raqamli tadqiqot loyihalari doirasida LUTF 500 MeV qurilmasining ish zonalarida qoldiq doza maydonlarini xaritalashtirishda qo‘llanilgan (Chongqing universiteti Ultratez o‘tish jarayonlari laboratoriyasining 2026 yil 14 maydagi № 122026UZ xati). Usuldan foydalanish xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning harakat marshrutlarini optimallashtirish va qurilmaning yuqori quvvatlar zalida doza yuklamasini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish imkonini bergan;
yuqori intensivlikdagi og‘ir ion tezlatkichlarining sovutish suvini aktivlanishini tizimli modellashtirishning ishlab chiqilgan usuli; nuqtaviy skanerlash rejimida dasta manbasini stratifikatsiya qilish va xodimlarning individual nurlanish dozalarini kamaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan usullar, xodimlarning doza yuklamalarini baholash natijalari Shri-Lanka Atom energiyasini tartibga solish kengashi tomonidan milliy normativ talablar va aniq obektlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda tezlatkichlar asosidagi tibbiy va ilmiy-tadqiqot qurilmalarining normativ ekspertizasi, radiatsion xavfsizligini baholash, rejalashtirish va istiqbolli rivojlantirish uchun texnik ma’lumotnoma materiali sifatida e’tirof etilgan (Sri Lanka Atomic Energy Regulatory Council ning 2026 yil 30 apreldagi xati). Natijalardan foydalanish radiologik himoyaning xalqaro amaliyotini va tezlatkich texnologiyalarida doza yuklamalarini optimallashtirish usullarini takomillashtirishga hissa sifatida e’tirof etilgan;
xodimlarning radiatsion xavfsizligini operativ boshqarishning taklif etilgan konsepsiyasi Xarbin muhandislik universitetining Yadro fani va texnologiyalari kollejida tezlatkich qurilmalarida radiatsion xavfsizlik, keltirilgan radioaktivlik va xodimlar nurlanishini baholash bilan bog‘liq tadqiqotlarda qo‘llanilgan (Xarbin muhandislik universiteti Yadro fani va texnologiyalari kollejining 2026 yil 6 maydagi ma’lumotnomasi). Konsepsiyadan foydalanish individual dozalarni uzlyuksiz nazorat qilgan holda radiatsion nazorat zonalarida xodimlar harakatini optimallashtirish imkonini bergan;
tezlatkich qurilmalari xodimlarining doza yuklamalarini FLUKA dasturiy kodidan foydalangan holda keltirilgan radioaktivlikni Monte-Karlo usulida modellashtirish va qoldiq doza quvvatini eksperimental o‘lchashga asoslangan holda baholashning ishlab chiqilgan hisob-tajriba metodikasi Sh. Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi va astronomiya kafedrasining o‘quv jarayoniga joriy etilgan (Sh. Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 2026 yil 20 fevraldagi № 7 kafedra majlisi bayonnomasi). Metodikadan foydalanish tibbiyot fizikasi, dozimetriya va zamonaviy tezlatkich majmualarining radiatsion xavfsizligi sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashni takomillashtirishga yordam bergan;
tezlatkich muhitida radionuklidlar hosil bo‘lishi va aktivlanish jarayonlari tahlili xorijiy olimlar tomonidan foydalanilgan (xalqaro ilmiy jurnallardagi havolalar: Radiation Physics and Chemistry, 2024. 221, 111751; Journal of Radiation Protection and Research. 2025. Vol. 50, № spc1. pp. 95-104; Nuclear Instrumens and Methods in Physics Research Section B: Beam Interactions with Materials and Atoms, 2025. 566, 165777; Journal of Radiological Protection, 2025. Vol. 45, № 2, p. 023501; Journal of Radioanalytical and Nuclear Chemistry, 2024. Vol. 333, № 11, pp. 5277-5281; High Power Laser and Particle Beams, 2025, Vol. 37: 066002). Natijalardan foydalanish xorijiy olimlarga tezlatkich qurilmalarida keltirilgan radioaktivlikni va xodimlarning radiatsion himoyasini baholash usullarini takomillashtirish, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarning dolzarbligini asoslash imkonini bergan;
HIAF (High Intensity Heavy-Ion Accelerator Facility) qurilmasida nishonlar va dasta yutgichlaridagi keltirilgan radioaktivlik tahlili xorijiy olimlar tomonidan foydalanilgan (xalqaro ilmiy jurnallardagi havolalar: Fusion Engineering and Design, 2025. Vol. 211, 114802; Journal of Instrumentation, 2024. Vol. 19, № 12, T12004; Journal of Radiological Protection, 2025. Vol. 45, № 2, p. 023501; Nuclear Instrumens and Methods in Physics Research Section B: Beam Interactions with Materials and Atoms, 2024. Vol. 549, 165277). Natijalardan foydalanish xorijiy ilmiy jamoalarga tezlatkich qurilmalarining nishonlari va dasta yutgichlaridagi keltirilgan radioaktivlikni hisoblash usullarini takomillashtirish, materiallar va radiatsion himoya parametrlarini tanlashni asoslash, shuningdek qoldiq doza maydonlarini baholash va aktivlashgan komponentlar bilan ishlash yondashuvlarini rivojlantirish imkonini bergan.