Saidova Sayyora Alisher qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston yoshlari ijtimoiy-madaniy hayotida diniy ma’rifatning ahamiyati”, 07.00.04–Dinshunoslik (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tar184.
Ilmiy rahbar: Agzamxodjaev Saidakbar Saidovich tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.27.04.2018.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Bahodirov Roiq Majidovich falsafa fanlari doktori, professor. Kushaev Umidjon Raximovich falsafa fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston yoshlarining ijtimoiy-madaniy hayotida diniy ma’rifatning namoyon bo‘lish xususiyatlari hamda uning milliy o‘zlikni anglashga ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«diniy ma’rifat» tushunchasining ta’rifi, tarixiy va zamonaviy xususiyatlari o‘rganilgan, yangi tushunchalar orqali asoslab berilgan hamda nazariy-falsafiy jihatdan ochib berilgan;
jamiyat ijtimoiy-madaniy hayotining tarixiy o‘zgaruvchan xususiyati va uning diniy ma’rifiy faoliyatidagi in’ikosi darajalari aniqlanib, bu voqelikni ratsional idrok etish va baholash munosabatlari O‘zbekiston yoshlari misolida amaliy so‘rovnomalar Respublikaning barcha viloyatlar kesimida ilmiy tahlil etilgan;
globallashuv sharoitida yoshlar diniy ma’rifatining ijtimoiy-madaniy hayotidagi yoshlar va oila munosabati, o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy me’yorlar va bag‘rikenlik masalalari nazariy jihatdan asoslangan;
O‘zbekiston yoshlarining diniy ma’rifati va uning ijtimoiy-madaniy hayotidagi ahamiyati tizimli va nazariy shaklda o‘rganish imkonini beruvchi tahliliy diagrammalar orqali ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
diniy ma’rifatning tarixiy va zamonaviy xususiyatlari, kategorial asoslarini aniqlashga qaratilgan yangi uslubiy vosita borasidagi takliflar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2016 yil 14 sentyabrda imzolangan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyatini yoshlarga keng targ‘ib qilish yuzasidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining «Yoshlarga oid davlat siyosati targ‘iboti oyligi» loyihasini o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 2019 yil oktyabrdagi 04-13/297-son dalolatnomasi). Ushbu ilmiy natija diniy ma’rifat yoshlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, o‘zaro do‘stlik va insoniylikka da’vat etishini, uning asl, gumanistik mazmunini teran tahlil etish – jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida birlashtirgan;
jamiyat ijtimoiy-madaniy hayotining tarixiy o‘zgaruvchan xususiyati va uning diniy ma’rifiy faoliyatidagi in’ikosi darajalarini aniqlash bo‘yicha ilmiy-uslubiy materiallardan O‘zbekiston musulmonlari idorasining targ‘ibot ishlari dasturlarini tashkil etishda muntazam ravishda foydalanib kelindi (O‘zbekicton musulmonlari idorasining 2019 yil 17 iyundagi 1554-son dalolatnomasi). Mazkur natijalar yoshlar ijtimoiy-madaniy hayotini chuqur ilmiy asosda o‘rganish orqali ayrim yoshlar hayotiga ta’sir etuvchi salbiy mafkuraviy va informatsion xurujlarga qarshi immunitetini shakllantirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston yoshlarining diniy ma’rifat tuyg‘usi va uning ijtimoiy-madaniy hayotni yuksaltirishdagi ahamiyatiga doir takliflardan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining targ‘ibot ishlarini, yo‘l xaritalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2019 yil 7 noyabrdagi 13/2274-19-son dalolatnomasi). Bu mamlakatimiz xotin-qizlarining diniy ma’rifatini o‘rganish, jamiyatga asosiy tahdid bo‘lib kelayotgan diniy nizolarni oldini olish yo‘llari, vatanparvarlik, bag‘rikenglik kabi umumbashariy qadriyatlar bugungi kun yoshlarining dunyoqarashini shakllantirishga yordam bergan.