Mangasaryan Arsen Arsenovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi xaqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “COVID-19 ni boshidan o‘tkazgan keksa bemorlarda arterial gipertenziyaning klinik-diagnostik xususiyatlari va uning asoratlarini oldini olish chora-tadbirlari” 14.00.43-Profilaktik tibbiyot (tibbiyot fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Tib5701.
Ilmiy rahbar: Tulaboeva Gavxar Mirokborovna, tibbiyot fanlari bo‘yicha  doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, PhD.06/2025.27.12.Tib.21.02.
Rasmiy opponenetlar: Tursunov  Xatam  Xasanbaevich, tibbiyot fanlari bo‘yicha  doktori, professor; Karimova  Mukima Muxamadsodikovna, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchik filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi: COVID-19 o‘tkazgan keksa yoshdagi shaxslarda arterial gipertenziyaning klinik-diagnostik xususiyatlarini aniqlash va uning asoratlarini oldini olish bo‘yicha samarali yondashuvlarni ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
arterial gipertenziya bilan og‘rigan va COVID-19 infeksiyasini o‘tkazgan keksa yoshdagi bemorlarda endotelial disfunksiya natijasida standart terapiya fonida sistolik va diastolik arterial qon bosimining optimal maqsadli ko‘rsatkichlariga erishilmaganligi, konsentrik remodellanish (RWT > 0,42) va chap qorincha devorlari gipertrofiyasi (IVS > 11 mm) ustunlik qilganligi, chiqarish fraksiyasi esa past darajada saqlanganligi (EF < 50%) aniqlangan;
arterial gipertenziya bilan og‘rigan va COVID-19 infeksiyasini o‘tkazgan bemorlarda proyallig‘lanish sitokinlari (IL-6, TNF-α) darajasining oshishi hamda prooksidantlar va antioksidant tizim o‘rtasidagi disbalans, K+ va Mg2+ tanqisligi, NO ishlab chiqarilishining kamayishi bilan namoyon bo‘luvchi metabolik buzilishlar tufayli komorbid holatlar, jumladan qandli diabet, bo‘lmachalar fibrillyasiyasi va qorinchalar ekstrasistoliyasi sezilarli darajada og‘irlashganligi aniqlangan;
COVID-19 infeksiyasini o‘tkazgan arterial gipertenziyali bemorlarda gipertonik krizlar, yurak etishmovchiligining progressiyasi va rezistent gipertenziya kabi asoratlar yuqori chastotada uchragan bo‘lib, bu persistirlovchi endotelial disfunksiya, qon tomir devorining qattiqlashishi hamda RAAT (renin-angiotenzin-aldosteron tizimi) faollashuvi bilan bog‘liq ekanligi isbotlangan;
monoterapiyani kombinirlangan gipotenziv davolash sxemasiga (APF ingibitorlari + kal`siy antagonistlari + diuretiklar) bosqichma-bosqich almashtirishga asoslangan profilaktik chora-tadbirlar metodikasi COVID-19 infeksiyasini o‘tkazgan bemorlarda gipertonik krizlar, konsentrik remodellanish, yurak etishmovchiligining progressiyasi va yurak-qon tomir asoratlari xavfini kamaytirishga asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.        
Yurak-qon tomir kasalliklari (YuQTK) bo‘lgan va COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan keksa yoshdagi bemorlarda arterial bosimni erta aniqlash va uning kliniko-diagnostik ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnika kengashining 2025 yil 17 iyuldagi №22/45-sonli xulosasiga asosan:
birinchi ilmiy yangilik: COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan keksa bemorlarda klinik holat baholanganda, ularda postkovid davrida ham klinik noustuvorlik saqlanib qolganligi aniqlandi. Sistolik va diastolik arterial bosim darajalari o‘tkazilayotgan davolashga qaramay maqsadli optimal ko‘rsatkichlarga erisha olmagan. Shuningdek, konsentrik remodellash va chap qorincha gipertrofiyasi holatlari ustun bo‘lgan, chiqarish fraksiyasi esa COVID-19 infeksiyasi bilan bog‘liq bo‘lmagan guruh bilan solishtirilganda ancha past bo‘lgan. Ushbu ma’lumotlar asosida «COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan keksa yoshli shaxslarda arterial gipertoniyaning kliniko-diagnostik xususiyatlari va uning asoratlarining oldini olish» mavzusidagi metodik tavsiya ishlab chiqildi va Central Asian Medical University Ilmiy kengashining 2025 yil 5 martdagi №8-sonli bayonnomasiga asosan tasdiqlandi. Ushbu taklif Farg‘ona viloyati Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi hududiy filiali (2025 yil 12 maydagi №25-sonli buyruq) va Farg‘ona shahridagi 2-Oilaviy poliklinika (2025 yil 16 maydagi №307-11-169-DOP/2025-sonli buyruq) amaliyotiga joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: olingan ilmiy natijalarning amaliyotdagi ahamiyati shundaki, u COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan keksa yoshli YuQTK bo‘lgan bemorlarda zararli arterial gipertoniyani erta aniqlash va uning rivojlanishini bashorat qilish samaradorligini oshiradi. Shuningdek, xavf omillarini nazorat qilish tizimi ishlab chiqilgan. Iqtisodiy samaradorligi: xarajatlar samaradorligi ko‘rsatkichlarini hisoblash shundan dalolat berdiki, asosiy guruhdagi bemorlarni davolash boshqaruvi iqtisodiy jihatdan maqbulroq bo‘lgan. Stabil stenokardiya, surunkali yurak etishmovchiligi kabi kasalliklarni bartaraf etishda individual yondashuv tavsiya etilgan. 
       ikkinchi ilmiy yangilik: tadqiqot jarayonida COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan arterial gipertoniyali bemorlarda bir qator komorbid holatlar — qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari, semizlik, atrial fibrillyasiya va qorinchadan tashqari ekstrasistoliya kabi holatlar ancha yuqori darajada uchragani aniqlandi. Ushbu taklif ham Farg‘ona viloyati Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi hududiy filiali (2025 yil 12 maydagi №25-sonli buyruq) va Farg‘ona shahridagi 2-Oilaviy poliklinika (2025 yil 16 maydagi №307-11-169-DOP/2025-sonli buyruq) amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: olingan natijalar COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan keksa bemorlarda hayot sifatini yaxshilash, asoratlar, erta nogironlik va o‘lim holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy samaradorligi: bir yillik kuzatuv davomida bemorlarning o‘rtacha xarajatlari tahlili shundan dalolat berdiki, COVID-19 bilan kasallangan guruhda o‘rtacha xarajatlar 910000 so‘mni tashkil etgan, asosan xususiy klinikalarda tekshiruvlar va xususiy tez yordam chaqirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Nazorat guruhida ushbu ko‘rsatkich 770000 so‘mni tashkil etgan. Iqtisodiy samaradorlikni hisoblash shuni ko‘rsatdiki, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanmagan guruhda boshqaruv ancha samarali bo‘lgan. 
       uchinchi ilmiy yangilik: bir yillik kuzatuv davomida COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan arterial gipertoniyali keksa bemorlarda gipertonik krizlar, yurak etishmovchiligining avj olishi, rezistent gipertoniya va takroriy gospitalizatsiyalar ko‘p uchragani aniqlangan. Ushbu taklif ham Farg‘ona viloyati Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi hududiy filiali (2025 yil 12 maydagi №25-sonli buyruq) va Farg‘ona shahridagi 2-Oilaviy poliklinika (2025 yil 16 maydagi №307-11-169-DOP/2025-sonli buyruq) amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: olingan ilmiy natijalar COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan YuQTKli keksa bemorlarda arterial gipertoniyani erta aniqlash, miokarddagi surunkali yallig‘lanish markerlari (S-reaktiv oqsil, fibrinogen) va anamnezdagi YuQTK kasalliklarining avj olishini bashorat qilish orqali fatal asoratlarning oldini olish, bemorlar hayoti sifatini yaxshilash, asoratlar, erta nogironlik va o‘lim xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy samaradorligi: COVID-19 bilan kasallangan guruhda o‘rtacha xarajatlar 910000 so‘mni tashkil etgan, bu mablag‘lar asosan xususiy tibbiy xizmat va tekshiruvlarga sarflangan. Nazorat guruhida bu ko‘rsatkich 770000 so‘mni tashkil etgan. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, COVID-19siz guruhdagi boshqaruv ancha iqtisodiy samarali bo‘lgan. 
to‘rtinchi ilmiy yangilik: COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan keksa yoshdagi bemorlarda gipertonik krizlar va yurak-qon tomir asoratlari xavfini kamaytirish maqsadida profilaktikaga yo‘naltirilgan maxsus algoritm ishlab chiqildi. U ushbu elementlarni o‘z ichiga oladi: holatni muntazam monitoring qilish, davolashni optimallashtirish, aniqlangan patogenetik mexanizmlarga maqsadli ta’sir ko‘rsatish hamda asoratlar xavfini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar. Ushbu taklif Farg‘ona viloyati Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiali (2025 yil 12 may, №25-sonli buyruq) va Farg‘ona shahridagi 2-Oilaviy poliklinika (2025 yil 16 may, №307-11-169-DOP/2025-sonli buyruq) amaliyotiga joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: tavsiya etilgan davolash usullarining amaliyotga joriy etilishi statsionarda davolanish muddatini, ambulator davolanish davrini, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlikni qisqartirishga, nogironlik va o‘lim holatlarini kamaytirishga yordam berdi. Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, COVID-19 infeksiyasini boshidan kechirgan arterial gipertoniyali keksa bemorlarda klinik holat, gemodinamik ko‘rsatkichlar, yurak ritmi, lipid va biokimyoviy almashinuvda jiddiy buzilishlar kuzatilgan. 1-guruh bemorlarida (COVID-19ni boshidan kechirganlar) klinik belgilari — umumiy zaiflik, nafas qisishi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi — COVID-19 bilan kasallanmagan bemorlarga nisbatan ancha ko‘proq uchragan. Bu natijalar COVID-19dan keyingi davrdagi arterial gipertoniyali keksa bemorlarni davolashda individual yondashuvni, gemodinamik va metabolik ko‘rsatkichlarni kuchaytirilgan nazorat qilishni, aritmiyalarning oldini olishni, komorbid holatlarni korreksiya qilishni hamda davolash samaradorligini oshirishni zarurligini ta’kidlaydi. Iqtisodiy samaradorligi: Tavsiya etilgan davolash usullarini klinik xususiyatlar va kasallik ko‘rsatkichlariga mos ravishda qo‘llash natijasida 1-guruhda bemorlar soni 2-guruhga nisbatan ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa-da, 2-guruhdagi bemorlarning moliyaviy xarajatlari kamaygan. Umumiy iqtisodiy samaradorlik 12250000 so‘mni tashkil etdi, bu esa 22,45% kam xarajat deganidir. Hisob-kitob natijalari profilaktik tadbirlarga ketadigan xarajatlarning kamayishini ko‘rsatdi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish