Salimova Iroda Mamayusufovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Iqtisodiy nizolarning taalluqliligi (nazariy-huquqiy va protsessual jihatlari)», 12.00.04–Fuqarolik protsessual huquqi. Xo‘jalik protsessual huquqi. Hakamlik jarayoni va mediatsiya (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Yu132.
Ilmiy rahbar: Esanova Zamira Normurotovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Samarxodjaev Batir Bilyalovich, yuridik fanlar doktori, professor; Olimova Kamila Kamalitdinovna, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: iqtisodiy nizolarning taalluqliligini belgilashga doir qonunchilikni takomillashtirish va uni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq ishlar iqtisodiy sudlarga taalluqli bo‘lgan ishlarning alohida toifasini tashkil qilishi asoslantirilgan;
chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijro etishga qaratish to‘g‘risidagi ishlar iqtisodiy sudlarga taalluqli ishlar doirasiga kirishi asoslab berilgan;
fuqarolik va iqtisodiy ishlarni ko‘rishda mediatsiya tartib-taomilini qo‘llash taraflarning yozma kelishuviga asosan sud hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar amalga oshirilishi mumkinligi asoslantirilgan;
taraflar tomonidan ish yuritish qo‘zg‘atilgandan so‘ng nizoni mediatsiya orqali hal etish kelishilgan taqdirda, sud tomonidan ish yuritishning to‘xtatilishi lozimligi asoslab berilgan;
iqtisodiy sudlarga taalluqli bo‘lgan tan olingan soliq qarzi bo‘yicha undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni soliq organlari vakolatiga o‘tkazish asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Iqtisodiy nizolarning taalluqliligi (nazariy-huquqiy va protsessual jihatlari) tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni, shuningdek, chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijro etishga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni iqtisodiy sudlarga taalluqli ishlar sifatida kiritish taklifi 2018 yil 24 yanvarda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi 25-moddasi birinchi qismiga 4 va 6-bandlar sifatida kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 3 iyundagi 08/UM-343-19-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinganligi iqtisodiy sudlar tomonidan hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni, chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijro etishga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni iqtisodiy sudlarga taalluqli bo‘lgan boshqa ish toifadagi ishlardan farqlash imkoniyatini beradi hamda ushbu toifadagi ishlarni o‘ziga xos protsessual xususiyatlarini inobatga olgan holda ko‘rib chiqish va hal etishga xizmat qilgan;
fuqarolik va iqtisodiy ishlarni ko‘rishda mediatsiya tartib-taomilini qo‘llash taraflarning yozma kelishuviga asosan sud hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar amalga oshirilishi mumkinligi, shuningdek sud ushbu hollarda ish yuritishni to‘xtatib turishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflari 2019 yil 20 martda O‘RQ-531-son qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 44-moddasi to‘rtinchi qismiga, 116-moddasi 6-bandiga, 166-moddasi to‘rtinchi qismiga, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi 101-moddasi 6-bandiga va 131-moddasi uchinchi qismiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019 yil 13 iyundagi 3/34-5/3442-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning qabul qilinganligi nizolarni mediatsiya orqali hal etishning protsessual mexanizmini qo‘llash imkonini beradi;
iqtisodiy sudlarga taalluqli bo‘lgan tan olingan soliq qarzi bo‘yicha undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni soliq organlari vakolatiga o‘tkazish taklifi 2019 yil 30 dekabrda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilgan. Jumladan, ushbu Kodeksning 123-moddasi oltinchi qismida tan olingan soliq qarzini soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) qaroriga binoan soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mulki hisobidan undirish mumkinligi mustahkamlandi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 14 martdagi 08/UM-170-19-son, 2020 yil 31 yanvardagi 08/UM-54-20-son; O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019 yil 17 apreldagi 4/22-5/1542-son, 2020 yil 31 yanvardagi 4/23-5/397-son xati; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2020 yil 4 fevraldagi 04/1-02-303bx-son ma’lumotnomalari). Ushbu taklifning qabul qilinganligi natijasida tan olingan soliq qarzdorligini undirish mexanizmlarini takomillashtirishga, nizosiz ishlarning iqtisodiy sudlar taalluqliligidan chiqarilishiga, sud`yalar va sud xodimlarining, davlat soliq xizmati organlari xodimlarining ish vaqti maqbullashtirilishiga, soliq to‘lovchilarning vaqti va mablag‘i tejalishiga erishish mumkin.