Usmanov Ibroxim Sabirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqidae’lon

I. Umumiy qoidalar.   
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hakim Termiziy asarlarining fiqh ilmi rivojidagi o‘rni” mavzusidagi, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.DSc/Tar276
Ilmiy maslahatchi: Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi  Sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.06.01.
Rasmiy opponentlar: Munavvarov Zohidillo Inomxo‘jaevich, siyosiy fanlari doktori, professor, Ziyodov Shovosil Yunusovich, tarix fanlari doktori, professor, Karimov Nodir Rahmonqulovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Hakim Termiziyning islom huquqi rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ahli ra’y va ahli hadis munozaralari muhitida shakllanib, IX-X asrlarda tobora tugal ko‘rinish olib borayotgan fiqhni ma’naviy-ruhiy mazmun bilan uyg‘unlashtirish maqsadida Hakim Termiziy “ta’lil” (التعليل) va “maqosid” (المقاصد) tushunchalariga asoslangan maxsus fiqhiy metodologiya ishlab chiqqani dalillangan;  
Hakim Termiziy qarashlari zaminida shakllangan “tasavvufiy fiqh” g‘oyasi Abu Nasr Sarrojning “Luma’”, Abulqosim Qushayriyning “ar-Risola”, Abu Homid G‘azzoliyning “Ihyo”, Muhiddin ibn Arabiyning “al-Futuhot”, Zohid Buxoriyning “Mahosin al-islom”, Valiyulloh Dehlaviyning “Hujjatulloh al-bolig‘a” kabi asarlarida takomillashib, islom huquqidagi “asror ash-sharia” (أسرارالشريعة) yo‘nalishiga asos bo‘lgani aniqlangan;
"Kitob as-salot" Hakim Termiziyning "hukmlarning illatlari" mavzusiga bag‘ishlangan hamda muallifning “as-Salot va maqosiduha” va “Isbot al-ilal”idan mustaqil asar bo‘lib, unda ta’lil masalalari hamda amaliy-tatbiqiy tafsilotlarga ko‘proq urg‘u berilgani xulosa qilingan;
Hakim Termiziyning huquqiy germenevtik modeli huquqning teleologik talqini va amaliy tatbiqiga tayangan bo‘lib, islom huquqini qat’iy tushunishga asoslangan faqihlarning yuridik germenevtikasini tasavvufiy mohiyat bilan to‘ldirish orqali tasavvuf va fiqhni bog‘lash, natijada islom huquqini faqih va sufiylarning parallel talqinlari emas, balki uning o‘zaro mutanosib ikki jihatini uyg‘unlashtirishni ko‘zda tutgani isbotlangan;
Movarounnahr maqosidiy an’analari shakllanishi sharoitida Hakim Termiziy asarlarida ilk maqosidiy tafakkur tamoyillari tizimlashtirilgani dalillanib, uning klassik “shariat maqsadlari” (مقاصد الشريعة) nazariyasigacha bo‘lgan bosqichdagi o‘rni belgilangan hamda Hakim Termiziy va Qaffol Shoshiyning maqosidiy qarashlari qiyoslanib, Termiziyda ruhiy, zavqiy-irfoniy uslub ustuvorligi, Shoshiyda esa rasionallik, real voqe’lik bilan ko‘proq bog‘liqligi aniqlangan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
“Hakim Termiziy asarlarining fiqh ilmi rivojidagi o‘rni” mavzusidagi fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
ahli ra’y va ahli hadis munozaralari muhitida shakllanib, IX-X asrlarda tobora tugal ko‘rinish olib borayotgan fiqhni ma’naviy-ruhiy mazmun bilan to‘ldirish maqsadida Hakim Termiziy “ta’lil” (التعليل) va “maqosid” (المقاصد) tushunchalariga asoslangan maxsus fiqhiy metodologiya ishlab chiqqani haqidagi ilmiy xulosa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ssenariylari tayyorlash hamda “O‘rta asr Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi” nomli ensiklopedik kitob mazmuniga singdirilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2026-yil 20-fevraldagi 02/75-sonli dalolatnomasi). Mazkur xulosa IX-X asrlarda fiqh ilmi rivojida tasavvuf vakillarining ishtirokini kuzatish, ularning faqihlar bilan muhokamalar muhitida o‘z mavqe’larini himoya qilish jarayonlarini kuzatish imkoniyatini bergan;    
Hakim Termiziy ilmiy merosi, uning islom ilmlari, jumladan, fiqh ilmiga oid qarashlari bo‘yicha olingan xulosalardan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi I-Renessans ekspozisiyasini shakllantirishda foydalanilgan. I.S.Usmanovning dissertatsiyasi IX asrdagi fiqh ilmining tasavvuf bilan uyg‘unlashuv jarayonlari tahliliga bag‘ishlangan. Hakim Termiziy qarashlari zaminida shakllangan “tasavvufiy fiqh” g‘oyasi Abulqosim Qushayriyning “ar-Risola”, Abu Homid G‘azzoliyning “Ihyo”, Muhiddin ibn Arabiyning “al-Futuhot”, Zohid Buxoriyning “Mahosin al-islom”, Fazlulloh Muhammad ibn Ayyubning “al-Fatovo as-sufiyya”, Valiyulloh Dehlaviyning “Hujjatulloh al-bolig‘a” kabi asarlarida rivojlanib, islom huquqidagi “asror ash-sharia” (أسرارالشريعة) yo‘nalishiga asos bo‘lgani haqidagi dissertatsiya natijalaridan I-Renessans ekspozisiyasidagi termiziy allomalar ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada hamda “Renessans olimlari qomusi” kitobida foydalanilgan (O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining 2026-yil 27-apreldagi №05-14/200-sonli dalolatnomasi). Natijada dissertasiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiya va xulosalar Hakim Termiziy ilmiy merosi ahamiyatini ochib berishga xizmat qilib, I-Renessans ekspozisiyasi bilan tanishish uchun tashrif buyuradigan tarixchi, manbashunos, islomshunos mutaxassislar uchun ham muhim ahamiyat kasb etgan;
I.Usmanovning dissertatsiyasidagi "Kitob as-salot" Hakim Termiziyning "hukmlarning illatlari" mavzusiga bag‘ishlangan hamda muallifning “as-Salot va maqosiduha” va “Isbot al-ilal”idan mustaqil asar bo‘lib, unda ta’lil masalalari hamda amaliy-tatbiqiy tafsilotlarga ko‘proq urg‘u berilgani haqidagi ilmiy xulosadan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati konsepsiyasini shakllantirishda, shuningdek, “Chahor kitob”, “Qalb haqida risolalar”, “Namoz va uning maqsadlari” va “Aql va havoyi nafs” kabi manbalarni nashrga tayyorlashda, “Buyuk Termiziylar” rukni ostidagi “Hakim Termiziy” nomli xalqchil risolada, shuningdek, Markazning rasmiy sayti bo‘lmish termizi.uz saytidagi ilmiy maqolalarni tayyorlashda foydalanilgan (Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2026-yil 12-maydagi 01-03-143-sonli dalolatnomasi). Tadqiqot natijalari Hakim Termiziyning fiqhiy illatlar bo‘yicha qarashlarini chuqurroq tushunish imkonini bergan;  
     Hakim Termiziyning kalom ilmiga oid qarashlari hanafiy-moturidiylikka juda yaqin bo‘lgani hamda u ilk hanafiylik va moturidiylik aqidasi o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tagani, Abu Mansur Moturidiy (853-944) va Qaffol Shoshiy (vaf. 975) ham maqosid ash-shariaga oid asarlar yozganlari, Hakim Termiziy va Qaffol Shoshiyning maqosidiy qarashlari muqoyasasi Hakim Termiziyda ruhiy, zavqiy-irfoniy uslub ustuvorligi, Shoshiyda esa rasionallik, real voqe’lik bilan ko‘proq bog‘liqligi aniqlangani hamda Movarounnahrdagi ilk maqosidiy an’analar shakllanish tendensiyalari haqidagi xulosalar “Movarounnahrlik 10 buyuk mufassir” va “Movarounnahrlik 10 buyuk mutasavvif” kitoblarida foydalanilgan, mazmuni singdirilgan, markaz saytidagi maqolalar yozishda istifoda etilgan. Dissertatsiya asosida shakllangan xulosa va tavsiyalar aqida, kalom va tasavvuf ilmlari o‘rtasidagi tarixiy munosabatlarni tahlil qilish imkonini beradi (Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2026-yil 5-maydagi 01/108-sonli dalolatnomasi). Natijada mutaxassislar va kitobxonlarning allomalarimiz hayoti va faoliyati, ilmiy merosi va sunniy mazhablarning mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi tutgan o‘rni haqida yangi ma’lumotlar olishlariga xizmat qilgan;
    Hakim Termiziy ilmiy merosi, uning islom ilmlari, jumladan, fiqh ilmiga oid qarashlari bo‘yicha olingan xulosalar “O‘zbekiston tarixi” telekanali  tomonidan termiziy olimlar hamda Hakim Termiziyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Buyuk termiziylar merosi” (21.08.2022) ko‘rsatuvlarini tayyorlashda birlamchi asos bo‘lib xizmat qilgan. Xususan, Hakim Termiziyning “shariat maqsadlari” mavzusi bo‘yicha dastlabki muallif sifatida zaruriyot, hojiyot va tahsiniyot hamda 5 tamoyil (jon, din, mol, nasl, aql) muhofazasi bo‘yicha fikrlari tahlil qilingan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2026-yil 26-fevral 01-33/130-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ko‘rsatuvlar xalqimizni mamlakatimiz hududida faoliyat yuritgan allomaning ilmiy faoliyati, ilmiy salohiyati va musulmon dunyosida islom ilmlari rivojida tutgan o‘rni haqidagi yangi ma’lumotlardan xabardor bo‘lish, tarixiy bilimlarini oshirish va ajdodlar bilan faxrlanish va ularga munosib avlod bo‘lish tuyg‘usini shakllanishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish