Javlieva Gullola Abdurahim qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “O‘zbekistonda notipik mehnat munosabatlarini huquqiy tartibga solish masalalari”, 12.00.05 – Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta’minot huquqi (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Yu1950
Ilmiy rahbar: Ismoilov Shuhrat Abdusaminovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: Aminjanova Matluba Axmedovna, yuridik fanlar doktori, professor, Yuldashev Iqboljon Raximovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi notipik mehnat munosabatlarini nazariy-metodologik o‘rganish, huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash hamda ularni hal etishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
masofadan turib ishlovchi xodimning hamkorlik qilish tartibida belgilangan vaqtdan tashqari ish beruvchining telefon qo‘ng‘iroqlariga, elektron xatlariga va har qanday shaklda amalga oshirilgan so‘rovlariga xodimning javob bermaslik huquqi (Right to disconnect)  asoslantirilgan;
xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan davrda avvalgi ish joyi bo‘yicha tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanishi hamda bu davrda mehnat shartnomasining amal qilishi to‘xtatib turilishi  asoslantirilgan;
austaffer tomonidan qabul qiluvchi tashkilotga yuborilgan xodimlar ish haqi va mehnat sharoitlari xuddi shunday mehnat vazifalarini bajaradigan va bir xil malakaga ega bo‘lgan qabul qiluvchi tashkilot xodimlarining ish haqi va mehnat sharoitlaridan past (yomon) bo‘lmasligi kerakligi asoslantirilgan;
austaffing shartnomasi bo‘yicha qabul qiluvchi tashkilotga yuborilgan xodim bilan mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan austafferning majburiyatlari (ish haqi, mehnat ta’tili to‘lovi, mehnatga vaqtincha qobiliyasizlik bo‘yicha nafaqa, mehnat shartnomasi bekor qilinishi bilan bog‘liq to‘lovlar, mehnatda mayib bo‘lish yoki kasb kasalligi bilan bog‘liq kompensatsiya to‘lovlari, qonunchilik hujjatlari va mehnat shartnomasiga asosan xodimga tegishli bo‘lgan boshqa to‘lovlar) to‘g‘risida qabul qiluvchi tashkilotning subsidiar javobgar bo‘lishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Raqamli iqtisodiyot sharoitida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
masofadan turib ishlovchi xodimning hamkorlik qilish tartibida belgilangan vaqtdan tashqari ish beruvchining telefon qo‘ng‘iroqlariga, elektron xatlariga va har qanday shaklda amalga oshirilgan so‘rovlariga xodimning javob bermaslik huquqiga oid taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktyabrdagi O‘RQ–798-son Qonuni bilan tasdiqlangan Mehnat kodeksining 460-moddasi uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 29-dekabrdagi  №3/dn-272-son dalolatnomasi). Mazkur taklif masofadan ishlash sharoitida xodimni ish vaqtidan tashqarida ham ish beruvchining topshiriqlarini bajarishga majbur qilish amaliyotini cheklash orqali majburiy mehnatning yashirin shakllari yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qilgan;
xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan davrda avvalgi ish joyi bo‘yicha tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanishi hamda bu davrda mehnat shartnomasining amal qilishi to‘xtatib turilishiga oid taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktyabrdagi O‘RQ–798-son Qonuni bilan tasdiqlangan Mehnat kodeksining 147-moddasi birinchi qismi hamda 163-moddasi ikkinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 29-dekabrdagi  №3/dn-272-son dalolatnomasi). Bu taklif xodimning boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborilishi munosabati bilan uning asosiy ish joyidagi mehnat munosabatlari barqarorligini saqlab qolish, asossiz ishdan bo‘shatishning oldini olish hamda mehnat huquqlari va ijtimoiy kafolatlarning uzlyuksizligini ta’minlashga xizmat qilgan;
austaffer tomonidan qabul qiluvchi tashkilotga yuborilgan xodimlar ish haqi va mehnat sharoitlari xuddi shunday mehnat vazifalarini bajaradigan va bir xil malakaga ega bo‘lgan qabul qiluvchi tashkilot xodimlarining ish haqi va mehnat sharoitlaridan past (yomon) bo‘lmasligi kerakligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 706-sonli qarori bilan tasdiqlangan Austaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 18-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati Axborot-tahlil va yuridik departamentining 2025-yil 26-dekabrdagi 12-18-45-son dalolatnomasi). Bu taklif  mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash prinsipini ta’minlashga xizmat qilgan;
austaffing shartnomasi bo‘yicha qabul qiluvchi tashkilotga yuborilgan xodim bilan mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan austafferning majburiyatlari, shu jumladan: ish haqi, mehnat ta’tili to‘lovi va mehnatga vaqtincha qobiliyasizlik bo‘yicha nafaqa, mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin to‘lovlar; mehnatda mayib bo‘lish yoki kasb kasalligi bilan bog‘liq kompensatsiya to‘lovlar, qonunchilik hujjatlari va mehnat shartnomasiga asosan xodimga tegishli bo‘lgan boshqa to‘lovlar to‘g‘risida qabul qiluvchi tashkilot subsidiar javobgarlikni o‘z zimmasiga olishiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 706-sonli qarori bilan tasdiqlangan Austaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning ll-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati Axborot-tahlil va yuridik departamentining 2025-yil 26-dekabrdagi 12-18-45-son dalolatnomasi). Bu taklif austaffing shartnomasi doirasida yuborilgan xodimlarning ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha huquqlarini  ta’minlash, ularning mehnatga haq to‘lanmasdan qolishini xavfini kamaytirish hamda austaffer tomonidan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda xodimning huquqiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish