Ne’matov Rustam Abduvaid o‘g‘lining
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘arbiy Turk xoqonligi davrida Xorazmning ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlari tarixi”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Tar1324
Ilmiy rahbar: tarix fanlari doktori, dotsent Almanov Qaxramon Obloqulovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Tar.01.01
Rasmiy opponentlar: Ataxodjaev Azimxo‘ja Muzaffarovich, tarix fanlari doktori, professor; Egamberdieva Nigora Azadovna tarix fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. G‘arbiy Turk xoqonligi davrida Xorazm vohasida kechgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlar tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Xorazmning nisbatan mustaqil boshqaruv tizimi uning o‘ziga xos mahalliy hukmdorlik shakli va tanga-pul tizimi munosabatlari orqali namoyon bo‘lib, bu uni Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi boshqa voha humkdorliklaridan ajralib turganligi isbotlangan;
Xorazmdagi boshqaruvchi sulola vakillarining faoliyati tahlili natijasida ushbu voha hukmdorligining o‘z boshqaruvida nisbatan erkin bo‘lishi bir qator omillarga bog‘liq bo‘lgani, ayniqsa, bunda hududiy-geografik omil – vohaning xoqonlik boshqaruv markazi bo‘lmish Suyab (Ettisuv)dan uzoq joylashgani asosiy o‘rin tutgani dalillangan;
Xorazmda Afrig‘iylar sulolasining nisbatan mustaqil bo‘lganiga qaramasdan, vohada Turk xoqonligining ta’siri saqlangani aniqlanib, mahalliy boshqaruvda uchraydigan Xamgiri/Xangiri (xon-girey), Tutuxas (tutuq-as), Bag‘ra (Bo‘g‘ra), Kanik, Askajvar (aska-cho‘r) hamda Askajamuk (aska-chamuk) kabi qadimgi turk va xorazmcha ildizli unvon va mansablar qo‘llanganligi isbotlangan;
Vohaning tasviriy san’ati asarlari – sopol buyumlar, To‘qqal’a ossuariysi kabi san’at namunalarida qadimgi turk madaniyatining o‘ziga xos belgilari uchrashi misolida G‘arbiy Turk xoqonligi davrida Xorazm vohasida madaniy jarayonlar jadal rivojlanganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘arbiy Turk xoqonligi davrida Xorazm vohasidagi ijtimoiy-siyosiy holat va vohada kechgan madaniy jarayonlar tarixini tadqiq etish doirasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Xorazmning G‘arbiy Turk xoqonligi tarkibiga qo‘shilishi, boshqaruv usullari va tarixiy manbalar asosida olib borilgan tadqiqotlar bu davrdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni chuqur tahlil qilish imkonini berdi. Tadqiqotdan olingan ilmiy xulosalar “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Mavzu” ko‘rsatuvi uchun ssenariy tayyorlashda foydalanilgan (O’zMTRK “O’zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 04-sentabrdagi ma’lumotnomasi №06-28-1327). Natijada, Xorazm vohasining G‘arbiy Turk xoqonligi davridagi tarixiga oid manbalar va ilmiy tadqiqotlar bilan tanishish hamda ularni tahlil qilish samaradorligi oshishiga xizmat qilgan;
Xorazm vohasidagi boshqaruvchi sulola vakillarining kelib chiqishi, boshqaruv yillari xronologiyasi, hukmdorlarning ism va unvonlari masalasi tahlil qilinib, vohadagi mahalliy sulola – Afrig‘iylarning Turk xoqonligidan nisbatan erkin bo‘lishi ichki siyosat olib borishida vohaning geografik jihatdan xoqonlikning markaziy hududlaridan ancha uzoq joylashgani asosiy omillardan biri bo‘lgani aniqlab berildi. Mazkur xulosa Xorazmning ilk o‘rta asrlardagi siyosiy maqomini yanada aniqroq belgilashga xizmat qiladi va bu ilmiy natijalardan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining ilmiy-tadqiqot loyihalari, tarixiy-madaniy yodgorliklarni o‘rganish va targ‘ib qilish dasturlarida, shuningdek, yosh avlodni madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarida samarali foydalanildi. (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tomonidan berilgan 2023-yil 12-dekabrdagi ma’lumotnomasi №01-54/12-12-23). Ilmiy natijalarning joriy qilinishi tarixiy-madaniy yodgorliklar tarixini bilishga, yosh avlodni madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga yordam beradi. Natijada Xorazm vohasining ilk o‘rta asrlar tarixi mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar, tariximiz bo‘yicha tadqiqot olib boruvchilarga yangi ma’lumotlar berish imkonini bergan;
Fan doirasida ilgari bildirilgan fikrlardan farqli ravishda, Xorazmda Afrig‘iylar sulolasining nisbatan mustaqil bo‘lganiga qaramasdan, vohada Turk xoqonligining ta’siri saqlangani aniqlanib, mahalliy boshqaruvda uchraydigan Xamgiri/Xangiri (xon-girey), Tutuxas (tutuq-as), Bag‘ra (Bo‘g‘ra), Kanik, Askajvar (aska-cho‘r) hamda Askajamuk (aska-chamuk) kabi qadimgi turk va xorazmcha ildizli unvon va mansablar aniqlashtirilganligiga doir ilmiy natijalardan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining ilmiy-tadqiqot loyihalari, tarixiy-madaniy yodgorliklarni o‘rganish va targ‘ib qilish dasturlarida, shuningdek, yosh avlodni madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarida samarali foydalanildi. (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tomonidan berilgan 2023-yil 12-dekabrdagi ma’lumotnomasi №01-54/12-12-23). Natijada Xorazmning siyosiy tizimi mahalliy va turkiy boshqaruv elementlarining sintezi asosida shakllanganligi asoslab berildi. Ilmiy natijalarning joriy qilinishi tarixiy-madaniy yodgorliklar tarixini bilishga, yosh avlodni madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga yordam beradi. Natijada Xorazm vohasining ilk o‘rta asrlardagi tarixi mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar, tariximiz bo‘yicha tadqiqot olib boruvchilarga yangi ma’lumotlar berish imkonini bergan;
Tadqiqot ishi O‘zbekistonning “Turkiy davlatlar tashkiloti”dagi nufuzini oshirishda va turkiy xalqlar integratsiyasini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xorazmdagi Afrig‘iylar sulolasi tomonidan zarb etilgan tangalar asosida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar 2022–2023 yillarda Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazining targ‘ibot faoliyatida qo‘llanilgan. Jumladan, 2023-yilgi chora-tadbirlar dasturining VIII yo‘nalishidagi 41-bandda belgilangan milliy qadriyatlar targ‘ibotida dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazining 2024-yil 11-yanvardagi ma’lumotnomasi №02-22/23). Natijada, numizmatik manbalar asosida Afrig‘iylar boshqaruvidagi unvon, lavozimlar va ularning vazifalarini tadqiq etish imkoniyati kengayishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish