Xashimova Xurshida Djuraxanovnaning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek texnik terminlarini standartlashtirish va yagona terminologik bazasini yaratishning ilmiy-amaliy asoslari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2025.3.DSc/Fil1046.
Ilmiy maslahatchi: Usmanov Farxad Faxriddinovich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.07.03
Rasmiy opponentlar: Hamroeva Shahlo Mirjanovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Jamoliddinova Dilnoza Mirhojiddinovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Abdiev Murodqosim Bolbekovich, filologiya fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek texnik terminologiyasini ilmiy asosda standartlashtirish, terminlarni yagona mezonlar tizimi asosida tartibga solish bo‘yicha tavsiyalar berish hamda zamonaviy axborot-texnologik yondashuvlar asosida yagona elektron terminologik bazani yaratishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek texnik terminologiyasining ilmiy bilimlarni konseptuallashtirish, kodlash va uzatish jarayonlarini ta’minlovchi ko‘p qatlamli funksional tizim sifatidagi lingvistik tabiati asoslanib, uning rivojlanishi termin–tushuncha munosabatining aniqligi, terminologik tizimning ichki izchilligi hamda fan-texnika taraqqiyoti bilan bog‘liq dinamik qonuniyatlar asosida kechishi dalillangan;
texnik terminlarni standartlashtirishning ilmiy-metodik prinsiplari o‘zaro bog‘liq konseptual tizimni tashkil etishi hamda aniqlik, bir ma’nolilik, tizimlilik, barqarorlik, milliy-madaniy moslik va xalqaro muvofiqlik prinsiplari terminning normativ maqomini belgilovchi o‘zaro to‘ldiruvchi mezonlar ekani asoslangan;
texnik terminologiyani raqamlashtirishning konseptual modeli ishlab chiqilib, terminologik ma’lumotlarni tavsiflash, standartlashtirish, terminlararo paradigmatik va semantik munosabatlarni yagona axborot makonida integratsiyalash elektron terminologik bazaning ilmiy-lingvistik asosini tashkil etishi ochib berilgan;
texnik terminlarning yaratilishi, tanlanishi, ekspertizadan o‘tkazilishi, me’yorlashtirilishi va ilmiy muomalaga kiritilishi terminologik tizimning o‘zaro uzviy bog‘liq semantik, pragmatik, normativ va kommunikativ bosqichlari asosida amalga oshadigan yaxlit lingvotexnik mexanizm ekani asoslangan hamda mazkur mexanizmning konseptual modeli ishlab chiqilgan;
texnik terminologiyani ilmiy asosda boshqarish konsepsiyasi ishlab chiqilib, terminlarning yaratilishi, me’yorlashtirilishi, standartlashtirilishi, rasmiy muomalaga kiritilishi va raqamli terminologik resurslarda qo‘llanishi o‘zaro bog‘liq yagona terminologik jarayon ekani hamda mazkur jarayonni markazlashgan boshqaruv asosida tashkil etish milliy terminologik tizimning barqaror rivojlanishini ta’minlashi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
o‘zbek texnik terminologiyasining ilmiy-nazariy konsepsiyasi ishlab chiqilib, texnik terminlarning shakllanishi va takomillashuvi fan-texnika taraqqiyoti, termin-tushuncha munosabatining aniqligi, terminologik tizimning ichki izchilligi hamda milliy va xalqaro terminshunoslik tamoyillarining o‘zaro uyg‘unligi bilan belgilanishiga doir xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan IL-402104209 “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” bo‘yicha amaliy loyiha doirasida foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2026-yil 5-fevraldagi 04/1-644-son ma’lumotnomasi). Natijada texnik terminlardan axborot-qidiruv tizimlari uchun avtomatik ishlov berish vositasini yaratishga erishilgan;
o‘zbek texnik terminologiyasining ilmiy bilimlarni konseptuallashtirish, kodlash va uzatish jarayonlarini ta’minlovchi ko‘p qatlamli funksional tizim sifatidagi lingvistik tabiati asoslanib, uning rivojlanishi termin–tushuncha munosabatining aniqligi, terminologik tizimning ichki izchilligi hamda fan-texnika taraqqiyoti bilan bog‘liq dinamik qonuniyatlar asosida kechishiga doir xulosalardan Erasmus+ International ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan KA107 – Credit mobility Key action 1- Mobility for learners and staff – Higher education student and staff mobility” bo‘yicha amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2026-yil 5-fevraldagi 04/1-645-son ma’lumotnomasi) Natijada texnik terminlarni standartlashtirishning ilmiy-metodik prinsiplarini yaratishga erishilgan;
texnik terminlarni standartlashtirishning ilmiy-metodik prinsiplari o‘zaro bog‘liq konseptual tizimni tashkil etishi hamda aniqlik, bir ma’nolilik, tizimlilik, barqarorlik, milliy-madaniy moslik va xalqaro muvofiqlik prinsiplari terminning normativ maqomini belgilovchi o‘zaro to‘ldiruvchi mezonlar ekani haqidagi xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2020-2023-yillarga mo‘ljallangan AM-F3-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish mavzusi” bo‘yicha amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2026-yil 5-fevraldagi 04/1-646-son ma’lumotnomasi) Natijada texnik terminologiyani raqamlashtirish, avtomatlashtirish va yagona normativ muhitda boshqarish imkonini beruvchi integral elektron terminologik baza modelini ishlab chiqishga erishildi;
texnik terminologiyani raqamlashtirishning konseptual modeli ishlab chiqilib, terminologik ma’lumotlarni tavsiflash, standartlashtirish, terminlararo paradigmatik va semantik munosabatlarni yagona axborot makonida integratsiyalash elektron terminologik bazaning ilmiy-lingvistik asosini tashkil etishiga oid ilmiy xulosa va fikrlardan 2025-2026-yillarda O‘ZMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlarining ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston” teleradiokompaniyasining 2026-yil 18-yanvardagi 26-36-09-son ma’lumotnomasi). Natijada eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni chuqurlashib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan;
texnik terminlarning yaratilishi, tanlanishi, ekspertizadan o‘tkazilishi, me’yorlashtirilishi va ilmiy muomalaga kiritilishi terminologik tizimning o‘zaro uzviy bog‘liq semantik, pragmatik, normativ va kommunikativ bosqichlari asosida amalga oshadigan yaxlit lingvotexnik mexanizm ekani xususidagi xulosalar “Texnik terminlarning ilmiy-izohli lug‘ati”ga mazmuniga singdirilgan. (UO‘K: 81’373.46:81’374 KBK: 30X 11. – Namangan: “Sunrise-pro”, 2026. – 134 bet). Natijada lug‘atni o‘quv hamda ommabop holatda ta’lim va tadqiqot jarayonida qo‘llash imkoniyati yuzaga kelgan.