Utepbergenov Muxtar Adilbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Soyani takroriy ekin sifatida etishtirish agrotexnologiya elementlarini ishlab chiqish (Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘tloqi allyuvial tuproqlar sharoitida)”, 06.01.08 - O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Qx1841
Ilmiy rahbar: Oserbaeva Tamaraxan, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.08/2025.27.12.Qx.04.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaboev Zuxriddin Mo‘minovich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, professor; Karaev G‘ulom Rustamovich, qishloq xo’jaligi fanlari bo’yicha falsafa doktori, kata ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qoraqolpog‘iston Respublikasining mexanik tarkibiga ko‘ra og‘ir bo‘lgan o‘tloqi-allyuvial tuproqlari sharoitida soyaning “Orzu” navidan takroriy ekin sifatida yuqori va sifatli don hosili etishtirishda maqbul urug‘ ekish muddati va sxemasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Qoraqolpog‘iston Respublikasining sug‘oriladigan o‘tloqi allyuvial tuproqlari sharoitida boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin sifatida soyadan yuqori va sifatli don hosili etishtirishda maqbul ekish muddati va sxemalari aniqlangan;
soya urug‘larini 20-iyun muddatida yakkaqator usulida ekilganida 60x5-1, qo‘shqator usulida ekilganida 90x(60x30)x5-1 sxemalarda ekish yuqori don hosildorligini ta’minlashi isbotlangan;
Soya urug‘larini yakkaqator usulida ekish urug‘larni qo‘shqator usulida ekishga nisbatan ildiz tizimida tuganaklar shakllanishiga ijobiy ta’sir etib, shonalash fazasida 0,7-2,0 dona/tup gacha, gullash fazasida 2,4-4,0 dona/tup gacha, dukkaklash fazasida 2,7-4,7 dona/tup gacha yuqori bo‘lishi asoslangan;
Soya urug‘larini qo‘shqator usulida ekib etishtirish yakkaqator usulida ekib etishtirishga nisbatan o‘simliklarning fotosintez sof mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini uchtalik barg hosil qilish – shonalash fazasida 0,18-0,37 g/m2/kungacha, shonalash-gullash fazasida 0,16-0,41 g/m2/kungacha, gullash-dukkaklash fazasida 0,32-0,72 g/m2/kungacha, dukkaklash-dukkaklarning etilishi fazasida 0,19-0,53 g/m2/kungacha ortishi aniqlangan;
Soya urug‘larini 20-iyun muddatida ekib etishtirish donlarning texnologik sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir etib, 1-iyul muddatida 60 sm lik qator oralig‘ida yakkaqator usulda hamda 90 sm lik qator oralig‘ida qo‘shqator usulda ekib etishtirishga nisbatan oqsil miqdori 1,1-1,2 foizga, moy miqdori 0,6-0,7 foizga, 10-iyul muddatida 60 sm lik qator oralig‘ida yakkaqator usulda hamda 90 sm lik qator oralig‘ida qo‘shqator usulda ekib etishtirishga nisbatan oqsil miqdori 1,8-1,9 foizga, moy miqdori 1,0-1,1 foizga yuqori bo‘lishi kuzatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqolpig‘iston Respublikasining mexanik tarkibi og‘ir sug‘oriladigan o‘tloqi allyuvial tuproqlari sharoitida soyadan takroriy ekin sifatida yuqori va sifatli don hosili etishtirishda maqbul ekish muddatlari va ekish sxemasini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ilmiy natijalari asosida:
Klasterlar va fermer xo‘jaliklari uchun “Respublikamizning shimoliy hududlarida takroriy ekinda soyaning “Orzu” navini etishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha tavsiyalar” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qoraqolpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 25.09.2025 yildagi №02/013-3619-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma bugungi kunda Klaster va fermer xo‘jaliklarida soya navlarini takroriy ekin sifatida etishtirishda muhim ko‘rsatma sifatida xizmat qilmoqda;
Soyaning “Orzu” navi takroriy ekin sifatida Chimboy tumani “O‘raqbay Polat” fermer xo‘jaligida 6,0 gektar, “Dosbergen Qosbergen” fermer xo‘jaligida 4,0 gektar, Qorao‘zek tumani “Dao‘ilko‘l” fermer xo‘jaligida 3,0 gektar, jami 13,0 gektar maydonga joriy qilingan (Qoraqolpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 25.09.2025 yildagi №02/013-3619-son ma’lumotnomasi). Natijada urug‘lar 20-iyun muddatida 90x(60x30)x5-1 tizimda gektariga 444 ming tup nazariy ko‘chat qalinligida ekib ekilganida yuqori samaradorlikka erishilgan;
Soyaning “Orzu” navini 20-iyun muddatida 90x(60x30)x5-1 tizimda gektariga 444 ming tup nazariy ko‘chat qalinligida ekib etishtirish texnologiyasi Chimboy va Qorao‘zek tumanlarida joriy etilgan (Qoraqolpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 25.09.2025 yildagi №02/013-3619-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu texnologiyani qo‘llash orqali rentabellik darajasi 75,8 foizga ko‘tarilib, an’anaviy usulida (60x5-1) ekib etishtirilgan maydonlarga nisbatan 16,7 foizga yuqori bo‘lishiga erishilgan.