Raxmanqulov Bektosh Ilashovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Takroriy ekin sifatida kungaboqar nav va duragaylarining etishtirishning agrotexnologiya elementlarini ishlab chiqish (Zarafshon vohasi sharoitida)”, 06.01.08 - O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Qx1798
Ilmiy rahbar: Mo‘minov Abduvali Akbaralievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.08/2025.27.12.Qx.04.01.
Rasmiy opponentlar: Bobomirzaev Pirnazar Xursanovich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, professor; Yuldasheva Zulfiya Kamalovna, qishloq xo’jaligi fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining sug‘oriladigan o’tloqi bo’z tuproqlari sharoitida takroriy ekin sifatida kungaboqar navlaridan yuqori va sifatli urug‘ hosili etishtirishda ekish tizimlari hamda ma’danli o’g‘itlar bilan oziqlantirish meyorlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Samarqand viloyatining sug‘oriladigan o’tloqi tuproqlari sharoitida kungaboqarning mahalliy “Jahongir”, “Diyor” navlari, xorijiy “Umnik F1” va “Elion F1” duragaylarini takroriy ekin sifatida yuqori va sifatli urug‘ hosili etishtirishda maqbul ekish tizimlari va ma’danli o’g‘itlar bilan oziqlantirish meyorlari aniqlangan;
kungaboqarning xorijiy “Umnik F1” duragayini 60x25-1 tizimida ekilgan, ma’danli o’g‘itlar N150P105K150 kg/ga meyorda qo’llanilgan variantda boshqa nav va duragaylarning 60x25-1 va 60x30-1 tizimida ekilgan, ma’danli o’g‘itlarning N120P80K120, N150P105K150, N180P125K180 kg/ga meyorlari bilan oziqlantirishga nisbatan yuqori samaradorlikka erishilgani isbotlangan;
kungaboqar nav va duragaylari urug‘larini 60x30-1 tizimida ekib, ma’danli o’g‘itlarning N120P80K120 kg/ga meyorlarini qo’llash boshqa variantlarga nisbatan urug‘ning moylilik darajasi 0,4 foizdan 4,5 foizgacha yuqori bo’lishini ta’minlasa, urug‘larni 60x25-1 tizimida ekib, ma’danli o’g‘itlarning N180P125K180 kg/ga meyorini qo’llash har gektar maydondan moy etishtirishni boshqa variantlarga nisbatan 97,3 kg/ga dan 648,8 kg/gacha yuqori bo’lishini ta’minlashi asoslangan.
kungaboqar nav va duragaylari urg‘larini takroriy ekin sifatida turli ekish tizimlarida ekib, ma’danli o‘g‘itlarning turli meyorlari bilan oziqlantirib olingan ko‘rsatkichlarning o‘zaro korrelyasion bog‘lanishlar darajasi o‘rganilganda hosildorlik ko‘rsatkichi bilan savatchadagi urug‘lar soni (r=0,8), savatchadagi urug‘lar vazin (r=0,7), 1000 dona don vazni (r=0,8) o‘rtasida kuchli, gullash dinamikasi (r=0,5), quruq massa miqdori (r=0,5), ko‘k massa hajmi (r=0,6), ildiz tizimning shakllanishi (r=0,5), vegetatsiya davri (r=0,4), o‘rtasida o‘rtacha kuchli, va unuvchanlik (r=0,2), poya balandligi (r=0,2), barg sathi (r=0,3) o‘rtasida kuchsiz korrelyasion bog‘lanishlar borligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Samarqand viloyati sharoitida kungaboqar navlaridan takroriy ekin sifatida ekib, yuqori va sifatli urug‘ hosili etishtirishda urug‘larni ekishning maqbul tizimi va ma’danli o’g‘itlar bilan oziqlantirish meyorlarini ishlab chiqish bo’yicha olib borilgan tadqiqot ilmiy natijalari asosida:
Kungaboqar etishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo’jaliklari uchun “Zarafshon vohasi sharoitida takroriy ekin sifatida kungaboqar etishtirish bo’yicha tavsiyanoma” nomli tavsiyanoma chop etilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo’jaligi vazirligining 2025-yil 12-dekabrdagi 05/05-03-571-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyalar qishloq xo’jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlar, fermer xo’jaliklarida qo’llanma sifatida keng foydalanilmoqda;
Samarqand viloyatining sug‘oriladigan o’tloqi bo’z tuproqlari sharoitida takroriy ekin sifatida kungaboqarning maxalliy “Jahongir”, “Diyor” navlari va xorijiy “Umnik F1”, “Elion F1” duragaylarini turli ekish tizimlarida ma’danli o’g‘itlarning turli meyorlarini qo’llash agrotexnologiyasi 2025 yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumani “Rabbim bobo” fermer xo’jaligida – 11,5 gektar, “Muqaddas yurt iftixori” fermer xo’jaligida – 9,0 gektar, “Ilashev Xushnudbek dalalari” fermer xo’jaligida – 12,0 gektar, “Normamat Dil Nozu Zar” fermer xo’jaligida – 11,0 gektar, Oqdaryo tumani “Abbosxon Shaxnoza dalasi” fermer xo’jaligida – 2,0 gektar, “Oqdaryo G‘ulva dalasi” fermer xo’jaligida – 8,5 gektar,·“Oqdaryo Alimardi dalalari” fermer xo’jaligida – 8,5 gektar, jami 62,5 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo’jaligi vazirligining 2025-yil 12-dekabrdagi 05/05-03-571-sonli ma’lumotnomasi). Natijada agrotexnologik tavsiyalar asosida gektardan o’rtacha 24–30 sentnergacha, har gektardan 4–7 sentner yoki 4,0–5,2 foizgacha qo’shimcha urug‘ hosili olingan. Bu esa bir gektardan 3200–4100 ming so’mgacha daromad olish imkonini bergan hamda yuqoridagi tavsiyalar asosida kungaboqar etishtirishning rentabellik darajasi 54 foizgacha ortganligi qayd etilgan.