Omonboev Fazliddin Lutfiddin o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Granullangan Mg3Sb¬2 turdagi yarimo‘tkazgichning elektrofizik va termoelektrik xossalarini tadqiq etish” 01.04.10–“Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2025.1.PhD/FM1263
Ilmiy rahbar: Mamadalimov Abdugafur Tishabaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.FM/T.15.05.
Rasmiy opponentlar:Gulyamov Gafur, Namangan davlat texnika universiteti, fizika-matematika fanlari doktori, professori. Rasulov Rustam Yavkachovich, Farg‘ona davlat universiteti, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mg3Sb2 nanozarralarini qizdirib biriktirish orqali granullangan Mg3Sb2-turdagi yarimo‘tkazgichlar tayyorlash va uning elektrofizik va termoelektrik xarakteristikalarini nanozarralar birikish mexanizmlariga hamda hajmiy nuqson va lokallashgan kirishmali holatlariga bog‘liqlik qonuniyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: quyidagilardan iborat, ilk bor:
qarshilik vositasida qizdirib biriktirish natijasida sirti oksidlangan nanokompozit qoplamali nanozarralarning donador agregatlaridan tashkil topgan sterjen shaklidagi granullangan Mg3Sb2 yarimo‘tkazgich, mujassamlangan quyosh nurlari dastasi bilan qizdirib biriktirishda esa begona kirishmalardan xoli granullangan Mg₃Sb₂ yarimo‘tkazgich hosil bo‘lishi asoslangan;
sirti nuqsonlar va kirishmali holatlarga ega nanozarralar agregatlari hamda o‘zaro tutashgan nanozarralararo chegara sohalaridan tashkil topgan granullangan Mg3Sb2 yarimo‘tkazgichning tuzilish modeli taklif qilingan va unda kirishmali holatlar hamda nuqsonlarning hosil bo‘lish mexanizmlari kimyoviy reaksiya tenglamalari va kristallografik tuzilishni elektron dasturlar yordamida hisoblash natijalari asosida ochib berilgan;
300–700 K harorat oralig‘ida granullangan Mg3Sb2 yarimo‘tkazgich elektr o‘tkazuvchanligi va zaryad tashuvchilar konsentratsiyasining dastlab kamayib, keyinchalik ortishidan iborat nomonoton bog‘lanish o‘zaro tutashgan nanozarralararo chegara sohalarida nuqsonlar va kirishmali holatlarning shakllanishi bilan bog‘liqligi aniqlangan, shuningdek, kontaktlarga yaqin sohalarda potensial to‘siq balandligi φ ning mos ravishda 0,40 eV dan 0,93 eV gacha hamda 0,40 eV dan 0,644 eV gacha ortishi ko‘rsatilgan;
sterjen shaklidagi granullangan Mg3Sb2 yarimo‘tkazgichda haroratlar farqi 3 K dan 210 K gacha ortganda termo-EYuKning 0,7 mV dan 50 mV gacha, tashqi yuklamadagi chiqish kuchlanishining 0,7 mV dan 40,0 mV gacha va tok kuchining 0,5 μA dan 43,0 μA gacha eksponensial ortishi nanozarralararo chegara sohalaridagi nuqson va kirishmali holatlarda elektron-kovak juftliklarining hosil bo‘lishi bilan bog‘liqligi aniqlangan hamda lokallashgan tuzoqlarning ionlanishi va bartaraf bo‘lishi natijasida Zeebek koeffisientining ortish mexanizmi asoslangan;
nanozarralararo chegara sohalaridagi lokallashgan tuzoqlarning ionlanishi natijasida fononlar transportining susayishi issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffisienti λ ning 300–350 K harorat oralig‘ida 33,17 W/(m·K) dan 12,68 W/(m·K) gacha kamayishiga, lokallashgan tuzoqlarning bartaraf bo‘lishi bilan fononlar transportining jadallashishi esa uning 650 K da 41,43 W/(m·K) gacha ortishiga olib kelishi asoslangan hamda 300–700 K harorat oralig‘ida termoelektrik samaradorlik mezoni ZT ning 0,15 dan 1,3 gacha ortishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Granullangan Mg3Sb2-turdagi yarimo‘tkazgichning elektrofizik va termoelektrik xossalarini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
granullangan Mg3Sb2 yarimo‘tkazgichda harorat ortishi bilan Zeebek koeffisienti va issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffisientining o‘zgarishi, shuningdek, termoelektrik samaradorlik mezoni ZT ning 0,15 dan 1,3 gacha ortishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar MUK-2021-40-son “Keng qamrovli energiyani rejalashtirish va integratsiyalangan qayta tiklanadigan energiya uchun universal baholash usullarini tadqiq etish va qo‘llash” mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasini bajarishda joriy etilgan (Andijon mashinasozlik institutining 2025-yil 25-maydagi 01-03-1141-son ma’lumotnomasi). Natijada ikkilamchi energiya resursi sifatidagi chiqindi issiqlikni elektr energiyasiga aylantirishga mo‘ljallangan yarimo‘tkazgichli energiya o‘zgartirgichlarning termoelektrik parametrlarini kompleks baholash va ularning energiya samaradorligini aniqlash imkoniyati yaratilgan;
granullangan Mg3Sb2 yarimo‘tkazgichda haroratlar farqi 3 K dan 210 K gacha ortganda termo-EYuKning 0,7 mV dan 50 mV gacha o‘zgarishi, shuningdek, nanozarralararo chegara sohalaridagi lokallashgan tuzoqlarning ionlanishi va bartaraf bo‘lishi natijasida issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffisientining 350 K gacha 33,17 W/(m·K) dan 12,68 W/(m·K) gacha kamayib, 650 K da 41,43 W/(m·K) gacha ortishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar “Foton” AJda granullangan yarimo‘tkazgichlarni qarshilik vositasida qizdirib biriktirish jarayonlarini takomillashtirish hamda yarimo‘tkazgichli harorat datchiklarining ish parametrlarini yaxshilashda joriy etilgan (“Foton” AJning 2025-yil 16-dekabrdagi 466-son ma’lumotnomasi). Natijada qizdirib biriktirishning maqbul harorat rejimlarini tanlash, nanozarralararo chegara sohalaridagi issiqlik transportini baholash va yarimo‘tkazgichli harorat datchiklarining funksional parametrlarini yaxshilash imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish