Nazarov Parxod Tajaddinovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Olmaning (Malus sieversii) abiotik omillarga chidamli navlarni yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Qx1605.
Ilmiy rahbar: Abdullaeva Xilola Ravshanovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Akademik Maxmud Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining (seleksiya yutug‘i) ixtiroga patenti: olmaning Sarapayan navi (NAP 446).
II. Tadqiqotning maqsadi olmaning stress omillariga chidamli yangi tezpishar, serhosil, kasalliklarga bardoshli, sanoatbop mahalliy yangi navini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Xorazm viloyati sharoitida analitik seleksiya usullari asosida olmaning mahalliy shakllari orasidan tashqi muhit omillariga, kasalliklarga bardoshli, tezpishar, serhosil sanoatbop navini yaratish uchun birlamchi nihollar ajratib olingan, tanlab olingan urug‘ko‘chatlari hamda 21 ta nav va shakllari morfo-biologik va qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha kompleks o‘rganilib, qiyosiy baholangan;
olmaning tanlab olingan C-3 shakl namunasidan respublikamiz shimoliy mintaqasi tuproq-iqlim sharoitiga mos keladigan, yuqori hosildor, meva sifati yaxshi bo‘lgan “Sarapayan” navi yaratilgan;
yangi yaratilgan Sarapayan navining qurg‘oqchilik (0.92 ball) va issiqlikka chidamlilik (1.03 ball), tuproq sho‘rlanishiga bardoshlilik (0,95 ball) bo‘yicha andoza Golden Delishes va Renet Simirenko navlaridan ustunligi hamda kalmaraz kasalligiga chidamlilik bo‘yicha bir xil natijalarni qayd etganligi aniqlangan;
Sarapayan olma navi andoza navlarga nisbatan yuqori hosildorlik (o‘rtacha 122,9 kg/tup) qayd etganligi hamda yillar davomida yuqori ko‘rsatkichlarni eng ishonchli va barqaror saqlab qolganligi (variatsiya koeffisienti 4,7%) aniqlangan va bu har yili muntazam va kafolatlangan hosil olishni ta’minlashi asoslangan;
Sarapayan olma navi mahalliy va introduksiya qilingan olma navlari bilan asosiy fenologik fazalari muddatlari hamda mevalarining asosiy pomologik ko‘rsatkichlari (o‘lchami, og‘irligi, shakli) bo‘yicha o‘rganilib, qiyosiy baholangan va ustunligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Olmaning (Malus sieversii) tezpishar, atrof-muhitning noqulay sharoitlariga chidamli, yuqori hosildor, sanoatbop seleksion navini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
olmaning O‘zbekiston Respublikasining shimoliy mintaqasi sharoitlariga moslashgan, erkin changlanish yo‘li bilan olingan urug‘ko‘chatlari orasidan “Sarapayan” navi (UZ NAP 446) yaratilgan va 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk agentligi” davlat muassasasi tomonidan patent olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar Milliy markazining 2025-yil 10-maydagi № 05/06-03-186-son ma’lumotnomasi). Natijada, atrof-muhitning noqulay sharoitlariga bardoshli, tuproq sho‘rlanishiga chidamli, yuqori hosildor, sanoatbop yangi nav bilan boyitilgan;
olmaning yangi “Sarapayan” navi Akademik M.Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasida 1,5 gektar maydonda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar Milliy markazining 2025-yil 10-maydagi № 05/06-03-186-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur olma navi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, shuningdek dehqon va tomorqa er egalari uchun tashqi omillarga (qurg‘oqchilik, issiqlik, sho‘rlanish) va kasalliklarga chidamli, har yili hosil berish imkoniyatiga ega yangi olma navi sifatida xizmat qilgan;
olmaning yangi “Sarapayan” navi Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusup” fermer xo‘jaligida – 3,5 gektar, “Bekmetovlar” fermer xo‘jaligida – 2,0 gektar, “Gulmira” fermer xo‘jaligida – 1,0 gektar bog‘ maydonlarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar Milliy markazining 2025-yil 10-maydagi № 05/06-03-186-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu fermer xo‘jaliklari bog‘larida gektaridan 18-20 tonnadan sifatli olma mevasi etishtirish imkonini bergan.