Mamlakatimizda ta’lim va fan sohalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan, 7.07.2026 y. kuni Oliy attestatsiya komissiyasida pedagogika fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar ilmiy kotiblari ishtirokida hamda onlayn tarzda tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 may kuni qabul qilingan “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va amaliyotga tatbiq etilayotgan yangiliklar yuzasida keng ma’lumot berildi.


Xususan, ilmiy kengashlar faoliyatini amaldagi nizomlar talablari asosida tashkil etish, dissertatsiyalar sifatini oshirish, attestatsiya hujjatlarini belgilangan tartib va talablarga muvofiq rasmiylashtirish, yosh tadqiqotchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy attestatsiya jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Yig‘ilish davomida attestatsiya ishlarini taqdim etishda ayrim ilmiy kengashlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklar mavjud dissertatsiya ishlari va attestatsiya hujjatlari misolida tanqidiy tahlil qilindi. Shu bilan birga, mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy-metodik va amaliy tavsiyalar hamda aniq ko‘rsatmalar berildi.
Ta’kidlanganidek, bildirilgan taklif va tavsiyalarning amaliyotga tatbiq etilishi ilmiy kotiblar faoliyati samaradorligini oshirish, attestatsiya jarayonlarini sifat jihatidan yanada takomillashtirish va hujjatlarni belgilangan talablar asosida rasmiylashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mas’ul xodimlar tomonidan batafsil javoblar va huquqiy-amaliy tushuntirishlar berildi.
OAK Axborot xizmati