Xodjayorova Guzal Rustamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «N, N', N'' – tris (β-oksietil) geksagidro –S –triazinning ba’zi metall ionlari bilan supromolekulyar sistemalar hosil qilishning fizik-kimyoviy asoslari», 02.00.04 – Fizik kimyo, 02.00.12 – Nanokimyo, nanofizika va nanotexnologiya (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/K1072.
Ilmiy rahbar: Muxamadiev Nurali Qurbonalievich. kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti huzuridagi PhD.03/2025.27.12.K.09.09 raqamli ilmiy kengash asosida bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ishankulov Alisher Farmonovich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Zufarov Asliddin Mirzabaevich, kimyo fanlari falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: N, N', N'' – tris (β-oksietil) geksagidro-s-triazinning (TETA) ba’zi metall ionlari bilan supromolekulyar tizimli materiallar sintezi va ularning fizik-kimyoviy xossalarini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
s-triazin hosilalari va o‘tish metallarining kationlaridan supramolekulyar tizimli komplekslar hosil bo‘lish imkoniyatlari hamda fotokatalitik faolligi, ularning strukturaviy, geometrik, elektron xossalari va termodinamik kattaliklarini zamonaviy kvant kimyoviy usullar yordamida aniqlangan;
2,4,6-tris(pirid-2-il)-S-triazin va Cu2+ kationi hosil qilgan supramolekulyar tizimning HOMO÷LUMO energetik parametrlari hisoblanib, ∆E = 2,132 eV qiymatga egaligi va u elektron o‘tishlarga qulay energetik zona hosil qilishi hamda optik va katalitik faol material sifatida istiqbolli ekanligi aniqlangan;
TETA ligandining polidentat va tridentat koordinatsion xususiyatlari asosida bir vaqtning o‘zida bir nechta metall markazlari bilan barqaror supramolekulyar bog‘lanishlar hosil qilishi metall–ligand o‘zaro ta’sirining mexanizmi IQ, UV-Vis, NMR va MS spektral tahlillari orqali eksperimental hamda nazariy jihatdan isbotlangan;
supramolekulyar sistemaning hosil bo‘lishida muhit pH qiymati, konsentratsiya va haroratning muhim roli aniqlanib, H2O/EtOH aralash muhitida pH = 5,5÷7.5 va 25÷50 °C oralig‘i optimal sintez sharoit ekanligi isbotlangan;
turli metall ionlari asosida hosil qilingan supramolekulyar sistemalarning fotokatalitik reaksiyalari kinetik jihatdan tahlil qilinib, Ni (II) kationi hosil qilgan tizimning yuqor fotokatalitik faollikka ega ekanligi (K=0,0033 min-1, τ1/2= 210 min) aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1,3,5–tris(β-oksietil) geksagidro-S-triazinning metall ionlari bilan hosil qilgan supramolekulyar tizimlarning amaliyotga tadbiqi natijalari asosida:
1,3,5–tris(β-oksietil) geksagidro-S-triazinning mis (II) ionlari bilan hosil qilgan supramolekulyar sistemasi asosida ishlab chiqilgan fotokatalitik kompozision material O‘zbekiston–Xitoy MChJ “AHMAD ISROIL TEX” qo‘shma korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston–Xitoy MChJ “AHMAD ISROIL TEX” qo‘shma korxonasining 31 may 2025 yildagi 31/05-01-son ma’lumotnomasi). Natijada, supramolekulyar sistema bo‘yoq qoldiqlarining parchalanish tezligini 30÷40% ga oshirishi, shuningdek, reaksiya davomida zararli qo‘shimcha mahsulotlar hosil bo‘lish ehtimolini kamaytirish imkonini bergan;
1,3,5–tris(β-oksietil) geksagidro-S-triazinning rux(II) ionlari bilan hosil qilgan supramolekulyar sistemasi asosida ishlab chiqilgan fotokatalitik kompozision material MChJ “ATUSh MIHNAT TEXTILE” xorijiy korxonasida amaliyotga joriy etilgan (MChJ “ATUSh MIHNAT TEXTILE” xorijiy korxonasining 30 may 2025 yildagi 30/05-01-son ma’lumotnomasi). Natijada, 4–6 soat davomida bo‘yoqlarning 85÷92% gacha parchalanishiga hamda katalizatorni qayta ishlatilish imkoniyati 5 martagacha o‘z faolligini saqlab qolish imkonini bergan.