Urazbaeva Ulbusin Abdullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Eryong‘oq (Arachis hypogaea L.) kolleksiyasining mahalliy va xorijiy nav namunalarini ayrim fiziologik va biokimyoviy xususiyatlarini o‘rganish”, 03.00.07 – O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/B1187.
Ilmiy rahbar: Kurbanbaev Ilxam Djumanazarovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Xorazm Ma’mun Akademiyasi, PhD.05/2025.27.12.B.25.01.
Rasmiy opponentlar: O‘roqov Sirojiddin Xudoyberdievich, biologiya fanlari doktori,professor; Doschanov Jalolbek Saparbaevich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: eryong‘oq (Arachis hypogaea L.) kolleksiyasining mahalliy va xorijiy nav namunalarini ayrim fiziologik va biokimyoviy xususiyatlarini, morfologik hamda qimmatli xo‘jalik ko‘rsatkichlari asosida yuqori hosildor, urug‘ sifati yaxshilangan genotiplarni tanlash va amaliy seleksiya uchun boshlang‘ich manbalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor eryong‘oq namunalarining gullash fazasida bargdagi umumiy suv miqdori, barglarning suv saqlash xususiyati, transpiratsiya jadalligi, bargdagi xlorofill va karotinoid miqdori turlicha bo‘lishi genotip hamda tashqi muhit omillariga bog‘liq holda o‘zgarishi aniqlangan;
xorijiy eryong‘oq namunalari urug‘i tarkibidagi oqsil va moy tarkibi tahlil qilingan hamda turli namunalarda ushbu ko‘rsatkich nisbati turlicha ekanligi aniqlangan;
xorijiy eryong‘oq namunalari urug‘i tarkibidagi almashinmaydigan aminokislotalar miqdori tahlil qilingan hamda turli namunalarda inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan Treonin, Valin, Metionin, Gistidin, Izoleysin, Leysin, Triptofan, Fenilalanin va Lizin kabi aminokislotalar miqdori yuqori bo‘lgan eryong‘oq genotiplari ajratib olingan;
hosildorlikning muhim elementlari bo‘lgan 1000 ta urug‘ og‘irligi, bitta o‘simlikdagi dukkak va urug‘ soni hamda bitta o‘simlikdagi dukkak va urug‘ og‘irligi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan eryong‘oq nav namunalari tanlab olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Eryong‘oq (Arachis hypogaea L.) kolleksiyasining mahalliy va xorijiy nav namunalarini ayrim fiziologik va biokimyoviy xususiyatlarini o‘rganish asosida yuqori hosildor hamda urug‘ sifati yaxshilangan genotiplarni ajratib olish va amaliy seleksiya uchun boshlang‘ich manbaalar yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
eryong‘oq (Arachis hyupogea L.) ning xorijiy ayrim PL#1 (Hindiston), Var Cuba (Yaponiya), Philippine Pink (Portugaliya) va Virginia Improved (Isroil) namunalarining qimmatli-xo‘jalik, fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari yuqori ekanligi aniqlangan va O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot institutining “Qishloq xo‘jalik ekinlari genetik resurslari” Milliy Genbankiga samarali genotiplar sifatida taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 2 iyundagi 05/06-04-312-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu qimmatli-xo‘jalik, fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari yuqori bo‘lgan eryong‘oq namunalarini genetik-seleksion tadqiqotlarda boshlang‘ich manbaa sifatida tavsiya etish hamda eryong‘oq kolleksiyasi xilma-xilligini yanada boyitish imkonini bergan;
eryong‘oq namunalarini kompleks baholash asosida yuqori hosildor, doni yirik, sifati yaxshi, qimmatli xo‘jalik belgilari yuqori bo‘lgan yangi “Polvon” navi Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi “LEXION AGROTEX” MChJ hamda Parkent tumanidagi “Boyqozon agro zamin” fermer xo‘jaliklarida jami 2,0 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 2 iyundagi 05/06-04-312-son ma’lumotnomasi). Natijada, eryong‘oqning “Polvon” navi sinov tariqasida ekib gektaridan o‘rtacha 22 sentnerdan hosil olishga erishilgan hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadigan qishloq xo‘jalik ekinlarini to‘g‘ri tanlash imkonini bergan.