Tajieva Galiya Ruslanovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Semikarbazid va xinaldin kislota bilan oraliq metallarning komplekslari sintezi, fizik-kimyoviy tadqiqoti», 02.00.01 - Noorganik kimyo, 02.00.04 - Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/K920. 
Ilmiy rahbarlar: Ibragimova Mavluda Ruzmetovna, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim; Ibragimov Aziz Baxtiyorovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘z R FA Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.K.01.13.M.
Rasmiy opponentlar: Kadirova Zuxra Chingizovna, kimyo fanlari doktori, professor; Djumanazarova Zulfiya Kojaboevna, kimyo fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Tadqiqotning maqsadi o‘tish metallarining semikarbazid, xinaldin kislotasi bilan yangi koordinatsion birikmalarini sintez qilish va ularning tarkibi, tuzilishi, xossalarini o‘rganishdan iborat.  
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ilk bor semikarbazid va xinaldin kislotasi bilan Cr(II), Fe(II), Co(II), Ni(II), Cu(II), Cd(II) ionlarining 10 ta yangi koordinatsion birikmalari sintez qilindi; ularning monokristallari olindi va bu orqali rentgenostruktur tahlil asosida fazoviy tuzilishi aniqlangan;
Rentgenostruktur tahlil va Kembrij kristallografik ma’lumotlar bazasi (CCDC) ma’lumotlari bilan qiyoslash asosida ilk bor [Cu(SO₄)(SCZ)₂]ₙ koordinatsion polimeri hamda {[Fe₂(quin)₄(H₂O)₄(H-Quin)]·4H₂O} kompleksining izostruktur analoglari mavjud emasligi aniqlangan. [Cu(SO₄)(SCZ)₂]ₙ tarkibli komplekslarda sintez muhitining (monoetanolamin va sut kislotasi) o‘zgarishi kristall tuzilishining tubdan farqlanishiga olib kelishi aniqlandi: bir holatda bir o‘lchamli polimer zanjirli tuzilma hosil bo‘lsa, boshqa holatda diskret molekulyar birikma shakllanadi;
Kvant-kimyoviy modellashtirish usullari (DFT/B3LYP) yordamida markaziy metall ionining tabiati bilan xinaldin kislotasi komplekslarining elektron tuzilish parametrlari (HOMO–LUMO energetik farqi, dipol moment, qutblanuvchanlik va giperqutblanuvchanlik) o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlandi. Metallning elektron konfiguratsiyasining o‘zgarishi molekula ichidagi zaryad ko‘chishining kuchayishiga olib kelishi ko‘rsatilgan;
Xirshfeld yuzasi tahlili yordamida komplekslarning kristall tuzilishidagi molekulalararo o‘zaro ta’sirlar o‘rganilib, gomogen va geterogen atomlararo kontaktlarning molekulani barqarorlashtirishdagi roli aniqlangan;
Termik tahlil va Freeman–Carroll usuli asosida kompleks birikmalarning parchalanish kinetik parametrlari (faollanish energiyasi va reaksiyaning tartibi) aniqlandi hamda HOMO–LUMO elektron tuzilishi, termik barqarorlik va reaksion qobiliyat o‘rtasidagi bog‘liqlik ko‘rsatilgan;
 Konduktometriya usuli yordamida tadqiq qilingan komplekslarning aksariyati noelektrolit xususiyatga ega ekani aniqlandi; shuningdek, koordinatsion zarrachalar hosil bo‘lishi ionlar harakatchanligi va molyar elektr o‘tkazuvchanlikning kamayishiga olib kelishi, bu esa ularning termik barqarorligi ortishi bilan bog‘liqligi ko‘rsatilgan;
Biologik faollikni qiyosiy o‘rganish natijasida sintez qilingan metallokomplekslar boshlang‘ich ligandlarga nisbatan yuqori antibakterial faollikka ega ekani va past darajadagi prognoz qilingan toksiklik bilan tavsiflanishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Semikarbazid, xinaldin kislotasi asosida yangi metallokompleks birikmalar sintezi, tarkibi va tuzilish xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
olingan komplekslarning sintezi, kristall tuzilishi va biologik faolligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida [Cu(SO4)(SCZ)2]n, [Ni(quin)2(H2O)2]·2H2O, [Fe(quin)2(H2O)2] va [Cr(quin)2(H2O)2] komplekslarining rentgen strukturaviy tahlil natijalari Kembrij kristallografik ma’lumotlar bazasiga (CCDC: 2213165, 2340964, 2340796, 2340795) kiritildi. Natijada, ushbu ma’lumotlar bazasiga kiritilgan birikmalar shu turdagi yangi koordinatsion birikmalarni sintez qilishda, mumkin bo‘lgan bog‘lanish turlarini oldindan aniqlashda hamda ularning tuzilishini tavsiflash uchun ishonchli kristallografik ma’lumotlar bazasi yaratildi; 
sintez qilingan kompleks birikmalarning kristall tuzilishi hamda fizik-kimyoviy xossalariga oid natijalardan O‘z RFA Umumiy va noorganik kimyo instituti FZ-20200929348-sonli “Fenol kislotalari asosidagi supramolekulyar komplekslarning tuzilishi bilan ularni o‘simliklarni abiotik va biotik salbiy ta’sirlardan himoya qilish xususiyatlarini o‘rtasidagi bog‘liqlikni tadqiq qilish” (2022–2026 yy.) fundamental loyihasi doirasida olib borilgan ilmiy izlanishlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 2026 11-martdagi 4/1255-656-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Cr(II), Fe(II), Co(II), Ni(II), Cu(II), Cd(II)  ionlarining  xinaldin kislotalasi va semikarbazid bilan olingan komplekslarining kristall tuzilishlaridan loyiha doirasida olingan birikmalarning tuzilishini aniqlashda foydalanilgan. Olingan ilmiy natijalar esa istiqbolli biostimulyatorlar yaratish va ularning xossalarini baholashga oid tadqiqotlarda qo‘llash imkonini berdi.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish