Eshdavlatov Zarifjon Zafar o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yoriq – g‘ovak muhitda anomal modda ko‘chirish masalalarini echish (Reshenie zadach anomal`nogo perenosa veshhestva v treshhinovato–poristix sredax)”.
01.02.05 – “Suyuqlik va gaz mexanikasi” (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/FM800.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Xo‘jayorov Baxtiyor Xo‘jayorovich, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, fizika matematika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.FM/T.09.03
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Nazarov Umarali Abduvaxobovich, fizika matematika fanlari doktori, dotsent; Djabbarov Mamasoli Sodiqovich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Yoriq-g‘ovak muhitning fraktalligini, adsorbsiya hodisalarini, anomal diffuziyani hisobga olgan holda, yoriq-g‘ovak muhitda moddalarning anomal ko‘chishi va suyuqlik harakatining matematik modellarini takomillashtirish, shuningdek, masalalarni sonli echish uchun samarali algoritmlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
muhitning fraktalligini hisobga olgan holda modda ko‘chishi masalalari echilgan va yoriq-g‘ovak muhitning fraktal tuzilishi va anomal modda ko‘chish xususiyatlarining jarayon dinamikasi, konsentratsiya taqsimoti hamda ko‘chish parametrlariga ta’siri baholangan;
bitta yoriq va unga qo‘shni g‘ovak blokdan tashkil topgan yoriq-g‘ovak muhit elementida muvozanat va nomuvozanat adsorbsiya hodisalarini hisobga olgan holda moddaning anomal ko‘chishi modellari kasr hosilali differensial tenglamalar yordamida takomillashtirilgan;
fraktal strukturali yoriq-g‘ovak muhit elementida modda ko‘chishi masalasi adsorbsiya hodisasini hisobga olgan holda qaralgan hamda adsorbsiya hodisasi modda konsentratsiyasining taqsimlanish jarayonining umumiy sekinlashishiga, ya’ni retardatsion effektlarga olib kelishi aniqlangan;
yoriq-g‘ovak muhit elementida aktiv moddalarning ko‘chirishda moddaning tog‘ jinsi bilan kimyoviy reaksiyasi ta’sirida g‘ovak blokning g‘ovakligi o‘zgarishi, bu esa ko‘chish jarayonlarini jadallashtirishi aniqlangan;
yoriq-g‘ovak muhitda aktiv modda ko‘chishi jarayonida tog‘ jinsining erimaydigan zarralari ajralib chiqishi natijasida g‘ovak va yoriqlarning kolmatatsiyaga uchrashi filtratsion xossalar hamda modda almashinuvi intensivligini pasaytirib, aktiv moddaning muhit bo‘ylab tarqalishini cheklashi va natijada tog‘ jinsining erish samaradorligini sezilarli darajada kamaytirishi baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Modda ko‘chish jarayonlarining matematik modellari, sonli usullari va yoriq-g‘ovak muhit elementidagi anomaliklarni hisobga oluvchi algoritmlar asosida:
«Aralash turdagi tenglamalar uchun xarakteristika va buzilish chizig‘ida Frankl va Bisadze-Samarskiy shartlari berilgan masalalar korrektligini noklassik singulyar integral tenglamalarga olib kelib o‘rganish» (Termiz davlat universiteti, 2024-yil 17-oktyabrdagi ma’lumotnoma) fundamental granti doirasida chegaraviy va xarakteristik chiziqlarda noodatiy shartli masalalarni echish uchun kasr tartibli xususiy hosilali tenglamalarni sonli echish algoritmlari joriy qilingan. Natijada aralash tipdagi tenglamalarning singulyar nuqtalari va sinish chiziqlaridagi kompleks shartlarni o‘rganishda singulyar integral tenglamalar va kasr tartibli differensial tenglamalar echimlarini samarali tavsiflash, shuningdek, sinish chizig‘ida aralash tipdagi tenglamalarning xarakteristikalari va Frankl hamda Bisadze-Samarskiy shartlariga ega bo‘lgan masalalarning korrektligini samarali o‘rganish, ularni noklassik singulyar integral tenglamalarga keltirish va ish, mehnat sarfini 7% ga tejash imkonini bergan;
- Yoriq-g‘ovak muhitda moddaning anomal ko‘chish jarayonini tavsiflovchi kasr differensial tenglamalar uchun masalaning sonli echimiga hisoblash algoritmi va dasturiy mahsulot kasr differensial tenglamalar masalasini echish uchun No.GP-150/2023 grant bo‘yicha tadqiqotlarda qo‘llanildi (Qirol Abdul Aziz universiteti, Saudiya Arabistoni, 2025-yil 27-martdagi ma’lumotnoma). Sonli algoritm va dasturiy ta’minotdan foydalanish er osti qatlamlarida radioaktiv moddalarning tarqalishini masofasini bashorat qilish va ko‘chgan modda miqdorini baholash hamda hisoblash vaqtini 1,7 marta qisqartirish imkonini bergan.