Djuraev Sherzod Sobirjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Havoni zararli iflos aralashmalardan tozalovchi yuqori ish unumli yangi konstruksiyadagi multisiklon qurilmasini yaratish” 05.02.03–Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari ixtisosligi bo‘yicha (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/T941
Ilmiy maslaxatchi: Sharibaev Nosir Yusupjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.T.15.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muxamadiev Davlat Mustafoevich, texnika fanlari doktori, professor, Rosulov Ruzimurad Xasanovich, texnika fanlari doktori, professor, Muradov Rustam Muradovich texnika fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yangi konstruksiyadagi energiya tejamkor, yuqori ish unumli, multisiklon qurilmasini yaratish orqali havoni zararli iflos aralashmalardan tozalash samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘p vorteksli oqimlarni barqarorlashtiruvchi sirkulyasiya kanallarini qo‘llash orqali yuqori ish unumiga ega bo‘lgan havo tozalash multisiklonining yangi konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
takomillashtirilgan chang konsentratsiyasini aniqlash tizimi, havo ventilyatori, shnekli chiqarish mexanizmi va shtokli filtrlashni boshqaruvchi texnologiya asosida chang konsentratsiyasi miqdoriga bog‘liq holda kiruvchi havo oqimini boshqaruvchi avtomatik rostlash uskunasi yaratilgan;
multisiklon qurilmada chang zarralarini aerodinamik harakatida zarracha radiusi, tezlik va burchak tezlik parametrlariga bog‘liq differensial tenglamalar asosida siklon ichida zarrachaning spiral tarzda devorga qarab harakatlanishining nazariy modeli yaratilgan;
takomillashtirilgan saffman modellari asosida taklif etilayotgan yangi konstruksiyadagi multisiklon ishchi yuzalariga ta’sir etuvchi yuklanish ta’sirida paydo bo‘ladigan kuchlanish, siljish hamda deformatsiya kuchlari qiymatlarini aniqlashning motematik modeli ishlab chiqilgan;
multisiklon qurilmasida chang zarrachalarini ajratish jarayonining aerodinamik qonuniyatlarini aniqlovchi qurilma hajmi bo‘ylab oqim tezligining taqsimlanishi asosida chang yig‘ish samaradorligi hamda ishchi qismlarda hosil bo‘ladigan bosim miqdori o‘rtasidagi funksional bog‘liqlikni aniqlashni nazariy modeli yaratilgan;
multisiklon qurilmasi ishchi qismlarining optimal joylashuv parametrlarini aniqlashga mo‘ljallangan siklonga kiruvchi havo oqimi tezligi, siklonlarning havo kirish quvuriga nisbatan burchak ostida joylashuvi hamda havo filtr quvuri diametri qiymatlarini randomizatsiya qilish asosida ishchi qismlarning joylashuv parametrlarini optimallashtirish modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Havoni zararli iflos aralashmalardan tozalovchi yuqori ish unumli yangi konstruksiyadagi multisiklon qurilmasini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy-amaliy natijalar asosida:
yangi konstruksiyadagi multitsiklon qurilmasi “Namangan paxta teks” MChJga qarashli Kosonsoy paxta tozalash korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2025 yil 7 noyabrdagi 02/06-2648-son ma’lumotnomasi). Natijada, paxtani dastlabki qayta ishlash korxonalarida havoni zararli iflos aralashmalardan samarali ajratib olish imkoniyati yaratilgan;
takomillashtirilgan multitsiklon qurilmasining ishchi organlari va konstruktiv parametrlari korxona sharoitiga moslashtirilgan holda joriy etilgan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2025 yil 7 noyabrdagi 02/06-2648-son ma’lumotnomasi). Natijada, atmosferaga chiqarilayotgan chang miqdorini 20–30 foizgacha kamaytirish, chang konsentratsiyasini 2,5 barobar pasaytirish imkoniyati ta’minlangan;
yangi konstruksiyadagi multitsiklon qurilmasida siklonlarni gorizontal o‘qqa nisbatan 10° burchak ostida o‘rnatish va filtr quvuri diametrini 200 mm etib tanlash bo‘yicha aniqlangan maqbul parametrlar ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2025 yil 7 noyabrdagi 02/06-2648-son ma’lumotnomasi). Natijada, havo harorati 10°C bo‘lgan sharoitda havoni tozalash samaradorligini 98,3 foizga etkazishga erishilgan;
multitsiklon qurilmasida changli havo oqimini yo‘naltirish, tolali chiqindilarni ushlab qolish va ularni ishlab chiqarishga qayta yo‘naltirishga qaratilgan konstruktiv echimlar Kosonsoy paxta tozalash korxonasi sharoitida joriy etilgan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2025 yil 7 noyabrdagi 02/06-2648-son ma’lumotnomasi). Natijada, korxona ishchilari va korxona atrofida yashovchi aholi salomatligiga ta’sir etuvchi zararli chang konsentratsiyasini kamaytirish, chang ushlagichlarning tozalash samaradorligini oshirish hamda chiqindiga chiqib ketadigan tolali chiqindilarni qayta ishlab chiqarishga berish imkoniyati yaratilgan.