Maxmudova Muazzam Sobir qizining
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Porey piyozi (Allium porrum L.)ning qimmatli xo‘jalik belgilariga ega nav namunalarini tanlash va navini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy qilish”, 06.01.05 - Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/Qx1890.
Ilmiy rahbar: Xamdamova Elnura Iskandarovna, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, dotsent.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti, PhD.03/2025.27.12.Qx.14.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining (seleksiya yutug‘i) ixtiroga patenti: porey piyozning “Ekskalibur” navi (NAP 624).
II. Tadqiqotning maqsadi qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan, porey piyozining nav namunalarini tanlash va yangi navini yaratish hamda birlamchi urug‘chiligini tashkil etishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
respublikamizning markaziy mintaqa (Samarqand viloyati) iqlim sharoitida porey piyozining chetdan introduksiya qilingan “Merlin”, “Bandit”, “Goliaf”, “Forrest”, “Mamont”, “BIN 20”, “Tango”, “BGSN 62”, “Xobot slona”, “UGH 223”, “Alligator”, “Russkiy razmer” va “K - 104” nav namunalarining morfobiologik va qimmatli xo‘jalik belgilari baholangan;
porey piyozining kolleksiya nav namunalarining kompleks belgilari bo‘yicha ertapishar bo‘lgan 8 ta, BGSN 62 (81 kun), BIN 20 (92 kun), Alligator (105 kun), UGH 223 (115 kun), Forrest (119 kun), Tango (130 kun), Goliaf (123 kun), Russkiy razmer (121 kun) nav namunalarida birinchi terimgacha bo‘lgan davr 81 - 130 kun bo‘lgan bo‘lsa, andoza “Merlin” navida esa 140 kun bo‘lganligi kuzatildi, bu esa andoza navga nisbatan 10 - 59 kungacha ertagi ekanligi aniqlangan;
porey piyozining kolleksiya nav namunalarining yuqori hosildor bo‘lgan 5 ta jumladan, UGH 223 (96,6 t/ga), Forrest (88,6 t/ga), K - 104 (87,6 t/ga), BIN 20 (85,2 t/ga) va BGSN 62 (83,5 t/ga) nav namunalari ajratib olindi hamda umumiy hosildorligi 83,5 - 96,6 t/ga bo‘lib andoza “Merlin” (56,8 t/ga) naviga nisbatan 26,7 - 39,8 t/ga yoki 47 - 70 foizgacha yuqori ekanligi isbotlangan;
porey piyozining kolleksiya nav namunalarini etishtirishda eng yuqori rentabellikka ega bo‘lgan UGH 223 (188,1 %), BIN 20 (159,12 %) va K - 104 (158,2 %) nav namunalari tanlab olingan bo‘lib, ushbu nav namunalarida rentabellik miqdori andoza “Merlin” (73,69 %) naviga nisbatan 84,51 - 114,41% gacha yuqori ekanligi aniqlangan;
porey piyozining ertapishar, hosildorligi va hosil sifati yuqori yangi “Ekskalibur” navi yaratilgan hamda Intellektual mulk agentligidan seleksiya yutug‘iga NAP 624 raqamli patent olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kam tarqalgan porey piyozining qimmatli xo‘jalik belgilariga ega nav namunalarini tanlash va navini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy qilish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
Porey piyozi (Allium porrum L.) ning yangi “Ekskalibur” navi Samarqand viloyatida jami 9.8 gektar maydonda jumladan, Urgut tumanidagi “Nurmat Xamro Oltin Zamin barakasi” fermer xo‘jaligida 1,1 gektar maydonga, “Baxodir Baxrom Ravot Raxmon” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar, “Jamoliddin Axmedov Farida Nurlari” fermer xo‘jaligida 1,3 gektar jami tuman bo‘yicha 3.4 gektarda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan 2026 - yil 8 - mayda berilgan 05/06 - 04 - 474 - son ma’lumotnomasi). Natijada, porey piyozining “Ekskalibur” navidan tumandagi “Jamoliddin Axmedov Farida Nurlari” fermer xo‘jaligida gektaridan o‘rtacha 59,5 tonna hosil olinib, porey piyozining “Merlin” naviga nisbatan 28,5 t/ga yuqori bo‘lgani holda rentabellik darajasi 191,2 foizga ko‘tarilishiga hamda gektaridan 104,9 mln so‘m sof daromad olishga erishilgan;
Bulung‘ur tumanidagi “Baxtiyor Xayitov Bulung‘ur BXB” fermer xo‘jaligida
1,0 gektar, “Xabiev Shoxrux Eri” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar, “Ibragimov Abdurashit dalasi” fermer xo‘jaligida 1,1 gektar jami tuman bo‘yicha 3.1 gektarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan 2026 - yil 8 - mayda berilgan 05/06 - 04 - 474 - son ma’lumotnomasi). Natijada, porey piyozining “Ekskalibur” navidan Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani “Baxtiyor Xayitov Bulung‘ur BXB” fermer xo‘jaligida gektaridan o‘rtacha 59,2 tonna hosil olinib, porey piyozining “Merlin” naviga nisbatan 28,8 t/ga yuqori bo‘ldi va rentabellik darajasi 190,9 foizga oshdi;
Jomboy tumanidagi “Ravshan” fermer xo‘jaligida 1,2 gektar, “E’zoza Xudoyqulova dalasi” fermer xo‘jaligida 1,3 gektar, “Jongeldi” fermer xo‘jaligida 0,8 gektar, tuman bo‘yicha jami 3,3 gektar maydonga amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan 2026 - yil 8 - mayda berilgan 05/06 - 04 - 474 - son ma’lumotnomasi). Natijada, porey piyozining “Ekskalibur” navidan Samarqand viloyati Jomboy tumani “E’zoza Xudoyqulova dalasi” fermer xo‘jaligida gektaridan o‘rtacha 59,7 tonna hosil olinib, porey piyozining “Merlin” naviga nisbatan 28,2 t/ga yuqori bo‘lgani holda rentabellik darajasi 192,9 foizga ko‘tarilishiga erishildi hamda gektaridan 105,5 mln so‘m sof daromad olindi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish