Mirametova Nadira Purxanatdinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Orolbo‘yi mintaqasi sharoitlariga bolalar organizmi adaptiv reaksiyalarining ekofiziologik xususiyatlari», 03.00.10 – Ekologiya, 03.00.08 - Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/B294.
Ilmiy maslahatchilar: Mambetullaeva Svetlana Mirzamuratovna, biologiya fanlari doktori, professor; Esimbetov Adilbay Tlepovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/2025.27.12.V.14.02.
Rasmiy opponentlar: Aimbetov Nagmet Kallievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, akademik; Pozilov Ma’murjon Komiljonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Jiemuratova Gulparshin Koshkinbaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bolalar organizmini Orolbo‘yi sharoitlariga adaptiv reaksiyasining ekofiziologik xususiyatlarini kompleks baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagicha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi turli yosh guruhlaridagi bolalarning kasallanishiga ta’sir ko‘rsatadigan modifikatsiyalovchi ekologik omillar aniqlangan;
adaptatsiya indeksi asosida turli yoshdagi bolalarning yashash joyiga nisbatan adaptiv reaksiyalarining mintaqaviy ekofiziologik xususiyatlari aniqlangan;
mintaqa sharoitlariga qarab qizlarda asab tizimining simpatik bo‘limi va o‘g‘il bolalarda parasimpatik bo‘limining kuchaygan faollashuvi fonida shakllanadigan bolalar organizmining adaptiv reaksiyalari aniqlangan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati bolalarida u yoki bu toksik elementning to‘planishini tavsiflovchi hayotning ekologik xususiyatlari asosida sochlarning makro- va mikroelement tarkibi aniqlangan;
birinchi marotaba yashashning ekologik sharoitlariga (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati) bog‘liq holda adaptatsiya darajalarini (aniq kuchlanish, holdan toyish yoki adaptatsiyaning buzilishi, nazoratni talab qilishi) aniqlaydigan xarita-sxema ishlab chiqilgan;
turli patologik holatlarga ega bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilishning kompleks dasturi ilmiy jihatdan asoslangan va yashash joyidagi mintaqaviy ekologik sharoitlar bola organizmining adaptatsiya darajasiga ta’sirini kamaytirish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan;
ilk bora mintaqada ekoanalitik tizim asosida Orolbo‘yi bolalari salomatligi va atrof-muhit omillarining o‘zaro ta’sirini tahlil qilish metodikasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Orolbo‘yi mintaqasi sharoitlariga bolalar organizmi adaptiv reaksiyalarining ekofiziologik xususiyatlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
salomatlik darajasini baholash metodikasini yanada takomillashtirish bo‘yicha funksional ko‘rsatkichlarni hamda hayot sifatini baholashga asoslangan «salomatlik optimumi» integratsiyalashgan mezoni asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati misolida Orolbo‘yi mintaqasining noqulay ekologik sharoitida istiqomat qiluvchi bolalar salomatligiga ekologik omillarning salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025-yil 10-dekabrdagi 01/9550-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, hayot sifati bo‘yicha olingan natijalar profilaktik, sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari samaradorligini baholashda me’yoriy ko‘rsatkichlar sifatida muvaffaqiyatli foydalanish imkonini bergan;
Orolbo‘yi mintaqasi ekologik sharoyitidagi bolalar aholisi salomatligini yaxshilash bo‘yicha o‘zaro aloqalarni tahlil qiluvchi ekoanalitik tizim metodika asosida ekologik vaziyatlarni modellashtirish, aniq korrelyasiya va integral ko‘rsatkichlarni aniqlash va bolalarda makroelementlar muvozanatini baholash asosida hududiy makroelementlar pasportini tuzishda mintaqa bo‘yicha bolalar mikronutrient disbalansini korreksiyalash bo‘yicha amaliy tavsiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 10 dekabrdagi 02-01/18-4426-son ma’lumotnomasi). Natijada, tavsiya etilgan model Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati bolalar va o‘smirlar aholisining salomatligini bashorat va korreksiya qilish uchun me’yoriy ko‘rsatkichlar sifatida foydalanish imkonini bergan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati misolida Orolbo‘yi mintaqasining ekologik vaziyatini bolalar aholisining yashash muhiti sifatida tavsiflash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tekshirilgan bolalarda nuqsonlarni korreksiyalash bo‘yicha ilmiy asoslangan usullar va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishda amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 23 yanvardagi 03/04-3-32-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ekologik vaziyatlarni modellashtirish, aniq korrelyasion va integral ko‘rsatkichlarni aniqlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati bolalarida adaptiv reaksiyalarning o‘ziga xos xususiyatlarini qiyosiy tahlil qilish va ulardan salomatlik holatiga ta’sir ko‘rsatuvchi atrof-muhit omillarining rolini tavsiflash uchun me’yoriy ko‘rsatkichlar sifatida foydalanish imkonini bergan.