Maxsudov Qodirjon Solijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Gipsli bo‘z tuproqlarning hozirgi ekologik-meliorativ holati, biogeokimyosi va unumdorligi (Janubiy Farg‘ona misolida), 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/V1659.
Ilmiy rahbar: Yuldashev G‘ulom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.B.10.07.
Rasmiy opponentlar: Abakumov Evgeniy Vasilevich, biologiya fanlari doktori, professor; Sobitov O‘lmasboy Tojaxmedovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim;
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: gipsli bo‘z tuproqlarning xossa-xususiyatlarini, tarkibidagi kimyoviy elementlar hamda ularning biogeokimyoviy xususiyatlarini aniqlash, gips miqdori va shakllari, qatlam qalinligi va chuqurligini hisobga olgan holda gipsli tuproqlarni baholash hamda ulardan samarali foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Janubiy Farg‘ona adirlaridagi gipsli bo‘z tuproqlarning 1985-1986 va 2025-yillardagi ko‘p yillik qiyosiy tahlillari natijasida gips qatlamining vertikal taqsimlanish natijalariga ko‘ra, ayrim adir tuproqlarida gips qatlamining boshlanish chuqurligi nisbatan yuzaga yaqinlashganligi kuzatilgan (ilgari asosan 32-36 sm va undan chuqur qatlamlarda uchragan gips hozirgi davrda 15-25 sm qatlamlarda qayd etilgan), bu holat adir tuproqlarida eroziya jarayonlari, tuproqning ustki qatlamining yuvilishi va tuproq profilida moddalarning qayta taqsimlanishi bilan bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslab berilgan;
gipsli qatlamning chuqurligi, uning qalinligi va gips miqdori bilan tuproqning suv-fizik xususiyatlari, namlik bosimi (pF), namlik koeffisienti (Nk) va nisbiy namlik (Rh) ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi korrelyativ bog‘lanish aniqlangan;
gipsli tuproqlarda gumus, fosfor va kaliy miqdorlarining uzoq muddatli dinamikasi ilmiy jihatdan baholanib, 40 yil davomida gumusning 28%, fosforning 25%, kaliyning 18% ga kamaygani aniqlangan hamda ushbu o‘zgarish gipslashganlik darajasi bilan bog‘liqligi ilmiy asosda isbotlangan;
Janubiy Farg‘onadagi Polvontosh, Quva, Quvasoy va Chimyon adir tuproqlarining unumdorlik holati bonitirovka usuli orqali baholangan, tadqiqot natijasida bonitet ballari aniqlanib, ularning hozirgi unumdorlik darajasi va agroekologik toifalari belgilangan;
gipsli tuproqlarda makro va mikroelementlarning biogeokimyoviy xossalari gipsli qatlamning qalinligi va morfologik tipi bilan bog‘liq ekanligi ilmiy jihatdan asoslanib, Ca>Sr>Ba>Mn tizimidagi geokimyoviy tendensiyalar ochib berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Gipsli bo‘z tuproqlarning xossa-xususiyatlari va ulardan samarali foydalanishning ilmiy asoslari bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
“Janubiy Farg‘ona adirlarida tarqalgan gipsli bo‘z tuproqlar va ulardan samarali foydalanish” nomli ilmiy-amaliy tavsiyanoma ishlab chiqilgan va qishloq xo‘jaligi amaliyotida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026 yil 28 yanvardagi 05/05-04-71-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tavsiyalar gipsli tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini qayta tiklash va ulardan samarali foydalanish, agrotexnik tadbirlar olib borish hamda er resurslaridan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilashda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
Farg‘ona viloyati Quva tumanining “Qurbon-Boqijon” nomli fermer xo‘jalik uchun 1:5000 masshtabli gips qatlam boshlanish chuqurligi va gips qatlam qalinligi kartogrammalari tuzilgan va adir mintaqasi er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026 yil 28 yanvardagi 05/05-04-71-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur kartografik materiallar massivdagi foydalanuvchi subektlar, agroklasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklarida gips qatlam boshlanish chuqurligi va gips qatlam qalinligini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va boshqa agrotexnik tadbirlar to‘g‘ri belgilash imkonini bergan.