Toxirov Nurbek Xolmirzaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: 05.06.02–To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish - “Trikotaj matolari uchun iplarning deformatsion xossalarini inobatga olgan holda loyihalashning nazariy va amaliy tadqiqi”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2023.3.PhD/T3969
Ilmiy rahbar: Erkinov Zokirjon Erkinboy o‘g‘li, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.27.12.T.15.03
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Jamshid Qambaralievich, texnika fanlari doktori, dotsent; Maxkamova Shoira Faxriddinovna, texnika fanlari falsafa doktori, dotsent
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat texnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Trikotaj matolari uchun iplarning deformatsion xossalarini inobatga olgan holda loyihalashning nazariy va amaliy tadqiqi asosida sifatli trikotaj iplari ishlab chiqish va buning uchun halqali yigirish mashinasi qismlarini takomillashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
halqali ip yigirish jarayonida hosil bo‘ladigan ballon balandligini 1/4 qismigacha kichraytirish imkonini beruvchi, halqali planka harakatini nazorat qiluvchi takomillashtirilgan kulachok konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
ip shakllanish jarayonida ballon balandligini kichraytirilishi hisobiga uning taranglik bo‘yicha notekisligini va yugurdakning ishqalanish koeffisientini kamaytirish imkonini beruvchi takomillashtirilgan texnologik usul ishlab chiqilgan;
halqali yigirish mashinasida ipning ballon shakli va bo‘ylama tarangligini aniqlash uchun aylanuvchi koordinatalar sistemasida elliptik integrallar va elliptik sinuslar yordamida echiladigan differensial tenglamalar tizimi ishlab chiqilgan;
yugurdakdagi ipning sirpanib harakatlanishi jarayonida ipni silindrsimon sirt bo‘ylab harakatlanishining Amonton va Eyler qonunlariga asoslangan, elastik egilishdan kelib chiqadigan qo‘shimcha taranglik o‘zgarishini inobatga oluvchi fizik-matematik modeli ishlab chiqilgan;
Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat:
ipning shakllanishida ballon balandligini kichrayishi hisobiga uning taranglik bo‘yicha notekisligini kamaytirish erishilgan buning hisobiga yugurdakning ishqalanish koeffisientini kamaytirilgan;
halqali yigirish mashinasida ip shaklanishida ballon shaklini kichraytirish hisobiga ip uzilishlar sonini kamaytirishga erishilgan;
ballonning shaklini o‘zgarishi natijasida ip tarangligini rostlash hisobiga yugurdakning ishlash muddatini oshirishga va shuning natijasida mashina ish unumdorligini oshirishga erishilgan;
mashinada ip uzilishlar sonini kamaytirish, ballon formasini o‘zgartirish hisobiga ipdagi taranglikni rostlash hisobiga ipga ta’sir ko‘rsatadigan zo‘riqish va taranglikni kamayishi hisobiga ip strukturasini o‘zgartirishi aniqlangan;
mavjud modifikatsiyadagi halqali yigirish mashinalarida takomillashtirishni amalga oshirish hisobiga deformatsion xususiyatlari yuqori trikotaj iplari ishlab chiqarilganda yuqori unumdorlik ta’minlangan;
tavsiya etilayotgan takomillashtirishdan olingan trikotaj iplarining xossa ko‘rsatkichlari va sifati yuqori ekani aniqlangan va korxonadagi boshqa mashinalarda ham qo‘llash tavsiya etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Korxonada sifatli ip ishlab chiqarish uchun tarash mashinasi ratsional parametrlarini o‘rnatish, halqali yigirish mashinasiga halqali plankaga harakat beruvchi kulachok konstruksiyasini takomillashtirish orqali ballon shaklini o‘zgartirish natijasida ipning strukturaviy tuzilishini o‘zgartirmagan holda, mashinadagi urchuqlar tezligini oshirish orqali mashina unumdorligini oshirish hamda xossa ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan trikotaj iplarini ishlab chiqarish bo‘yicha qilingan izlanishlar natijalari asosida:
trikotaj iplarni olish texnologiyasi “Namangan paxta teks” MChJ korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘ZTO‘QIMAChILIKSANOAT» Uyushmasining 2026 yil 2 iyundagi № 01/06-741-sonli ma’lumotnomasi). Natijada texnologik parametrlarni saqlagan holda halqali plankaga harakat beruvchi kulachok konstruksiyasini takomillashtirish orqali ballon balandligini 1/4 qismga kamaytirilganda, ipning Uster bo‘yicha notekisligi 9% ga kamaygan, ipning pishiqligi 4% ga va uzilishdagi uzayishi 10% ga oshgan, uzilishlar soni 17 tadan 4 taga tushgan, ya’ni 76% ga kamaygan; urchuqning aylanishlar soni 19800 min-1 dan 20400 min-1 ga oshirilishi hisobiga bitta mashinada unumdorlikni soatiga 427,3 kg dan 439,7 kg ga, ya’ni 12,4 kg ga oshirilishi hisobiga korxona uchun kutilayotgan yillik iqtisodiy samaradorlik 19 mlrd 777,64 mln so‘m (o‘n to‘qqiz milliard etti yuz etmish etti million olti yuz qirq ming so‘m) ni tashkil qilgan.