Asadov Shahriddin Faxriddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Maslahat va konsalting xizmatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Yu1048
Ilmiy rahbar: Topildiev Bahromjon Rahimjonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: Babaev Jahongir Ismoilbekovich, yuridik fanlar doktori, professor, Ganiev Niholbek Valievich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi maslahat va konsalting xizmatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mavjud huquqiy bo‘shliqni samarali to‘ldirish maqsadida psixologik maslahat tushunchasi ishlab chiqilib, uning shaxs ruhiy muammolarini tushunish va ularni echishga qaratilishi asoslangan;
psixologiyadan boshqa ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar psixologik maslahat berish faoliyati bilan psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlashdan o‘tgach shug‘ullanishi lozimligi asoslantirilgan;
mehnat bozorida faoliyat yurituvchi konsultantlar tomonidan turli suiiste’molliklar sodir etilishi va ortiqcha haq undirilishining oldini olish maqsadida ularning xizmatlariga to‘lanadigan haq miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilash zarurligi asoslantirilgan;
kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash choralari doirasini soliq, bojxona va tashqi savdo faoliyati bo‘yicha professional maslahat berish tadbirlari bilan kengaytirish lozimligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Maslahat va konsalting xizmatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida muallifning:
shaxsning psixologik muammolarini tushunishga va ularni echishda ko‘maklashishga qaratilgan psixologik yordam psixologik maslahatdir, degan taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-maydagi “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘RQ–989-son Qonunining 6-moddasi 6-qismida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi huzuridagi parlament tadqiqotlari institutining 2026-yil 5-fevraldagi № 3/dn-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi psixologik maslahat tushunchasini qonunchilikda belgilash va bu orqali psixologik maslahat xizmati yuzasidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan harakatlar doirasini aniqlashtirishga xizmat qilgan;
psixologiyadan boshqa ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini o‘taganligi to‘g‘risida tegishli hujjatga, shuningdek, malaka sertifikatiga ega bo‘lishi kerak. Bunda ushbu shaxslar psixologik yordamning faqat psixologik maslahat va psixologik trening turlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi, degan taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-maydagi “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘RQ–989-son Qonunining 13-moddasi 4-qismida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi huzuridagi parlament tadqiqotlari institutining 2026-yil 5-fevraldagi № 3/dn-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklif psixologik maslahatlar ko‘rsatuvchi ijrochilarning professional malakasi asoslarini belgilashga xizmat qiladi;
ishga joylashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar asosida taqdim etiladigan axborot va maslahat xizmatlarining qiymati qonunchilik hujjatlarida belgilanadi, degan taklifi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-apreldagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborish tartibi to‘g‘risidagi nizomda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2026-yil 11-fevraldagi № 12-18-16 raqamli dalolatnomasi). Ushbu normaning belgilanishi ishga joylashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar asosida taqdim etiladigan axborot va maslahat xizmatlarining qiymatini belgilashning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilgan;
konsultativ qo‘llab-quvvatlash choralari – dastur doirasida lisenziya, ruxsatnoma va sertifikatlar olish, soliq, bojxona, tashqi savdo faoliyati, davlat xaridlari, er uchastkalari va bino-inshootlar ajratish masalalarida ko‘maklashish, shuningdek, imtiyoz va preferensiyalar, boshqa engilliklar va imkoniyatlar bo‘yicha ma’lumot va maslahatlar berishdan iborat ekanligi haqidagi taklifi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qarori bilan tasdiqlangan Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish to‘g‘risida nizomda o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2026-yil 11-fevraldagi № 12-18-16 raqamli dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlashga oid munosabatlar doirasida ko‘rsatiladigan konsultativ xizmatlarning huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qilgan.