Yaxshikulov Iskandar Safarovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ikki fazali erituvchi muhitida kalsiy va rux stearatlarni olish texnologiyasini ishlab chiqish va qo‘llash”, 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi ixtisosligi (texnika fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T5842.
Ilmiy rahbar: Tadjixodjaeva Umida Baxtiyarovna, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti, DSc.30/2025.27.12.K/T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Turaev Erkin Rustamovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Voxidov Erkin Alievich, texnika fanlari falsafa doktori (PhD). 
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ikki fazali erituvchi muhitida kalsiy va rux stearatlarni olishning iqtisodiy samarador texnologiyasini ishlab chiqish va qoʻllashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
kalsiy va rux stearatlari birinchi bor suv–sivush moyi va metanol-sivush moyi kabi ikki fazali erituvchi muhitlarda sintez qilingan, bunda suv-sivush moyi muhitida 8-11 mkm va metanol-sivush moyi muhitida 5-8 mkm diametrli sferik zarrachalarga ega stearatlar olishga erishilib, bunday muhitda sivush moyining disperslovchi va interfaza faol modda sifatidagi roli aniqlanib, zarracha hajmini nazorat qilish imkoniyati yaratilgan;
kalsiy va rux stearatlarining sintezi bosim ostida (15 atm) va nisbatan past haroratda (95-100°C) amalga oshirildi, bu esa energiya tejamkorligi va ekologik xavfsizlikni ta’minlashi bilan birga mahsulot sifatini yaxshilashi aniqlangan;
rux stearati tabiiy polimer - kraxmal bilan modifikatsiya qilindi, natijada uning antiseptik (mikroblarga qarshi) xossalari yaxshilandi. Bu esa stearat asosidagi qo‘shimchalarning himoya qo‘lqoplar va boshqa elastomerik mahsulotlar tarkibida mikrobiologik barqarorlikni oshiruvchi komponent sifatida foydalanish imkoniyati aniqlangan;
infraqizil (IR) spektroskopik tahlil yordamida sintez qilingan stearatlarning tarkibida karboksilat guruhlari bilan metall kationlari o‘rtasidagi muvozanatli kompleks bog‘lanishlar shakllangani ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Ikki fazali erituvchi muhitida kalsiy va rux stearatlarni olish texnologiyasini ishlab chiqish va qo‘llash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ikki fazali erituvchi muhitlarda sintez qilingan kalsiy stearati  “AHSIKENT SOF SANOAT” MChJ, “QUALITY PHARM” MChJ, “HEALTH LINE” QK MChJ korxonalarida hamda “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markaziga qarashli Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini sertifikatlash, GMO va xavfsizligini aniqlash laboratoriyasi”da tabiiy lateksdan laboratoriya qo‘lqoplari ishlab chiqarish sexida amaliyotga joriy qilingan.(O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026 yil 24 fevraldagi 05/06-04-220-son ma’lumotnomasi). Natijada, ikki fazali erituvchi muhitida kalsiy va rux stearatlarni olish texnologiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
kalsiy va rux stearat asosida ishlab chiqarilgan rezina qo‘lqoplar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasining sinov dala maydonlari va laboratoriya tajribalarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026 yil 24 evraldagi 05/06-04-220-son ma’lumotnomasi). Natijada, suv–sivush moyi muhitida 8–11 mkm, metanol–sivush moyi muhitida esa 5–8 mkm diametrli sferik zarrachalarga ega kalsiy stearatlarni ekologik xavfsiz ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish