Nomozova Sadoqat Iskandar qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Propanni katalitik aromatlab aromatik uglevodorodlar olish texnologiyasini ishlab chiqish”, 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5585.
Ilmiy rahbar: Fayzullaev Normurot Ibodullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti, DSc.30/2025.27.12.K/T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Nurqulov Fayzulla Nurmuminovich, texnika fanlari doktori, professor; Axmedov Voxid Nizomovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy xomashyolardan olingan yuqori katalitik faollikka va unumdorlikka ega bo‘lgan katalizatorlar ishtirokida propandan aromatik uglevodorodlar olish jarayonining texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
propanni oksidlovchilar ishtirokisiz aromatik uglevodorodlarga aylantirish uchun 2%Cu•8%Zn/H-YuKS-30 hamda 2%Zr•2%Zn•7%Mo/MG‘S tarkibli yangi katalizatorlar tizimi ishlab chiqilgan;
propanning aromatik uglevodorodlarga aylanishining ortishi, gazsimon yon mahsulotlar va koks hosil bo‘lishi kamayishi katalizator tarkibidagi metall komponent miqdorining optimal darajasiga bog‘liqligi ilmiy isbotlangan;
olingan metall tarkibli katalizatorlarda faol komponentlarning tashuvchi sirtida va g‘ovak kanallarida taqsimlanishi, kislotali markazlar tabiati, solishtirma sirt maydoni hamda g‘ovak hajmi kabi reaksiya samaradorligini belgilovchi omillarning o‘zgarishi rux miqdori ortishi bilan ZnO fazasi shakllanishiga bog‘liq ekanligi aniqlangan;
propanni oksidlovchisiz katalitik aromatlashda suyuq mahsulotlar tarkibida asosiy ulushni benzol va ko‘p yadroli aromatik birikmalar tashkil qilishi olingan katalizatorlarning harorat 450°C dan 600°C gacha orttirilganda faol bo‘lishi bilan bog‘liqligi aniqlangan;
tanlangan katalizatorlar ishtirokida propanni benzol, toluol, etilbenzol va ksilollarga aylantirish uchun maqbul sharoitlar aniqlanib, qimmatli aromatik uglevodorodlar olishga qaratilgan raqobatbardosh texnologiya ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Propanni katalitik aromatlab aromatik uglevodorodlar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Mahalliy xom ashyolar asosida olingan 2%Cu·8%Zn/H-YuKS-30 tarkibli yuqori katalitik faollikka va unumdorlikka ega bo‘lgan katalizator “Shurtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi” da amaliyotga joriy etilgan (“Shurtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ning 2025 yil 10 fevral OT02/AN-527-son ma’lumotnomasi). Natijada, propandan benzol, toluol, etilbenzol va ksilollar olish imkonini bergan;
2%Zr·2%Zn·7%Mo/MG‘S tarkibli yuqori katalitik faollikka ega bo‘lgan bifunksional katalizatorlar “Shurtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi” da amaliyotga joriy etilgan (“Shurtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi” ning 2025 yil 10 fevral OT02/AN-527-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu katalizatordan propanni oksidlovchilar ishtirokisiz konversiya qilish jarayonida foydalanishning iqtisodiy samaradorligi 11,18% ga ortgan hamda import qilinadigan katalizatorlar o‘rnini bosish imkonini bergan.