Rasbergenova Sarbinaz Alisherovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Mejdunarodno-pravovie aspekti obespecheniya prava cheloveka na blagopriyatnuyu okrujayushhuyu sredu” 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.4.PhD/Yu1684.
Ilmiy rahbar: Fayziev Shuxrat Xasanovich, yuridik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/03.06.2023.Yu.22.04. 
Rasmiy opponentlar: Umarxanova Dildora Sharipxanovna yuridik fanlar doktori, professor, A’zamxo‘jaev Umidxon Shavkat o‘g‘li yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi insonning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashning xalqaro huquqiy asoslari va mexanizmlarini har tomonlama tadqiq etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashtirishda mavjud muammo va huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash hamda xalqaro hamkorlikni takomilashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: 
davlat tomonidan insonning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqining konstitutsiyaviy-huquqiy ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, shu jumladan, shaxsning ekologik huquqlari, atrof-muhit holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqi, davlatning ekologik muvozanatni yaxshilash uchun chora-tadbirlar ko‘rish, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish lozimligi asoslab berilgan;
strategik ekologik baholashni amalga oshirish jarayonida jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilishi, bunda strategik ekologik baholash masalalari yuzasidan jamoatchilik fikrini eshitish va bu haqda tegishli davlat organining rasmiy veb-saytida, ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi, jamoatchilik eshituviga qo‘yilgan strategik ekologik baholash masalalari bo‘yicha jamoatchilik takliflar kiritishga haqli ekanligi asoslangan;
iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyatini, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyatini ta’minlash, Orxus konvensiyasiga (Orxus shahri, Daniya, 1998 yil 25 iyun) qo‘shilishning maqsadga muvofiqligi asoslab berilgan;
kompleks milliy strategiyalar va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha harakat rejalarini ishlab chiqish, bunda inson huquqlarini himoya qilish masalalarini hisobga olgan holda, zaif guruhlarga alohida e’tibor qaratish, kompleks yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi asoslangan;
jamoatchilikni iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida xabardor qilish, atrof-muhit holati uchun javobgarlikni kuchaytirish va fuqarolar ishtirokini faollashtirish maqsadida ma’lumotnomaviy dasturlar hamda axborot targ‘ibot tadbirlarini ishlab chiqish zaruriyati asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Insonning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlashning xalqaro-huquqiy jihatlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlardan olingan ilmiy natijalar asosida:
insonning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi, atrof-muhit holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish, davlat ekologik muvozanatni yaxshilash uchun chora-tadbirlarni amalga oshirishi, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish haqidagi takliflar 2023-yil 1-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-837-son bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025 yil 29 iyuldagi 3/dn-159-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi konstitutsiyaviy darajada ekologik huquqlarni mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va atrof-muhit muhofazasi sohasida davlatning majburiyatlarini belgilashga xizmat qilgan;
strategik ekologik baholashni amalga oshirish, bunda strategik ekologik baholash masalalari yuzasidan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilishi va bu haqda tegishli davlat organining rasmiy veb-saytida, ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi kerak, jamoatchilik eshituviga qo‘yilgan strategik ekologik baholash masalalari bo‘yicha jamoatchilik takliflar kiritishga haqli ekanligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 24 fevral dagi «Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida»gi O‘RQ-1036-son qonunning 33-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025 yil 29 iyuldagi 3/dn-159-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi strategik ekologik baholash jarayonida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, shaffoflikni oshirish va qarorlar qabul qilishda jamoatchilikning fikrini hisobga olish mexanizmlarini yaratishga xizmat qilgan;
iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyatini, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyatini ta’minlash, Orxus konvensiyasiga qo‘shilishning maqsadga muvofiqligini o‘rganib chiqish haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha rejalashtirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini 2019-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning 41-bandiga (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 iyuldagi PF-106-son Farmoni tahririda) (Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyatini, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyatini to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus konvensiyasi, Orxus shahri, Daniya, 1998 yil 25 iyun) qo‘shilishning maqsadga muvofiqligini o‘rganib chiqish) o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2025 yil 4 iyuldagi 12-18-4-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi xalqaro ekologik standartlarga moslashish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va ekologik demokratiya prinsiplarini milliy qonunchilikka integratsiya qilishga xizmat qilgan;
kompleks milliy strategiyalar va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha harakat rejalarini ishlab chiqish, inson huquqlarini himoya qilish masalalarini hisobga olish, zaif guruhlarga alohida e’tibor qaratish, bu esa kompleks yondashuvlarni ishlab chiqishni, bir vaqtning o‘zida iqlim muammolarini hal qilish va inson huquqlarini ilgari surishni, jumladan, toza suvga, oziq-ovqatga, sog‘liqni saqlashga va xavfsiz atrof-muhitga erishishni ta’minlashga doir takliflar «Samarqand deklaratsiyasi: iqlim o‘zgarishi kontekstida inson huquqlarining global himoyasi: barqaror kelajak uchun majburiyatlar va harakatlar»ning 5-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazining 2025 yil 1 iyuldagi 01/684 ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni e’tirof etish, zararli guruhlarni himoya qilish mexanizmlarini yaratish va xalqaro miqyosda ekologik adolat prinsiplarini ilgari surishga xizmat qilgan;
jamoatchilikni iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida xabardor qilish, atrof-muhit holati uchun javobgarlikni kuchaytirish va fuqarolik ishtirokini faollashtirish maqsadida ma’lumotnomaviy dasturlar va axborot kampaniyalarini ishlab chiqish, shu jumladan har bir inson atrof-muhitni himoya qilishga va inson huquqlariga rioya qilishga qanday individual va jamoa hissa qo‘sha olishi haqidagi axborotni tarqatishga oid takliflar «Samarqand deklaratsiyasi: iqlim o‘zgarishi kontekstida inson huquqlarining global himoyasi: barqaror kelajak uchun majburiyatlar va harakatlar»ning 6-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazining 2025 yil 1 iyuldagi 01/684 ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi ekologik madaniyatni rivojlantirish, jamoatchilikni ekologik masalalar haqida ma’lumot bilan ta’minlash, faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish va xalqaro hamjamiyatda O‘zbekistonning ekologik yo‘nalishdagi tashabbuslarini targ‘ib qilishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish