Yunusova Sayyora Odiljon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda o‘simlik biomassasini kompostlash orqali gumus holati va ayrim xossalarini yaxshilash yo‘llari”, 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/B1586.
Ilmiy rahbar: Sidikov Saidjon, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.B/Qx.01.16.
 Rasmiy opponentlar: Toshqo‘ziev Maruf Mansurovich, biologiya fanlari doktori, professor; Raupova Nodira Baxramova, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislik instituti milliy tadqiqot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarni o‘simlik biomassasi bilan kompostlashning tuproq gumusining miqdori, fraksion-guruh tarkibi, ayrim fizik-kimyoviy va biologik xossalariga ta’sirini aniqlash hamda tuproq xossalarini yaxshilash va unumdorligini oshirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
bo‘z tuproqlar mintaqasiga mansub sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda madaniy va efemer o‘simlik biomassalarini kompostlashning gumifikatsiya jarayonlariga ta’siri ilmiy-nazariy hamda tajribaviy jihatdan asoslab berilgan; 
madaniy va efemer o‘simliklar biomassalarining gumifikatsiya koeffisientlari aniqlanib, ularning organik modda transformatsiyasi va gumus hosil bo‘lish jarayonlaridagi ahamiyati qiyosiy tahlil asosida baholangan; 
tuproqni o‘simlik biomassasi bilan kompostlashning tuproqning gumus holati, shuningdek, ayrim fizikaviy va agrokimyoviy xossalariga ko‘rsatadigan ta’siri ilmiy jihatdan asoslangan;
tuproq gumusi miqdori hamda uning fizikaviy, kimyoviy va biologik ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqliklar matematik-statistik tahlillar asosida aniqlanib, tuproqni o‘simlik biomassasi bilan kompostlash jarayonining tuproq unumdorligiga ta’siri ilmiy jihatdan isbotlangan; 
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarni madaniy va efemer o‘simliklar biomassalari bilan kompostlash natijasida tuproq mikrobiologik faolligi va fermentativ jarayonlarining o‘zgarish qonuniyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda o‘simlik biomassasini kompostlash orqali gumus holati va ayrim xossalarini yaxshilash yo‘llari yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarning agrokimyoviy, biologik xossalari va gumus holatini yaxshilash maqsadida “O‘simlik qoldiqlaridan foydalanib sug‘oriladigan tuproqlarni organik moddaga boyitish yo‘llari” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Odil” fermer xo‘jaligining 25 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 27 avgustdagi 05/06-04-493-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tavsiyanoma sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarni organik moddaga boyitish, biologik xossalarini yaxshilash, unumdorligini oshirishda o‘simlik qoldiqlaridan foydalanish tadbirlarini belgilashda ilmiy-uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarni organik modda va oziqa elementlarga boyitish maqsadida tuproqni o‘simlik biomassasi bilan kompostlash texnologiyasi (N250P180K150 mineral o‘g‘itlar fonida tuproq+g‘o‘za poyasi va uning ildizi kompostlangan) Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Odil” fermer xo‘jaligining 25 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 27 avgustdagi 05/06-04-493-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqdagi gumus miqdori 1,110% dan 1,130% ga, umumiy azot miqdori 0,081% dan 0,095% ga, fosfor 0,196% dan 0,230% ga, kaliy 1,51% dan 1,81% ga oshgan, harakatchan azot, fosfor va kaliy bilan juda past darajada ta’minlangan tuproqlar past va o‘rtacha darajada ta’minlangan holatga o‘tgan, tuproqlarning singdirish sig‘imi ham ortgan, bu holat o‘simliklarni oziqlanishi uchun qulay muhit yaralishiga xizmat qilgan.
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarni biologik faolligini oshirish maqsadida tuproqni o‘simlik biomassasi bilan kompostlash texnologiyasi (N250P180K150 mineral o‘g‘itlar fonida tuproq+g‘o‘za poyasi va uning ildizi kompostlangan) Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Odil” fermer xo‘jaligining 25,0 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 27 avgustdagi  05/06-04-493-son ma’lumotnomasi). Natijada, qo‘llanilgan agrotexnologiya 1 g tuproqdagi mikroorganizmlardan ammonifikatorlar miqdorini 0-15 sm qatlamda 2,7×107 KHQB (koloniya hosil qiluvchi birlik), 15-30 sm qatlamda 2,3×107 KHQB, oligonitrofil mikroorganizmlarining miqdorini 0-15 sm qatlamda 1,7×106 KHQB, 15-30 sm qatlamda 1,4×106 KHQB, aktinomisetlar miqdorini 0-15 sm qatlamda 4,6×104 KHQB, 15-30 sm qatlamda uchramaganligi va mikromisetlar miqdorini 0-15 sm qatlamda 1,5×104 KHQB, 15-30 sm qatlamda 1,3×103 KHQB ko‘rsatkichga ko‘paytirishga, tuproqdagi mikrobiologik faollikni yaxshilash imkonini bergan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish