Xabibullaeva Feruzaxon Kazimjanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Milliy o‘ziga xoslikni qayta yaratish tarjima adekvatligi mezoni sifatida («O‘tkan kunlar» romanining rus tilidagi tarjimalari misolida)», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, qiyosiy tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil468.
Ilmiy rahbar: Quronov Dilmurod Xaydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Qosimov Abdugopir Abdukarimovich, filologiya fanlari doktori, professor; Kamilova Saodat Ergashevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani tarjimasining adekvatligini ta’minlashda asliyatdagi milliy o‘ziga xoslikni qayta yaratishning yetakchi ahamiyati va rolini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarjimashunoslikning adabiy va lingvistik nazariyalari nuqtai nazaridan «adekvatlik» va «adekvat tarjima» atamalari ma’nosi aniqlashtirilgan, «adekvat tarjima» va «tarjimada milliy o‘ziga xoslikni qayta yaratish» tushunchalarining chambarchas bog‘liqligi asoslangan;
«O‘tkan kunlar» romani tarjimalarining asliyatga muvofiqligi ilmiy asoslangan holda baholangan, birinchi tarjimaning noadekvatligi uning hukmron mafkura ta’sirida «sobiq ittifoq o‘quvchisi»ga moslashtirilgani natijasida milliylikni qayta yaratishga e’tiborning susaygani, taglama asosida amalga oshirilgani uchun milliy bo‘yoqlarning xiralashgani asoslab berilgan;
ikkinchi tarjimaning noadekvatligiga olib kelgan asosiy sabab tarjimaga «uzatuvchi» madaniyat nuqtai nazaridan yondashilgani, asliyatga sodiqlikka intilgan holda tarjima tilining grammatik va stilistik me’yorlaridan chetlashilgani, so‘z-realiyalarning aksariyati transliteratsiya yoki transkripsiya usulida o‘girilgani tarjimaning rusiyzabon kitobxon tomonidan qabul qilinishiga to‘siq bo‘lganligi aniqlangan;
romandagi psixologizm unsurlari: analitik psixologizm, psixologik tasvirning dramaturgik usuli, dialog replikalari, qarshilantirish va o‘xshatish asosida personaj ruhiy holatlarini aks ettirish tarjimada qayta yaratishning muhimligi va buning milliylikni qayta yaratishdagi ahamiyati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Asliyatdagi milliy koloritni rus tilida qayta yaratish va adekvatlik darajasini qiyosiy o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
milliy olam manzaralarini rus tili vositalari bilan qayta yaratish bo‘yicha ilmiy-nazariy xulosalar «Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish» mavzusidagi FA-F1-G039 raqamli tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 6 martdagi 3/1255-628-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalaridan foydalanish loyiha doirasida tayyorlangan «Qodiriy ensiklopediyasi» materiallarini boyitishga xizmat qilgan;
Abdulla Qodiriy «O‘tkan kunlar» romanining rus tiliga tarjimalari adekvatligining ilmiy asoslangan bahosi, davrning ijtimoiy-madaniy shart-sharoitlariga xos xususiyatlar, badiiy tarjimaga qo‘yiladigan talablar va ularning jahon hamjamiyatidagi ahamiyati o‘zgarishiga oid xulosalardan «O‘zbekiston» telekanalida efirga uzatilgan «Ibratga yo‘g‘rilgan umr» va «Tilga e’tibor» ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 24 maydagi 20-24/93-son ma’lumotnomasi). Natijalar va materiallardan foydalanilishi o‘zga tilli madaniyat vakillarining badiiy matnni baholashlarida tarjimaning ahamiyatini ko‘rsatishga xizmat qilgan;
tarjimashunoslikning adabiy va lingvistik nazariyalari nuqtai nazaridan «adekvatlik» va adekvat tarjima tushunchalarining ahamiyatini ko‘rsatadigan xulosalar, milliy madaniyat belgilarini asarning rus tiliga tarjimalarida qayta yaratish masalasiga doir ilmiy natijalar «Qiyosiy adabiyotshunoslik» o‘quv qo‘llanmasining alohida bo‘limini tayyorlashda qo‘llangan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 iyuldagi 89-03-2684-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalaridan foydalanish qo‘llanmaning nazariy materiallarini boyitishga xizmat qilgan;
tadqiqot natijalari mutaxassislik fanlari («Qiyosiy adabiyotshunoslik», «Adabiyot nazariyasi», «O‘zbek adabiyoti tarixi», «Qiyosiy tipologiya») bo‘yicha axborot-kommunikativ texnologiyalar asosida yaratilgan darsliklar materiallarini tayyorlashda foydalanilgan hamda ular Tojikiston Respublikasi Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan universitet elektron o‘quv resurslari bazasini boyitgan (Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligining 2019 yil 29 avgustdagi 01/5124-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalaridan foydalanish o‘quv materiallarining boyitilishiga hamda mazkur fanlar bo‘yicha ta’lim sifati va samaradorligini, talabalar bilimini oshirishga imkon bergan;
tadqiqotda badiiy asar tarjimasining adekvatligini ta’minlashda asliyatning milliy o‘ziga xosligini qayta yaratishning ahamiyati yuzasidan olingan natijalar O‘zbekiston Rus madaniyati markazining Andijon viloyat bo‘limi hamda Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tashkil qilingan viloyat rus tili o‘qituvchilari Ilmiy-uslubiy kengashining «Xalqaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda badiiy tarjimaning o‘rni» mavzusidagi ilmiy seminarini o‘tkazishda qo‘llangan (O‘zbekiston Rus madaniyati markazining 2019 yil 17 sentyabrdagi 02-177-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya materiallarining qo‘llanishi millatlararo munosabatlarning kelajagi va uyg‘un rivojlanishiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishni yanada mukammalashtirishga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish