Abdullaev Sardor Alisherovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “To‘rt g‘ildirakli chopiq traktori uchun agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prikning konstruksiyasi va parametrlarini asoslash”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/T4493.
Ilmiy rahbar: Kambarov Baxtiyor Akbaralievich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.08/2025.27.12.T.13.01.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, dotsent Mirzaev Qahramon Qarshiboevich; texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim Astanov Bekzod Jangiboevich.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi keng qamrovli ekish va chopiq agregatlari tarkibida ishlatiladigan to‘rt g‘ildirakli chopiq traktori uchun agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prikning parametrlarini asoslash yo‘li bilan ularning ish sifat ko‘rsatkichlari hamda samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
to‘rt g‘ildirakli chopiq traktori uchun agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prikning konstruksiyasi uni turli kenglikdagi g‘o‘za qator oralariga mos tushishi, o‘tuvchanligi hamda ularni minimal shikastlanish mezonlari asosida ishlab chiqilgan;
agrotexnik tirqishi rostlanadigan to‘rt g‘ildirakli chopiq traktorining minimal burilish radiusi oldingi ko‘prik va rul trapesiyasining parametrlariga bog‘liq ravishda aniqlangan;
to‘rt g‘ilirakli chopiq traktori uchun agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prikning parametrlari uning buriluvchanligi va yo‘naltiruvchi g‘ildiraklarning yonlama surilish burchaklarini minimallashtirish shartlaridan kelib chiqib asoslangan;
oldingi ko‘prik shkvorenining turli burchaklarda bo‘ylama o‘rnatilish parametrlari traktorning tezligi, agrotexnik tirqishi, yo‘naltiruvchi g‘ildiraklarni burilish burchagi va radiusining ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholaydigan regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. To‘rt g‘ildirakli chopiq traktori uchun agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prikning konstruksiyasi va parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
to‘rt g‘ildirakli chopiq traktori uchun agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prikka O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” tomonidan ixtiroga patent olingan (IAP 8130). Natijada g‘o‘zaning balandligi va qator oralariga mos ravishda turli pog‘onalar hamda kengliklarga sozlanadigan keng qamrovli mashinalar bilan agregatlanadigan, buriluvchanligi, o‘tuvchanligi va amaldagi yo‘nalish bo‘yicha barqaror harakati, talab darajasidagi abris ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan baland agrotexnik tirqishga ega oldingi ko‘prik konstruksiyasini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan;
agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prik bilan jihozlangan to‘rt g‘ildirakli chopiq traktori Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani “GTG AGRO” MChJ agroklasteriga tegishli O‘zbekiston-2 hududidagi va Chinoz tumani “ERGASh MUROD NUR” fermer xo‘jaligida hamda QXMITI tajriba xo‘jaligi dalalarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 14-iyundagi 05/04-04-400-son ma’lumotnomasi). Natijada, yonilg‘i va daladan o‘tishlar sonining kamayishi hisobiga, tuproqning ortiqcha zichlanmasligiga hamda ish unumining 1,3-1,5 barobar oshishiga erishilgan;
agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prikning loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnik topshiriqlar va chizmalar) va hisoblash usullari “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi” MChJ, “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 14-iyundagi 05/04-04-400-son ma’lumotnomasi). Natijada, to‘rt g‘ildirakli chopiq traktorining boshqariluvchanligi, o‘tuvchanligi va amaldagi yo‘nalish bo‘yicha barqaror harakati hamda turg‘unligini oshiradigan, agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prik hamda rul yuritmasini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.