Yaxshibaev Doniyor Sultonbaevichning
texnika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ko‘p fazali suyuqliklarning qatlamli oqimlari jarayonining dinamikasini sonli modellashtirish”, 05.01.07 - “Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/T1018.
Ilmiy maslahatchi: Xudaykulov Savet Ishonqulovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.09/2025.27.12.T.02.01.M
Rasmiy opponentlar: f.-m.f.d., prof. Navruzov Kuralbay, t.f.d., k.i.x. Hamdamov Muzaffar Muxiddinovich, f.-m.f.d., prof. Sadullaeva Shaxlo Azimbaevna.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘p fazali stratifikatsiyalangan oqimlarning dinamikasi va turg‘unligi buzilishi jarayonlarini tavsiflovchi matematik modellar, sonli algoritmlar hamda integratsiyalashgan dasturiy majmua ishlab chiqish va shu asosda ichki to‘lqinlar tarqalishi, zarrachalar cho‘kishi, daryo oqimining stratifikatsiyalangan suv omboriga kirishi va selektiv suv olish jarayonlarini miqdoriy bashoratlashning yagona metodologik vositasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zaro ta’sirlashuvchi va kirishuvchi ko‘p fazali muhitlar nazariyasi asosida ikki qatlamli stratifikatsiyalangan oqimlarda kichik qo‘zg‘alishlarning tarqalishi jarayonini tavsiflovchi matematik model ishlab chiqilgan;
ikki fazali dispers aralashmalarning gravitatsion cho‘kishi va konsentratsiya stratifikatsiyasining shakllanish dinamikasini Richardson–Zaki nochiziqli cho‘kish qonuni va Kynch kontinual nazariyasi asosida tavsiflovchi uch o‘lchovli matematik model takomillashtirilgan;
stratifikatsiyalangan suv omboriga ko‘p fazali aralashma oqimining kirishi jarayonida qatlamli tuzilmaning buzilish dinamikasini ifodalovchi matematik model ishlab chiqilgan;
stratifikatsiyalangan suv omboridan selektiv suv olish jarayonini Bussinesk yaqinlashuvi va Munk–Anderson modeliga muvofiq Richardson soniga bog‘liq turbulent diffuziya parametrizatsiyasi asosida tavsiflovchi matematik model takomillashtirilgan;
 ko‘p fazali stratifikatsiyalangan oqimlarni yagona metodologik yondashuv asosida echish uchun chekli ayirmali sxemalar  yuqori qatlam va pastki qatlam tezlik potensiallari uchun ketma-ket o‘rta bo‘shatish iteratsiyasi, Harlow–Welch siljitilgan to‘ri va TVD-minmod cheklovchili konservativ adveksiya sxemasi hamda Strang–Marchuk operator bo‘linishi asosidagi algoritmlar kompleksi ishlab chiqilgan;
stratifikatsiyalangan oqimlarda chiqish chegaraviy shartini bosim Puasson tenglamasiga qo‘shimcha had qo‘shish orqali integratsiyalangan tarzda qurish usuli ishlab chiqilgan;
advektiv Kurant sharti, Fure diffuziya sharti va Brunt–V chastotasiga asoslangan zichlik stratifikatsiyasi shartining birgalikdagi uchtalik mezoni asosidagi algoritmi ishlab chiqilgan;
uch o‘lchovli siljitilgan to‘rda konservativ diskretizatsiyaning massa saqlanishini ta’minlovchi chekli ayirmali sxemalar asosida stratifikatsiyalangan ko‘p fazali oqim masalalarining sonli echish algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ko‘p fazali suyuqliklarning qatlamli oqimlari jarayonining dinamikasini sonli modellashtirish, amalga oshirish algoritmlari hamda ularning dasturiy majmuini yaratish asosida:
o‘zaro ta’sirlashuvchan va kirishuvchan ko‘p fazali muhitlar nazariyasi asosida har biri ikki fazadan iborat bo‘lgan ikki qatlamli stratifikatsiyalangan oqimlarning dinamikasi va turg‘unligining buzilish jarayonlarini ifodalovchi model  natijalari “UZINFOCOM” Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator kompaniyasining “Agrasanoat kompleksiga axborot texnologiyalar”departamentida raqamli qishloq xo‘jaligi tizimida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2026 - yil 21 - yanvardagi № 33-8/499-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur model qatlamlar orasidagi umumiy chegaraning deformatsiyasi va bosim ta’sirini kompleks hisobga olish imkonini bergan;
ko‘p fazali muhitlarda kichik qo‘zg‘alishlar, silindrik quvurlarda oqayotgan ikki fazali suyuqlikning laminar oqimda urinma kuchlanishlari va mexanik energiya dissipatsiyasi matematik modeli hamda hisoblash algoritmi “Suvloyiha”MChJ va Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani hokimligining qishloq va suv xo‘jaligi tizimlarida joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2026 - yil 21 - yanvardagi № 33-8/499-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, muhitning chegaraviy qatlamidagi ko‘p fazali oqimlarda energetik samaradorlikni baholash 8-10 foizga oshirilgan;
silindrik quvurlardagi ikki fazali suyuqlik oqimining stratifikatsiyasi jarayonida uch qatlamli tuzilmaning asosiy parametrlarini va ularning umumiy chegaralarini aniqlash usuli, shuningdek, quvurdan chiquvchi bo‘ylama, radial va tangensial tezlik komponentalariga ega struyada tomchi hosil bo‘lishiga mos kritik chastota hamda Weber sonining chegaraviy qiymatlari Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi “ESKIANHOR”irrigatsiya tizimi boshqarmasi qishloq va suv xo‘jaligi tizimlarida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2026 - yil 21 - yanvardagi № 33-8/499-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, struyada tomchi hosil bo‘lishiga mos kritik chastota hamda chegara qatlamidagi kichik qo‘zg‘alishlarni bashoratlash imkoni kengaytirilgan;
issiqlik almashinuvi va radiatsion ta’sir omillarini hisobga olgan holda atmosferaning pastki va suv havzasining yuqori qatlami o‘rtasidagi stratifikatsiya jarayonlarini sonli hisoblash algoritmi hamda harorat o‘zgarishi ta’sirini stratifikatsiyalangan oqimlar uchun taklif etilgan modellar, hisoblash algoritmlari Xorazm viloyati “Chap qirg‘oq Amudaryo havza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspedisiyasi” faoliyatiga joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2026-yil 21-yanvardagi № 33-8/499-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, issiqlik almashinuvi omillari, chegara qatlamidagi turg‘unlik kriteriylarining sonli qiymatlarini aniqlash imkonini bergan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish