Abduraxmanov A’zam Abdulxaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Temir yo‘l transporti infratuzilmasining holatini kompleks baholash uslubiyoti va tizimini joriy etish asosida poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, 05.08.03 – Temir yo’l transportini ishlatish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/T3749.
Ilmiy rahbar: Xudayberganov Sakijan Kabildjanovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.10/2025.27.12.T.01.06 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Masharipov Ma’sud Nuʼmonjonovich, texnika fanlari doktori, professor; Ismatullaev Azizbek Faxriddin o‘g‘li, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi temir yo‘l transporti infratuzilmasining holatini kompleks baholash uslubiyoti va tizimini joriy etish asosida poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
temir yo‘l stansiyalaridagi poezdlar harakati xavfsizligining buzilish holati va tasniflarini e’tiborga olgan holda poezd va manyovr ishlaridagi nuqsonlarni baholash imkonini beruvchi hodisalarning xavf darajalari belgilangan;
temir yo‘l infratuzilmasida sodir etilish ehtimolligi mavjud bo‘lgan hodisalarning xavf darajalarini hisobga olib, tashish xavfsizligini boshqarish ko‘rsatkichlariga ta’sir etuvchi omillarni ekspert baholash usuli yordamida temir yo‘l infratuzilma obektlari holatini belgilovchi mezonlarning matematik modeli ishlab chiqilgan;
tashishlar xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan hodisalarning xavf darajasiga qo‘yilgan talablar asosida temir yo‘l xodimlari uchun profilaktika ishlarini amalga oshirishga imkon beruvchi infratuzilma holatini kompleks baholash tizimi ishlab chiqilgan;
komissiyaviy oylik ko‘rigi o‘tkazish jarayonlarini real vaqt rejimida monitoring qilish va amallarni elektron hujjatlar orqali bajarish imkonini beruvchi temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlashning raqamli texnologiyasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Temir yo‘l transporti infratuzilmasining holatini kompleks baholash uslubiyoti va tizimini joriy etish asosida poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
temir yo‘l transportida poezdlar harakati va manyovr ishlaridagi nuqsonlarni baholash tizimi asosida hodisalarning sodir etish xavf darajalarini aniqlash, poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashning baholash tizimi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ, “Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasi” AJ, “UZ-KOR GAS CHEMISAL” qo‘shma korxonasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Farg‘onaazot” AJga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 26-yanvardagi 4/E122-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, temir yo‘l transporti infratuzilmasidagi xavflarni aniqlash, xavflarni bartaraf etishda inson omilini 30% ga kamayishiga erishilgan;
temir yo‘l infratuzilma obektlari holatini belgilovchi mezonlarning matematik modeli hamda komissiyaviy oylik ko‘rigi o‘tkazish jarayonlarini real vaqt rejimida monitoring qilish va amallarni elektron hujjatlar orqali bajarish imkonini beruvchi temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlashning takomillashtirilgan raqamli texnologiyasi “Farg‘onaazot” AJ, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MChJ, “Navoiyazot” AJ, “UZ-KOR GAS CHEMISAL” qo‘shma korxonasi va “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 26-yanvardagi 4/E122-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, harakat xavfsizligi bilan bog‘liq hodisalarni 16-20% ga kamaytirishga erishilgan.