Akbarov Nodirbek Askaralievich
falsafa fanlari doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Gruntlardagi to‘lqin jarayonlarini sonli modellashtirish va ularni algoritmlash xususiyatlari” mavzusidagi 05.01.07 - “Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T2084
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Sultanov Karim Sultanovich, fizika - matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA M.T.O‘rozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, DSc.05/2025.27.12.T/FM.10.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Mardonov Botir Mardonovich fizika-matematika fanlari doktori, professor
Mamadaliev Xusniddin Abdujalilovich texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
Yetakchi tashkilot nomi: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi grunt muhiti va er osti quvurida nochiziq, nostasionar to‘lqinlarning tarqalish jarayonining matematik modellarini ishlab chiqish, modelning nochiziq tenglamalarini echishning sonli usulini tanlash va asoslash, EHMda echish algoritmi asosida dasturini tuzish, sonli natijalarni olish va ularni tahlil qilishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
grunt muhiti va er osti inshootining o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda, bog‘langan to‘lqin masalalarini algoritmlash, diskretlash xususiyatlari, ikkita ustma - ust tutash xarakteristik tekisliklarda ilk bor o‘rganilgan;
ikkita parallel xarakteristik tekisliklarda sonli echimlarni olishni algoritmlashning o‘ziga xos xususiyatlari, bifurkatsiya va noustuvorlikni bartaraf etish usullari aniqlangan;
ko‘rib chiqilayotgan nochiziq to‘lqin masalalarining sonli echimlari noustuvorligi, bifurkatsiyasining yuzaga kelish sabablari aniqlangan va ularni bartaraf etish usullari ishlab chiqilgan, shuningdek nochiziq, nostasionar, bir o‘lchovli to‘lqin masalalarining ustuvor sonli natijalarini olish bo‘yicha tavsiyalar berilgan;
sonli echimlar tahlili asosida seysmik ta’sirlarda er osti quvurlarining buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan quvurda so‘nmasdan tarqaladigan sezilarli amplitudaga ega solitonga o‘xshash bo‘ylama to‘lqin aniqlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Grunt muhiti va er osti quvuri o‘zaro ta’sirini hisoblash uchun mo‘ljallangan matematik modellar, sonli usullar, algoritm va dasturdan foydalanib olingan natijalar asosida:
ikkita ustma - ust tutash xarakteristik tekisliklarda, grunt muhiti va er osti quvurining o‘zaro ta’sirini hisoblash masalalari uchun olingan yuqori darajadagi aniqlikdagi natijalar “Turli xarakterdagi yuklamalarda grunt bilan o‘zaro ta’sirdagi er osti quvurlari va er usti transport inshootlari konstruksiyalarining seysmodinamikasi” mavzudagi ilmiy loyihani bajarish jarayonida qo‘llanilgan (O‘zR Fanlar Akademiyasining 2025 yil 11 avgustdagi 2/1255 - 1950 sonli ma’lumotnomasi). Ushbu dissertatsiya ishida ishlab chiqilgan usul va tavsiyalardan foydalanish er osti quvurlari seysmodinamikasi va to‘lqin nazariyasi asosida olingan natijalarni solishtirish imkonini bergan;
bino va inshootlardagi er osti quvurlarini loyihalashda quvur bilan gruntning o‘zaro ta’sirida yuzaga keladigan bifurkatsiyani bartaraf etish hamda quvurda sezilarli amplitudaga ega bo‘lgan solitonga o‘xshash bo‘ylama to‘lqin vujudga kelishi va uning oldini olish usullari “Farg‘onaumumtadbirqurloyiha” MChJning “Beshariq tumani Yangi Xayot MFY Shaboda ko‘chasida tashkil etilayotgan yashil maydon hududiga yomg‘irlatib sug‘orish tarmog‘i tortish hamda zamonaviy ko‘rinishga keltirish” loyiha ishlarida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy - joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 27 avgustdagi 34 - 06/9697 - sonli ma’lumotnomasi). Natijada er osti quvurlarining joylashish chuqurligi va gruntning buzilish darajalarini nazariy yo‘l bilan hisoblanganda tajribalar o‘tkazish orqali aniqlanishiga nisbatan iqtisodiy samaradorlik 15 - 20 % gacha ortishi hamda quvurning mustahkamlik zahirasini 1.2 marta oshirilishiga erishilgan;
er osti quvurlarini loyihalashda quvurlarning zilzilabardoshligini va o‘lchamlarini tanlab olish uchun dissertatsiyada taklif qilingan usul va tavsiyalardan “Namanganarxitektqurilishloyiha” instituti MChJning Kosonsoy tuman Gulmiron aholi yashash manzilini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda oqavasuv tarmog‘ini loyihalash ishlarida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy - joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 27 avgustdagi 34 - 06/9697 - sonli ma’lumotnomasi). Natijada seysmik hududga tegishli bino va inshootlarga o‘tkazilgan er osti quvurlarining seysmik mustahkamligini ta’minlash hamda quvur chuqurligi va o‘lchamlarini hisobga olib shakllantirish uchun sarflanadigan vaqt 15 - 20% gacha kamayishiga va iqtisodiy samaradorlik 1.2 martagacha ortishiga erishilgan.