Gulyamova Shaxnoza Kaxramonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek tili evfemizmlarining gender xususiyatlari», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil383.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Xodjaeva Dilafro‘z Izatilloevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD); Jabborov Xo‘jamurod, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili evfemizmlarida gender xususiyatlarning namoyon bo‘lishi tamoyillari va evfemizmda gender ma’noning voqelanishida pragmatik, lingvokul`turologik omillarni asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tilidagi evfemizmlarni vujudga keltiruvchi qo‘rquv, irim, ijtimoiy-siyosiy, shaxsiy omillar sirasida yashash tarzi, kelib chiqish, shaxs sifati, didi, saviyasi, yoshi, ko‘rinishi, jismoniy-aqliy salohiyati hamda madaniy darajalar – nutq odobi, o‘zini tutishning roli ustuvor ekanligi aniqlangan;
nutqda gender xoslangan ma’noning yuzaga chiqishida talaffuz xususiyati, so‘z, grammatik qo‘shimcha, gap qurilishi kabi lisoniy, imo-ishora, sukut, yuz ifodasi, qo‘l, elka harakati singari nolisoniy hamda xalqning tarixi, etnogenezi, taraqqiyoti kabi madaniy omillar hamkorlikda tizimli amal qilishi matnlar asosida dalillangan;
o‘zbek tilida aytilishi odob me’yorlariga zid bo‘lgan, yoqimsiz va uyat sanalgan birliklarning erkak va ayol nutqiy muloqotida evfemiklashuvining kasb, tarbiya, fe’l-atvor va ruhiy holatga oid leksik-semantik guruhlari farqlangan;
til vositalarini pragmatik tadqiq qilishning shaxs, nutqiy vaziyat, nutq sharoiti, payti, o‘rni kabi omillar bilan bog‘liqligi va o‘zbek tilidagi evfemizmlarda gender ma’no voqelanishida shaxs va vaziyat omili yetakchilik qilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek tili evfemizmlarining gender xususiyatlarini tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek tilshunosligidagi evfemizmlarning xususiyatlari tavsifi asosida filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar, soha mutaxassislari hamda evfemizmlar gender xoslanishi bilan qiziquvchilarga mo‘ljallab «O‘zbek tili gender xoslangan evfemizmlarining qisqacha izohli lug‘ati»ni yaratishda foydalanilgan (ISBN 978-9943-5927-2-8). Natijada «5120100-Filologiya va tillarni o‘qitish» bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun «Leksikologiya», «Nutq madaniyati», «Lingvokul`turologiya» va «Pragmalingvistika» fanlari ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarida asos bo‘lib xizmat qilgan va o‘zbek tilida mavjud evfemizmlarning gender xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan ifodalarni qamrab oluvchi hamda o‘zbek leksikografiyasini to‘ldirishga xizmat qiladigan lug‘at yaratilgan;
o‘zbek tiliga xos evfemizmlarda gender ma’noning lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligida amal qilishini yoritish bilan bog‘liq ilmiy natijalardan 2008-2010 yillarda bajarilgan XT–F2-004-raqamli «O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 3 oktyabrdagi 89-03-3709-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi mamlakatimizda o‘zbek tili va fol`klor an’analarining o‘zaro ta’siri va mushtarakligi hamda uni chuqurlashtirish nutq ko‘rki bo‘lgan evfemizmlarga ham bog‘liqligini ilmiy asoslash imkonini bergan;
evfemizmlarda gender xususiyatlarning namoyon bo‘lishida shaxs psixologiyasining o‘rni masalalarini yoritishda 2014-2017 yillar davomida bajarilgan «O‘zbek amaliy psixolingvistikasini yaratish dasturini ishlab chiqish» nomli A-1-39 raqamli amaliy ilmiy-texnik grantda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 3 oktyabrdagi 89-03-3709-son ma’lumotnomasi). Natijalar muloqot madaniyatini yuksaltirishning psixolingvistik asoslari gender xususiyatlarning milliy madaniyat bilan uzviy bog‘liqligini ifodalashda zaruriy ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan;
o‘zbek tilida gender munosabatdagi so‘zlarning milliylik xususiyatlari, so‘z qurilishi va tarkibi, milliy tasviriy va amaliy san’at atamalarining milliy-gender xususiyatlari tahlili, o‘zga tilda milliy ma’noni voqelantirishda lisoniy omillarning roli, atamalarda milliy-gender ma’noning voqelanishida lisoniy va pragmatik omillar hamkorligi, o‘zbek tilida gender xoslangan atamalar mavjudligi kabi masalalar tadqiqida YoA1-FQ-0-07289 raqamli «Milliy amaliy va tasviriy san’at atamalarining qisqacha o‘zbekcha, ruscha, inglizcha izohli lug‘ati» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 3 oktyabrdagi 89-03-3709-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natija atamalarda gender ma’noning voqelanishida lisoniy omillar (fonetik, leksik, grammatik) bilan bir qatorda pragmatik omillar (shaxs omili, nutqiy vaziyat, nutq sharoiti, nutq payti, nutq o‘rni) ham muhim o‘rin tutishi haqidagi fikrlarning mukammalashtirilishiga xizmat qilgan;
evfemizmlar va ularning gender xususiyatlaridan 2017–2019 yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Qorachiq», «Ijod mahsuli» ko‘rsatuvlarining ssenariysini tuzishda foydalanildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 23 sentyabrdagi 01-40-1933-son ma’lumotnomasi). Natijada, muloqot jarayonida erkak va ayolning ijtimoiy sinfi, ijtimoiy vaziyati kabi omillar inobatga olingan holda, o‘zbek tili evfemizmlarining gender xususiyatlari bilan bog‘liq yangicha qarashlar shakllantirilgan.