Gulimov Quvondiq Xamzaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan va lalmi tuproqlarning xossalarini aniqlashda spektroskopiya usullaridan foydalanish asoslari (Parkent va Mirzaobod tumanlari misolida)», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiyasi mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2025.2.PhD/B1527.
Ilmiy rahbar: Baxodirov Zafar Abduvalievich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiyasi bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.06.01.
Rasmiy opponentlar: Qodirova Dilrabo Abdukarimovna, biologiya fanlari doktori, professor; Faxrutdinova Mashkura Fazliddinovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘oriladigan tipik bo‘z va bo‘z-o‘tloqi hamda lalmi tipik bo‘z tuproqlar xossalarini spektroskopiya usullaridan foydalangan holda aniqlash va tuproq spektroskopiyasi usuli samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan tipik bo‘z va bo‘z-o‘tloqi hamda lalmi tipik bo‘z tuproqlar xossalarini ularning spektral xossa-xususiyatlari orqali ifodalangan hamda tuproq tadqiqotlarini bajarishda spektroskopiya texnologiyalari samaradorligi yuqoriligi (o‘rtacha 8-10 barobar) asoslangan;
spektral modellar ishlab chiqilgan va uning samaradorligini baholashda prognoz og‘ish nisbati (RPD) mezonidan foydalanilganda modellar natijalari asosan 2,0 va 2,5 oralig‘ida bo‘lib, yaxshidan-juda yaxshi darajagacha ekanligi aniqlangan;
LV va iPLS usullari asosida tuproq spektral modellari natijalari kalibrovka qilinganda ularning aniqlilik darajasi ortishi (o‘rtacha 10-15%) isbotlangan;
sug‘oriladigan va lalmi tuproqlarning spektral xossa-xususiyatlari o‘zaro farqlanishi
(Vis-NIR diapozonining ~2000-2300 nm, MIR uchun ~3600-3000 cm-¹ to‘lqin uzunliklarida) ilmiy isbotlangan;
tayanch hududlarning sug‘oriladigan tipik bo‘z va bo‘z-o‘tloqi hamda lalmi tipik bo‘z tuproqlari xossa-xususiyatlarini aks ettiruvchi modellar ishlab chiqilgan va ularning ishonchlilik darajasi 75-94% ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Sug‘oriladigan va lalmi tuproqlarning xossalarini aniqlashda spektroskopiya usullaridan foydalanish asoslari bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
Parkent tumani «Navbahor» va «Changi 2-uchastka» massivlari hamda Mirzaobod tumani G.Yunusov nomli massivlari uchun 1:10000 masshtabli sug‘oriladigan va lalmi tuproqlari bo‘yicha mavzuli xaritalari ishlab chiqilgan va massivlar hududidagi qishloq xo‘jaligi maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 12 dekabrdagi 05/05-04-886-son maʼlumotnomasi). Natijada, ushbu mavzuli xaritalar ma’lumotlari tayanch massivlardagi sug‘oriladigan va lalmi tuproqlarning xossa-xususiyatlarini hisobga olgan holda tuproq qoplamini muhofaza qilish, tuproq unumdorligini barqarorlashtirishga qaratilgan agrokimyoviy va agromeliorativ tadbirlarini to‘g‘ri belgilash imkonini bergan;
«Toshkent viloyatining Parkent tumani va Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi sug‘oriladigan tuproqlar holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi» yaratilgan va Toshkent hamda Sirdaryo viloyatlari Qishloq xo‘jaligi boshqarmalarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 12 dekabrdagi 05/05-04-886-son maʼlumotnomasi). Natijada, mazkur ma’lumotlar bazasi asosida tadqiqot hududi tuproqlarida gumus va oziqa elementlarini ta’minlanganlik holatiga ko‘ra o‘g‘it me’yori va muddatlarini to‘g‘ri belgilash, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirish bo‘yicha tadbirlarni rejalashtirish imkonini bergan;
«Toshkent viloyati Parkent va Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanlari tuproqlari spektral kutubxonasi» nomli ma’lumotlar bazasi yaratildi va Toshkent hamda Sirdaryo viloyatlari Qishloq xo‘jaligi boshqarmalarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 12 dekabrdagi 05/05-04-886-son maʼlumotnomasi). Natijada, spektral kutubxona yordamida tuproqdagi gumus, fosfor, kaliy, mexanik tarkib va sho‘rlanish darajasi kabi ko‘rsatkichlarni tezkor, tejamkor usulda baholash orqali tuproq unumdorligini monitoring qilish, agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, ekin joylashtirish xaritalarini ishlab chiqish va raqamli dehqonchilik tizimlarini takomillashtirish imkonini bergan;
Mirzaobod tumani G.Yunusov nomli massivi «Mirzaobod-agro-cluster» MChJ uchun
1:5 000 masshtabli sug‘oriladigan tuproqlarining agrokimyoviy hamda sho‘rlanganlik darajasi bo‘yicha xaritagrammalari tuzilgan va fermer xo‘jaligining 186,8 gektar er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 12-dekabrdagi 05/05-04-886-son maʼlumotnomasi). Natijada, mazkur kartografik materiallar fermer xo‘jaligi tuproqlarida organik va mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yorda qo‘llash, sho‘r yuvish tadbirlarini o‘tkazish orqali tuproqlarning agrokimyoviy va agromeliorativ holatini yaxshilash imkonini bergan.