Begmatov Murodjon Turg‘un o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Aylanuvchi mexanizmlar mexanik quvvatini o‘lchash va nazorat tizimi uchun burchak tezlanish datchiklari”, 05.01.06- Hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6152.
Ilmiy rahbar: Texnika fanlari nomzodi, dotsent. Baratov Rustam Jalilovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc. 03/2025.27.12.T.02.03.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Alimova Nodira Batirjanovna; texnika fanlari nomzodi, dotsent Sapaev Mamatkarim Solievich
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat Transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aylanuvchi mexanizmlar mexanik quvvatini o‘lchash va nazorat qilish tizimi uchun aniqligi va ishonchliligi yuqori, sodda konstruksiyaga ega burchak tezlanish datchiklarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
inersion massaning og‘irlik markazini muvozanatlash, statik xarakteristikaning chiziqliligini orttirish va konstruksiyasini soddalashtirish hisobiga aniqligi va ishonchliligi yuqori, chiqish signali bevosita impuls signaldan iborat bo‘lgan burchak tezlanish datchigining yangi konstruksiyalari ishlab chiqilgan;
murakkab geometrik shaklga va havo tirqishiga ega bo‘lgan magnit zanjirlarni hisoblashda aniqligi yuqori va vizual bo‘lgan cheklangan elementlar metodi asosida magnit maydon sochilishi va chet effekti inobatga olish imkonini beruvchi matematik modellar ishlab chiqilgan;
aylanuvchi mexanizmlar mexanik quvvatini o‘lchash va nazorat qilishda burchak tezlanish datchigidan foydalanish asosida beqaror tez o‘zgaruvchan yuklama va past chastotali doimiy vibratsiya ta’sirini inobatga olgan holda mexanik quvvatni o‘lchash aniqligi va sezgirligi orttirilgan;
 aylanuvchi mexanizmlar mexanik quvvatini o‘lchash va nazorat qilishda faza kechikishini rostlash va maksimal sezgirlikni ta’minlaydigan chastota diapazonini aniqlash imkoniyatini beruvchi burchak tezlanish datchigining amplituda-chastota va faza chastota spektrlarining analitik ifodalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.   Aylanuvchi mexanizmlar mexanik quvvatini o‘lchash va nazorat qilishning elektromagnit burchak tezlanish datchiklarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
o‘lchash aniqligi va sezgirligi yuqori, konstruksiyasi sodda bo‘lgan ishlab chiqilgan elektromagnit burchak tezlanish datchiklari Parkent tumanidagi “Boyqozon zamin in’omi” fermer xo‘jaligi  traktorlari quvvat olish vali burchak tezlanish orqali mexanik quvvatni o‘lchash uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 11-noyabrdagi 05/04-04-772-son ma’lumotnomasi). Natijada aylanuvchi mexanizmlar mexanik quvvatini 0.8 % umumiy xatolik bilan o‘lchash natijasida qishloq xo‘jalik traktorlarining yoqilg‘i sarfini gektariga 2-5 litr tejash imkonini bergan.
aylanuvchi mexanizmlar mexanik quvvatini o‘lchash va nazorat qilishda faza kechikishini rostlash va maksimal sezgirlikni ta’minlash hisobiga ishlab chiqilgan elektromagnit burchak tezlanish datchiklari “Boyqozon zamin in’omi” fermer xo‘jaligidagi traktorlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 11-noyabrdagi 05/04-04-772-son ma’lumotnomasi). Natijada datchikning o‘lchash zanjirini samarali loyihalash tufayli dinamik xatolik 1.5 % ga kamaytirilgan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish