Qarshiev Humoyun Komilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Texnogen xomashyodan kobalt ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish», 05.02.01 – Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5325.
Ilmiy rahbar: Xasanov Abdirashid Salievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISIS”ning Olmaliq shahridagi filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISIS”ning Olmaliq shahridagi filiali, DSc.31/2025.27.12.T.04.01.
Rasmiy opponentlar: Shadrunova Irina Vladimirovna, texnika fanlari doktori, professor; Berdiyarov Bahriddin Tilovkabulovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: rux zavodining kadmiy ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan texnogen chiqindilardan, xususan kobalt-nikel kekidan kobaltni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
texnogen xomashyo - Co-Ni keklari bo‘yicha kompleks tadqiqotlar olib borilgan, ularning kimyoviy, mineralogik va fazaviy tarkibi, shuningdek, kobalt birikmalarining mavjud bo‘lish shakllari aniqlangan va kobaltni ajratib olishning maqbul texnologik sxemasi tanlash bilan asoslangan;
kobalt saqlovchi xomashyoni kislotali selektiv tanlab eritishning optimal parametrlari (H₂SO₄ konsentratsiyasi - 150 g/l va jarayon harorati - 80 °C. Ushbu parametrlar temir va marganes kabi yo‘ldosh qo‘shimchalarning eritmaga minimal o‘tishi sharoitida kobaltni 94,8% darajasida yuqori ajratib olishni ta’minlagan) aniqlangan;
eritma pH qiymati 3,5–4,0 oralig‘ida bo‘lgan sharoitda hamda kadmiyni cho‘ktirish uchun rux kukuni sarfi 2,3 g/l ni tashkil etganda, kobalt va nikelni kadmiydan sementatsion tozalash jarayonining qonuniyatlari aniqlangan;
Co2+/NaOCl = 1:20 massa nisbatda natriy gipoxlorit qo‘llanilganda eritmaning pH 4,4-4,7 va 750C haroratda eritmadan kobaltni oksidlab cho‘ktirishning maqbul parametrlari aniqlangan, eritmadan kobaltni ajratib olish darajasi 94,4% bo‘lishi isbotlangan;
gidro va pirometallurgik jarayonlarni oqilona uyg‘unlashtirish asosida kobalt tarkibli texnogen chiqindilarni kompleks qayta ishlash va kobalt oksidi olishning samarali texnologik sxemasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Texnogen chiqindilardan kobalt va unga yo‘ldosh qimmatbaho komponentlarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kobalt-nikel kekini tanlab eritish, sementatsiyalash, oksidlab cho‘ktirish va yuqori haroratda toblash orqali piro-gidrometallurgik qayta ishlash texnologiyasi “Olmaliq KMK” AJ Rux zavodining “Kadmiy” sexida amaliyotga joriy etilgan (“Olmaliq KMK” AJning 2026 yil 22 yanvardagi 01-26/61-00156-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqilgan texnologiya asosida Cd, Co va Zn metallarini ajratib olish darajasini oshirish imkonini bergan;
kobalt-nikel kekini sulfat kislotada tanlab eritish va eritmadan kadmiyni sementatsiyalash texnologiyasi “Olmaliq KMK” AJ Rux zavodining “Kadmiy” sexida amaliyotga joriy etilgan (“Olmaliq KMK” AJning 2026 yil 22 yanvardagi 01-26/61-00156-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, eritmaning pH ko‘rsatkichini 3,8 ga ko‘tarib, rux kukuni qo‘llagan holda tarkibida 91,27 % kadmiy bo‘lgan kek olish imkonini bergan;
kadmiyni rux kukuni bilan sementatsiyalashdan so‘ng olingan eritmadan kobaltni oksidlab cho‘ktirish texnologiyasi “Olmaliq KMK” AJ Rux zavodining “Kadmiy” sexida amaliyotga joriy etilgan (“Olmaliq KMK” AJning 2026 yil 22 yanvardagi 01-26/61-00156-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tarkibida kobalt oksidi 56% bo‘lgan kek olingan, bunda kobaltni kekka ajratib olish darajasi 94,4% ni tashkil etgan, hamda rux ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan tarkibida rux bo‘lgan eritma olish imkonini bergan.