Togaeva Xolida Rajabovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi bug‘doy hosildorligiga sug‘orish tartibi va urug‘larini bentonit gillari bilan qobiqlash me’yorining ta’siri (Qashqadaryo viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida)”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Qx1121
Ilmiy rahbar: Yodgorov Normumin Gʻulomovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti, PhD.08/2025.27.12.Qx.07.01.
Rasmiy opponentlar: Bobomirzaev Pirnazar Xursanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Yormatova Dilarom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qashqadaryo viloyatining och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doy hosildorligiga sug‘orish tartibi va urug‘larini bentonit gillari bilan qobiqlash me’yorining ta’sirini aniqlash hamda ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning «Shukrona» va «Turon» navlari etishtirishda sug‘orish tartibi hamda urug‘larni bentonit gillari bilan ishlov berish agrotexnologiyasi ishlab chiqilgan;
kuzgi bug‘doy urug‘lari ekish oldi bentonit gili bilan 30, 40 va 50 kg/t me’yorida ishlov berilganda laboratoriya unuvchanligi 5,6-6,2 %, unib chiqish energiyasi 5,0-8,5 % ga yuqori bo‘lib, ildizlarni jadal shakllanishini ta’minlagan. Dala sharoitida kuzgi bug‘doyni mineral o‘g‘itlar NPK 180:90:60 kg/ga + 40 kg/t me’yorida urug‘larni ekish oldi bentonit gillari bilan ishlov berilib parvarishlanganda dala unuvchanligi 13,5 % ga, o‘simliklarning qishlab chiqish darajasi 6,6 % ga yuqori bo‘lganligi qayd etilgan.
kuzgi bug‘doy tuproq namligi ChDNSga nisbatan 75-80-70 % sug‘orish tartibida 4 marta sug‘orib parvarishlanganda o‘simlik poyasi 7,9-9,5 sm, umumiy poyalar soni 35,4-69,7 dona/m2 va mahsuldor poyalar soni 13,7-23,4 dona/m2 ga oshgan. Urug‘larni bentonit gillari bilan ishlov berilganda esa o‘simlik poyasi uzunligi 2,5-7,2 sm, umumiy poyalar soni 40,3-187,9 dona/m2 va mahsuldor poyalar soni 9,9-85,4 dona/m2 ga oshishini ta’minlagan;
kuzgi bug‘doyni mineral o‘g‘itlarni NPK 180:90:60 kg/ga + 40 kg/t bentonit bilan urug‘larni qobiqlab, sug‘orishni tuproq namligi ChDNSga nisbatan 75-80-70 % tartibida sug‘orib parvarishlanganda don hosildorligi eng yuqori 65 s/ga, somon hosili esa 84,1 s/ga ni tashkil qilgan. Ammo, ushbu yuqori ChDNS ning 75-80-70 % sug‘orish tartibida donning sifat ko‘rsatkichlari tuproq namligi ChDNS 70-75-60 % tartibida sug‘orilganga nisbatan don tarkibidagi oqsil miqdori 0,8 %, kleykovina 1,5 %, shishasimonlik 3,8 % va don naturasi 36,9 g/l ga kamayganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi yumshoq bug‘doy navlarining don hosiliga sug‘orish tartibi va urug‘larni bentonit gillari bilan qobiqlash me’yorining ta’siri bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida:
kuzgi bug‘doy etishtiriladigan fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar uchun “Kuzgi bug‘doy hosildorligiga sug‘orish tartibi va urug‘larini bentonit gillari bilan qobiqlash me’yorining ta’siri bo‘yicha tavsiyanoma” ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 29-maydagi 05/05-03-218-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar uchun qo‘llanma sifatida keng foydalanib kelinmoqda.
och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doyning “Shukrona” navini sug‘orishni ChDNSning 75-80-70 % tartibida, mineral o‘g‘itlar NPK180:90:60 kg/ga + bentonit gillari bilan 40 kg/t (urug‘ qobiqlash) agrotadbirlari Qarshi tumanidagi “Husanov Husniddin Normamatovich” (10 ga), “Choriev Mardon Nomozovich” (15 ga) fermer xo‘jaliklarida va Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining tajriba xo‘jaligida (0,4 ga), jami 25,4 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 29-maydagi 05/05-03-218-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, bentonit gillari bilan ishlov berilmaganga nisbatan qo‘shimcha 26,0-31,2 s/ga don hosili olingan, sof daromad 4603875 so‘m/ga, rentabellik darajasi 35,5 % ni tashkil etgan;
kuzgi bug‘doyning “Turon” navi sug‘orishni tuproq namligi ChDNSning 75-80-70 % tartibida, mineral o‘g‘itlar NPK180:90:60 kg/ga + bentonit gillari bilan 40 kg/t (urug‘ qobiqlash) agrotadbirlari Qarshi tumanidagi “Shaxzodbek asl dalasi” (15 ga), “Diyorbek Azim Hamkor” (12 ga) fermer xo‘jaliklarida, jami 27,0 ga maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 29-maydagi 05/05-03-218-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, bentonit gillari bilan ishlov berilmay parvarishlangan maydonlarga nisbatan qo‘shimcha 28,3-34,7 s/ga don hosili olinib, sof daromad 5247875 so‘m/ga.ni tashkil qilib, rentabellik darajasi 40,5 % bo‘lishiga erishilgan.