Berdiev Nodir Sharifovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Pseudomonas aeruginosa bakteriyasining lipazasi-ajratib olinishi, xususiyatlari, biotexnologiyada qo‘llanilishi», 02.00.10–Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/K200.
Ilmiy rahbar: Ziyavitdinov Jamolitdin Fazlitdinovich, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Tilyabaev Zaitjon, biologiya fanlari doktori, professor; Tashmuxamedov Mugrajiddin Salaxovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Pseudomonas aeruginosa A12 bakteriyasidan yuqori faol lipaza fermentini ajratib olish, uning fizik-kimyoviy xususiyatlarini aniqlash, qattiq matrisalarga immobillash va biotexnologik jarayonlarda qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Pseudomonas aeruginosa A12 bakteriyasini paxta yog‘li ozuqa muhitida 30oS da o‘sishi sharoitlari maqbullashtirilgan va unda lipaza fermentining hosil bo‘lish dinamikasi aniqlangan;
Pseudomonas aeruginosa A12 bakteriyasi kul`tural suyuqligidan ion-almashinish va gidrofob xromatografiyalar yordamida yangi lipaza fermentini gomogen holda ajratib olish usuli ishlab chiqilgan;
yangi fermentning fizik-kimyoviy va katalitik xususiyatlari hamda uning aminokislota tarkibi aniqlangan;
ilk bor yangi lipazaning birlamchi tuzilishi aniqlangan va uning fazoviy tuzilishini matematik modeli yaratilgan;
ajratib olingan yuqori faol lipaza fermenti asosida yangi affin sorbentlar sintez qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Pseudomonas aeruginosa mahalliy shtammidan ajratib olingan lipazani qattiq matrisaga yo‘naltirilgan holda sintez qilingan affin sorbent bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sintez qilingan sorbent asosida uch bosqichli uchta kolonnadan tashkil topgan yog‘ kislotalari efirlari, ya’ni biodizelni fermentativ usulda olishning optimal tizimi O‘zbekiston Respublikasi «Muqobil yoqilg‘i va energiya korxonalari» assotsiatsiyasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Muqobil yonilg‘i va energiya korxonalari assotsiatsiyasi»ning 2019 yil 6 dekabrdagi 665-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu optimal tizim asosida paxta yog‘idan 98% unum bilan yog‘ kislotalarining alkil efirlarini olish imkonini bergan;
biodizelni fermentativ usulda olishning optimal tizimidan Xitoy Fanlar akademiyasi, Shinjon fizika va kimyo-texnika instituti “International Science and Technology Center Projects” loyihasida fermentativ usulda chiqindi yog‘lardan yog‘ kislotalarining alkil efirlarini olishda foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasi, Sin`szyan fizika va kimyo-texnika instituti ma’lumotnomasi). Natijada chiqindi yog‘lardan fermentativ usulda ekologik toza bioyoqilg‘i olish imkonini bergan.