Suyunova Fotima Bahodir qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Raqamlashtirish – turizm eksport salohiyatini oshirishda asosiy omil sifatida: xorij tajribasi”, 08.00.09 – Jahon iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Iqt4764
Ilmiy rahbar: Tashpulatova Laylo Maratovna, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.11/25.08.2022.I.24.03
Rasmiy opponentlar: Butikov Igor Leonidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Talipova Nigora Tulkunovna, iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Raqamlashtirishning turizm xizmatlari eksportiga oid konseptual yondashuvlarni o‘rganish va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish asosida raqamlashtirish orqali O‘zbekiston turizm sohasining eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Raqamli transformatsiyani o‘rganishning zamonaviy nazariy va empirik yondashuvlari tizimli tahlili asosida bosh komponentlar tahlili (Principal Component Analysis, PCA) usuli yordamida turizm sohasini raqamlashtirishning integral indeksi ishlab chiqildi. Mazkur indeks asosida 85 ta mamlakat misolida turizm sohasining raqamlashtirish darajasi miqdoriy jihatdan baholanib, mamlakatlar o‘rtasidagi tarkibiy tafovutlar aniqlandi.
Turizm sohasining raqamlashtirish darajasiga ko‘ra mamlakatlarni tizimlashtirish maqsadida klaster tahlili usulidan foydalanilgan holda raqamli etuklik darajasi bo‘yicha mamlakatlar tasnifi ishlab chiqildi. Natijada to‘rtta asosiy guruh shakllantirildi: raqamli rivojlanish darajasi nisbatan past bo‘lsa-da, turizm infratuzilmasi rivojlangan davlatlar; raqamli, innovatsion va turizm ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan mamlakatlar; raqamli rivojlanish darajasi barqaror hamda turizm ko‘rsatkichlari muvozanatlashgan davlatlar; shuningdek, raqamli infratuzilma ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan mamlakatlar.
Turizmni raqamlashtirish darajasi va uning eksport salohiyati o‘rtasidagi bog‘liqlik empirik jihatdan asoslab berildi. An’anaviy gravitatsion model asosida raqamlashtirish integral indeksining turistik xizmatlar eksportiga ta’sir etuvchi muhim omil sifatidagi miqdoriy bahosi amalga oshirildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, boshqa shart-sharoitlar o‘zgarmagan holda raqamlashtirish indeksi qiymatining bir birlikka oshishi xalqaro turistik tashriflar hajmining 1,6 foizga ortishiga olib kelishi aniqlandi.
Turizm sohasining raqobatbardoshligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishni ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda turizmning raqamli transformatsiyasiga qaratilgan kompleks strategiya ishlab chiqildi. Mazkur strategiya to‘rtta ustuvor yo‘nalish – texnologik modernizatsiyani jadallashtirish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, yagona raqamli platformani shakllantirish hamda raqamli turistik mahsulotlarni ilgari surishni qamrab oladi va ularni amalga oshirish mexanizmlari hamda amaliy chora-tadbirlarini o‘z ichiga oladi.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston turizm eksportini oshirishda raqamlashtirishni o‘rnini baholash boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Dissertatsiyaning birinchi ilmiy yangiligi – bosh komponentalar tahlili (Principal Component Analysis) usuli yordamida shakllantirilgan raqamli turizm integral indeksining natijalari O‘zbekistonda raqamli turizmni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, shuningdek, turizm sohasini raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan ilmiy-tahliliy materiallarni tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3717-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining 2026-yil 24-apreldagi I-206-3-son ma’lumotnomasi).
Dissertatsiyaning ikkinchi ilmiy yangiligi, ya’ni muallif tomonidan klaster tahlili asosida taklif etilgan mamlakatlar tasnifi O‘zbekiston Respublikasi turizm tarmog‘ini raqamlashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishda, shuningdek, aniqlangan mamlakatlar guruhlari va ularning o‘ziga xos raqamli rivojlanish modellari asosida ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3717-son ma’lumotnomasi; O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining 2026-yil 24-apreldagi I-206-3-son ma’lumotnomasi).
Dissertatsiyaning uchinchi ilmiy yangiligi – raqamlashtirishning turizm tarmog‘iga ta’sirini empirik baholash natijalari O‘zbekiston Respublikasi turizm tarmog‘ining eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3717-son ma’lumotnomasi; O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining 2026-yil 24-apreldagi I-206-3-son ma’lumotnomasi).
Dissertatsiyaning to‘rtinchi ilmiy yangiligi – turizm tarmog‘ini raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son “2030-yilgacha mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan turizm tarmog‘ining raqamli infratuzilmasini rivojlantirish va turistik xizmatlar eksportini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3717-son ma’lumotnomasi; O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining 2026-yil 24-apreldagi I-206-3-son ma’lumotnomasi).