Lapasov Asliddin To‘lqin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Virtual makonda mualliflik huquqini ta’minlash masalalari”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Yu1622
Ilmiy rahbar: Yakubov Axtam Nusratilloevich, yuridik fanlar doktori, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03
Rasmiy opponentlar: Musaev Bekzod Tursunboevich, yuridik fanlar doktori, professor; Safoeva Sadoqat Musoevna, yuridik fanlari doktori
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi Virtual makonda mualliflik huquqi ob’ektlarini aniqlash, javobgarlikni belgilash va mualliflar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazaga kiritish, yuritish va texnik ta’minlashning yagona huquqiy-tashkiliy mexanizmini ishlab chiqish, shuningdek, ushbu jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasini belgilash zarurati asoslantirilgan;
mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada muddatsiz saqlash zarurati raqamli muhitda kontentning tezkor o‘zgartirilishi va o‘chirilishi natijasida mualliflikni isbotlash qiyinlashib borayotganligi bilan asoslanib, ushbu nusxalarni vaqt bilan bog‘liq cheklovlarsiz saqlash orqali yaratilganlik sanasi, muallifga oid ma’lumotlar va kontentning asl ko‘rinishini istalgan vaqtda tiklash hamda nizolarni ko‘rib chiqishda rasmiy dalil sifatida foydalanish imkonini beruvchi huquqiy mexanizm sifatida asoslantirilgan;
mualliflik huquqi ob’ektlariga oid huquqbuzarliklarni aniqlashda zarur dalillar etarli taqdim etilmasligi natijasida xulosa berish jarayonida qiyinchiliklar yuzaga kelayotganligi bilan asoslanib, davlat organlari tomonidan Adliya vazirligiga yuboriladigan so‘rovlarga mualliflik ob’ektining yaratilganligini va huquqbuzarlik holatini tasdiqlovchi materiallarni majburiy ilova qilish orqali murojaatlarni aniq va asosli ko‘rib chiqish hamda xulosalarning ishonchliligini ta’minlash mexanizmi asoslantirilgan;
intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni aniqlash hamda ularning boshqa shaxslarga o‘tkazilganligi yoki foydalanish holatlarini tekshirishda hujjatlar etarli darajada aniqlashtirilmaganda, davlat organi so‘rovlari bo‘yicha shartnoma, sud qarori, meros guvohnomasi kabi huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni hamda sanoat mulki ob’ektlarining o‘xshashligini majburiy tartibda ko‘rib chiqish orqali xulosalarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash mexanizmi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Virtual makonda mualliflik huquqini tartibga solish mavzusidagi tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash hamda mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonlari va buning uchun mas’ul tashkilotni belgilashga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-avgustdagi “Mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 469-son qarori 1-bob. 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbeksiton Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2024-yil 11-dekabardagi 21-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazaga kiritish jarayonlariga xizmat qilgan;
mualliflik huquqi ob’ektining elektron nazorat nusxalari yagona bazada muddatsiz saqlanishiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-avgustdagi “Mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 469-son qarori 2-bob. 8-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbeksiton Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2024-yil 11-dekabardagi 21-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi virtual makondagi mualliflik huquqi ob’ektlarining raqamli muhitda saqlanishi jarayonlariga xizmat qilgan;
davlat organi mualliflik huquqi va turdosh huquq ob’ektlari hamda sanoat mulki ob’ektlari bo‘yicha intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holati mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida Adliya vazirligiga yozma yoki elektron shaklda so‘rov yuborganda “mualliflik huquqi va turdosh huquq ob’ektlarining yaratilish faktini tasdiqlovchi materiallar (nusxasi, chizmasi, audio yozuvi, foto va video tasvirlari hamda boshqalar) hamda “intellektual mulk huquqi buzilishi holatini tasdiqlovchi dalillar (audio yozuvi, foto va video tasvirlari hamda boshqalar) ilova qilinishiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2024-yil 10-iyuldagi “Intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan xulosa berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 11-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3529] buyrug‘ining 2-bobi 5-bandi 5-7-xatboshilarini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulkni himoya qilish boshqarmasining 2026-yil 30-martdagi ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi mualliflik huquqi va turdosh huquq ob’ektlarining yaratilish faktini aniqlash hamda intellektual mulk huquqi buzilishi holatlarini ishonchli dalillar asosida ko‘rib chiqish amaliyotini takomillashtirishga xizmat qilgan;
davlat organi tomonidan nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlar to‘liq taqdim etilgan bo‘lsa, Adliya vazirligi Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasining mas’ul xodimi tomonidan davlat organining so‘rovi bo‘yicha “intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish yoki undan foydalanish faktini tasdiqlovchi shartnoma, sud qarori, meros guvohnomasi va boshqa hujjatlar” hamda “o‘rganish ob’ekt(lar)i sanoat mulki ob’ekti hisoblanganda, uning muhofazaga ega sanoat mulki ob’ekti bilan aynan bir xil yoki unga adashtirib yuborish darajasida o‘xshashligi ko‘rib chiqilishiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2024-yil 10-iyuldagi “Intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan xulosa berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 11-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3529] buyrug‘ining 2-bobi 8-bandi 4-5-xatboshilarini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulkni himoya qilish boshqarmasining 2026-yil 30-martdagi ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni aniqlash va ularning boshqa shaxslarga o‘tkazilganligi yoki foydalanish huquqi mavjudligini hujjatlar asosida tekshirish amaliyotini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan.