Abulxayrov Rustamxon Ibodullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Portlashdan keyin ko‘zdan kechirish jarayonini takomillashtirish”, 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Yu1088.
Ilmiy rahbar: Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.04.
Rasmiy opponentlar: Tulaganova Gulchexra Zaxitovna, yuridik fanlar doktori, professor; Xusanov Anvar Djumabaevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi portlashdan keyin ko‘zdan kechirish jarayonini takomillashtirish yuzasidan ilmiy-nazariy va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va tergov amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: portlash hodisasi bilan bog‘liq hodisalar, ya’ni gaz, elektr, suvni saqlash, hisobga olish, ulardan foydalanish, ularni tashish, jo‘natish qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast etkazilishiga sabab bo‘lgan holatlar uchun alohida javobgarlik belgilash zarurligi asoslangan;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha tergov harakatlarini, jumladan, ko‘zdan kechirishni xolislarsiz o‘tkazishga yo‘l qo‘yilishi, biroq bunday tergov harakatlari fotosuratga va videoyozuvga olinishi shartligi, zarur hollarda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror (shuningdek, prokuror-kriminalist) yoki sud ko‘zdan kechirish chog‘ida o‘lchov o‘tkazishi, fotosuratga, kinotasvirga, videoyozuvga tushirishi, rejalar, sxemalar, chizmalar tuzishi, izlardan qoliplar va nusxalar hamda namunalar olishi lozimligi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa joyini ko‘zdan kechirish hamda dalillarni aniqlash va olishda prokuror (shuningdek, prokuror-kriminalist)ning bevosita qatnashishi mumkinligi asoslangan;
omborlarda hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida kimyoviy mahsulotlar bilan amalga oshiriladigan ishlar portlashlardan himoyalangan hamda uchqun chiqarmaydigan vositalar va jihozlardan foydalangan holda bajarilishi, obektlar yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi asoslangan;
portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalarni ishlatish qoidalari o‘rnatilgan tartibda belgilanishi, asbob-uskunalarning portlash xavfsizligi texnik hujjatlarda belgilangan doirada ta’minlanishi, portlash paydo bo‘lishining barcha xavfli omillari hisobga olinishi va portlashga xavfli muhitning alangalanish manbalari aniqlangan bo‘lishi, xavfli omillarni baholashda hisobga olgan holda portlash muhitida foydalanish uchun asbob-uskunalarni portlashdan himoya qilishni ta’minlash usullari tanlanishi kerakligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Portlashdan keyin ko‘zdan kechirish jarayonini takomillashtirishni ilmiy tadqiq etish natijalari asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3723-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi” asosida ishlab chiqilayotgan Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi 2572-moddasini (Gaz, elektr, suvdan foydalanish qoidalarini buzish) ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qonuniylik va huquq tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasining 2025-yil 16-yanvardagi 27/2-9-25-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi gaz, elektr va suv xo‘jaligi sohasida og‘ir oqibatlar kelib chiqqan, hozirgi vaqtda tartibga solinmagan portlash va shunga o‘xshash boshqa hodisalar uchun javobgarlik choralarini belgilashga xizmat qiladi;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha ko‘zdan kechirish va boshqa tergov harakatlarini xolislarsiz o‘tkazishga yo‘l qo‘yilishi, biroq bunday tergov harakatlari fotosuratga va videoyozuvga olinishi shart ekanligi, ko‘zdan kechirish chog‘ida izlardan namunalar olish lozimligi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa joyini ko‘zdan kechirish hamda dalillarni aniqlash va olishda prokuror (shuningdek, prokuror-kriminalist)ning bevosita qatnashishi mumkinligi haqidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining 73-moddasini uchinchi qism bilan to‘ldirish, 136-moddasi birinchi, ikkinchi qismlarini, 137-moddasi uchinchi qismini yangi tahrirda ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 12-martdagi 3/dn-52-son dalolatnomasi, 2-band, 2, 4-6-kichik bandlar). Ushbu taklifning amalga oshirilishi prokuratura organlarining nazorat funksiyasini mustahkamlashga, tergov harakatlarini soddalashtirish va zamonaviy texnik vositalardan samarali foydalanishga, dalillarni yig‘ish va saqlash jarayonini takomillashtirishga, og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tergov sifatini oshirish va dalillarni to‘g‘ri yig‘ishni ta’minlashga xizmat qiladi;
omborlarda hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida kimyoviy mahsulotlar bilan amalga oshiriladigan yuk ko‘tarish va tushirish ishlari portlashlardan himoyalangan hamda uchqun chiqarmaydigan vositalar va jihozlardan foydalangan holda bajarilishi kerakligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yo‘q qilish sohasida yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni saqlash va ulardan ishlab chiqarishda foydalanish uchun obektning (omborning) hamda ishlab chiqarish bino va inshootining yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan xulosa berishi haqidagi takliflaridan “Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yo‘q qilish sohasidagi faoliyatini nazorat qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning (Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-martdagi 121-son qarori qabul qilingan) 14-, 30-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-dekabrdagi 42-son dalolatnomasi 1-bandi). Ushbu taklifning joriy etilishi omborlarda kimyoviy mahsulotlar bilan ishlovchi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni ta’minlashga xizmat qiladi;
shuningdek, portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalarni ishlatish qoidalari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda belgilanishi, asbob-uskunalarning portlash xavfsizligi normal ish sharoitida va undan foydalanish shartlarni hisobga olgan holda texnik hujjatlarda belgilangan og‘ishlar doirasida ta’minlanishi kerakligi, asbob-uskunalarni konstruksiyalash paytida portlash paydo bo‘lishining barcha xavfli omillari hisobga olingan va portlashga xavfli muhitning alangalanish manbalari aniqlangan bo‘lishi kerakligi, xavfli omillarni baholashni hisobga olgan holda portlash muhitida foydalanish uchun asbob-uskunalarni portlashdan himoya qilishini (portlashdan himoya qilish turlari) ta’minlash usullari tanlanishi kerakligi haqidagi takliflaridan “Portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalar xavfsizligi to‘g‘risida Texnik reglament”ning (Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-yanvardagi 2-son qarori qabul qilingan) 4, 8, 15-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-dekabrdagi 42-son dalolatnomasi 2-bandi). Ushbu taklifning joriy etilishi portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan baxsiz hodisalarni oldini oladi va portlash muhitida foydalaniladigan asbob-uskunalarni portlashdan himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.