Axmedov Sherzodbek Anvarxon o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yurish tizimi transformatsiyalanadigan paxtachilik traktorini yaratishning ilmiy-texnik asoslari”, 05.07.01 - Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/T151
Ilmiy maslahatchi: Axmetov Adilbek Agabekovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.10.01
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Shoobidov Shoraxmat Asqarovich (05.07.02); texnika fanlari doktori, professor Inoyatxodjaev Jamshid Shuxratullaevich (05.08.06); texnika fanlari doktori, professor Xudayarov Anvarjon Nazirjonovich (05.07.01).
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: agrotexnik operatsiyalarni bajarish sifatini va mashina-traktor agregatining umumiy foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan, transformatsiyalanuvchi yurish tizimiga ega bo‘lgan to‘rt g‘ildirakli universal chopiq traktorining barqarorligi, manyovrchanligi va o‘tuvchanligini oshirishning ilmiy-texnik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
paxta etishtirishda turli sharoitlarga va agrotexnologik operatsiyalar talablariga moslashuvchanlikni oshirishni ta’minlaydigan, klirens, baza va koleya parametrlari pog‘onasiz rostlanadigan transformatsiyalanuvchi old va orqa ko‘priklar bilan jihozlangan universal chopiq traktorining konstruksiyasi ixtiro qilingan va ilmiy asoslangan;
klirens, baza va koleyaning parametrlari o‘zgarishiga qarab traktorning optimal barqarorligi, manyovrchanligi va o‘tuvchanligini asoslovchi, transport ishlarida xavfsizlikni oshiruvchi va dala ishlarida burilish yo‘laklari maydonini kamaytiruvchi, traktor yurish tizimining tuproq va o‘simliklarga salbiy texnogen ta’sirini minimallashtiruvchi analitik ifodalar keltirib chiqarilgan;
paxtachilikda bajariladigan dala va transport ishlarining xarakteriga qarab traktorning o‘tuvchanligi, barqarorligi, manyovrchanligi va boshqariluvchanligini oshirishni ta’minlash shartidan kelib chiqqan holda montaj-demontaj ishlarini bajarmasdan, ko‘tarish vositalarini qo‘llamasdan va qo‘shimcha ishchilarni jalb qilmasdan, bevosita mashinist-operator tomonidan amalga oshiriladigan traktor klirensi, bazasi va koleyasini pog‘onasiz rostlash mexanizmining konstruktiv echimi va parametrlari asoslangan;
klirens, baza va koleyasi pog‘onasiz rostlanadigan universal chopiq traktorini transformatsiyalanuvchi yurish tizimining parametrlarini ozgarish chegaralari dala ishlarida ishlaganda tug‘ri chiziqli xarakatni va minimal burilish radiusini ta’minlash, transport ishlarida – yo‘l xavfsizlik harakati va ag‘darilishga qarshi turg‘unlikni ta’minlash shartidan kelib chiqqan holda asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Transformatsiyalanuvchi yurish tizimiga ega traktorni ishlab chiqishga bag‘ishlangan nazariy va eksperimental tadqiqotlar natijalari majmuasi asosida:
o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga tayanilgan holda ishlab chiqilgan klirens, baza va koleya parametrlarini boshqarish imkonini beruvchi transformatsiyalanuvchi old va orqa ko‘priklar bilan jihozlangan universal-chopiq traktorning texnik echimlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazining patentlari (IAP 06073 – 2019 y.; IAP 07108 – 2018 y.; IAP 07964 – 2022 y.) olingan. Natijada, paxta etishtirishda o‘zgaruvchan ish sharoitlari va agrotexnologik talablarga moslasha oladigan transformatsiyalanuvchi yurish tizimiga ega universal-chopiq traktori konstruksiyasini yaratishning imkoniyati yaratilgan;
klirens, baza va koleya parametrlari boshqariladigan transformatsiyalanuvchi old va orqa ko‘priklar bilan jihozlangan traktor Toshkent viloyati va Namangan viloyati fermer xo‘jaliklarida, shuningdek Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutini Namangan ilmiy tajriba stansiyasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi №05/04-04-679 ma’lumotnomasi). Natijada, bir gektar ishlov berilgan maydon uchun ekspluatatsion xarajatlar 2,13 % ga kamaygan, yillik mehnat sarfi 14,38 kishi-soatga qisqargan hamda traktorning agrotexnik o‘tish qobiliyati oshirilgan;
transformatsiyalanadigan yurish qismiga ega traktorni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnik topshiriqlar va chizmalar) “QXMKTM” MChJda loyiha jarayonlariga joriy etilgan (“QXMKTM” MChJning 2025-yil 7-yanvardagi №09-sonli ma’lumotnomasi). Natijada transformatsiyalanadigan yurish qismiga ega traktorni ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.