Fayzieva Dilorom Boxodirovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston janubiy hududlari suv havzalari yalangbaliqlari (Teleostei: Nemacheilidae) faunasi va ekologiyasi”, 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/V1261. 
Ilmiy rahbar: Sheraliev Baxtiyor Maxmutali o‘g‘li , biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.10.08.
Rasmiy opponentlar: Boymurodov Xusniddin Toshboltaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Umarov Farrux Ulug‘bekovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston janubiy hududlari suv havzalarida uchraydigan Nemacheilidae oilasiga mansub yalangbaliqlarning tur tarkibi, suv havzalari bo‘ylab tarqalishi, turlarning morfometrik ko‘rsatkichlariga asoslangan taksonomik farqlarni aniqlash hamda muhofazaga muhtoj turlarini muhofaza qilishning ekologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston janubiy hududlari suv havzalarida uchraydigan Nemacheilidae oilasiga mansub yalangbaliqlar 5 urug‘ga mansub 6 turdan iborat ekanligi aniqlangan;
Qashqadaryo daryosi va unga quyiluvchi suv havzalarida tarqalgan Triplophysa stolickai deb ishonilgan tur olib borilgan molekulyar-genetik tahlillar asosida aslida T. uranoscopus ekanligi asoslangan;
Taksonomik maqomi bahsli bo‘lgan T. kafirnigani ning valid tur ekanligi molekulyar-genetik tahlillar asosida asoslangan;
Iskandaria pardalis populyasiyalari morfometrik jihatdan Styudent mezoni asosida tekshirilganda, uning Sheroboddaryo populyasiyasi To‘palangdaryo, Qoratog‘daryo va Surxondaryo populyasiyalaridan 14-19 ta morfometrik belgisi bo‘yicha ishonchli darajada farqlanishi aniqlangan;
Paracobitis longicauda ning O‘zbekiston janubiy hududlari suv havzalarida uchrovchi populyasiyalari o‘zaro solishtirma tahlil qilinganda, Kofarnihon hamda Sherobod populyasiyalari Amudaryo, Surxondaryo, To‘palangdaryo hamda Qoratog‘daryo populyasiyalaridan ishonchli darajada farqlanishi aniqlangan;
O‘zbekiston janubiy hududlari suv havzalarida uchrovchi 5 yalangbaliq turining umumiy uzunligi va og‘irligi orasidagi bog‘liqlik ko‘rsatkich hisoblanganda, 1 tur izometrik, 1 tur manfiy allometrik va 3 tur ijobiy allometrik o‘sish ko‘rsatkichlariga ega ekanligi asoslangan;
O‘zbekiston janubiy hududlari suv havzalarida uchrovchi yalangbaliqlarning TMXI bo‘yicha maqomi hamda populyasiyalari holati tahlil qilingan, unga ko‘ra, ikki tur zaif bo‘lgan turlar [VU] (Dzihunia amudarjensis, Oxynoemacheilus oxianus) va 4 tur kamroq xavf ostida bo‘lgan turlar [LC] sifatida baholangan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston janubiy hududlari yalangbaliqlari faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Triplophysa uranoscopus va T. kafirnigani turlarining COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBank bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi, ncbi.nlm.nih.gov). Natijada, PX463610, PX463611, PX463612, PX463613 – T. uranoscopus; PX463614 – T. kafirnigani inventar raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosda ushbu turning filogeniyasini molekulyar-genetik identifikatsiyalash imkonini bergan;
“Surxondaryo vohasi daryo yalangbaliqlarini (Nemacheilidae) muhofaza qilish chora-tadbirlari” bo‘yicha tavsiyanomasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vazirligining Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024-yil 31-oktyabrdagi 03-03/3-10779-son ma’lumotnomasi). Natijada, kadastr ma’lumotlarini geoaxborot tizimiga kiritishga asos bo‘lgan, shuningdek, ushbu tavsiyalar noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi baliq turlarini qo‘riqlash, yashash muhitini saqlab qolish, ko‘paytirish va himoya qilish ishlarini tashkil etish hamda tabiiy resurslardan oqilona va barqaror foydalanishni ta’minlash imkonini bergan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish