Kadirova Sharofat Shavkatovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Uzluksiz monitoring tizimlaridan foydalangan holda temirbeton ko‘prik inshootlarining ekspluatatsion holatini baholash usullarini takomillashtirish, 05.09.02 – “Geotexnika” (Ko‘priklar, transport tonnellari va metropolitenlar)”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6271.
Ilmiy rahbar: Beliy Andrey Anatolevich – texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.10/2025.27.12.T.01.01 raqamli Ilmiy kengash. 
Rasmiy opponentlar: Xasanov Askar Zabievich, texnika fanlari doktori, professor; G‘aniev Inomjon Gulomovich, texnika fanlari nomzodi, professor. 
Yetakchi tashkilot: “O‘zog‘irsanoatloyiha” AJ
Dissertatsiya yo‘nalishi. Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: avtomobil yo‘llarida joylashgan temirbeton ko‘prik inshootlarining texnik-ekspluatatsion holatini uzluksiz monitoring tizimlari ma’lumotlari asosida baholash va prognozlash usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
temirbeton ko‘prik inshootlarining texnik holatni baholashning mavjud usullarining diskretligi va ekspluatatsiya sharoitlarini hisobga olmasligi bilan bog‘liq cheklovlari va kamchiliklar aniqlanib, shu asosda ekspluatatsiya sharoitlari bo‘yicha rayonlashtirishdan foydalangan holda monitoring usuli takomillashtirilgan;
uzluksiz monitoring tizimlari ma’lumotlari bo‘yicha degradatsiya jarayonlarini stoxastik tavsifi asosida deterministik va tasodifiy ta’sirlarni hisobga oluvchi temirbeton ko‘prik inshootlarining texnik holatini baholashning matematik modeli takomillashtirilgan;
real ekspluatatsiya sharoitlarida ko‘prik inshootlari texnik holatining hisobiy va haqiqiy parametrlarini taqqoslash asosida uzluksiz monitoring tizimlari samaradorligini eksperimental baholash usuli takomillashtirilgan;
temirbeton konstruksiyalar uchun elektrokimyoviy himoya qo‘llash bo‘yicha korroziya jarayonlari mexanizmlari va ularning inshootlarning texnik hamda ekspluatatsion holatiga ta’sirini hisobga olgan holda ilmiy asoslangan tamoyillar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Uzluksiz monitoring tizimlaridan foydalangan holda temirbeton ko‘prik inshootlarining ekspluatatsion holatini baholash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ko‘prik inshootlarining ekspluatatsion holatini baholash va boshqarish algoritmini o‘z ichiga oluvchi uzluksiz monitoring metodikasi takomillashtirildi va “Ko‘prikqurilish” AJning ishlab chiqarish faoliyatiga joriy etildi. (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 25-fevraldagi №4/E269-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tizimlardan foydalanish orqali 22–23 ta inshootning texnik holatini nazorat qilish bitta mutaxassis tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lib, bu mehnatga haq to‘lash xarajatlarini oyiga 162,1 mln so‘mga qisqartirish hamda yiliga taxminan 1,9 mlrd so‘m miqdorida iqtisodiy samara olish imkonini beradi;
temirbeton ko‘prik inshootlarida elektroximik himoyani qo‘llash bo‘yicha ilmiy asoslangan qoidalar ishlab chiqildi va “Ko‘prikqurilish” AJ balansida bo‘lgan Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroport bilan transport aloqasini ta’minlovchi Bobur ko‘chasida joylashgan yo‘lo‘tkazgich misolida loyihalash va qurilish jarayonida joriy etildi. (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 25-fevraldagi №4/E269-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tizimlarni joriy etish amaldagi me’yoriy hujjatlarda nazarda tutilgan ekspluatatsion xarajatlarning 12,7 % ga oshishiga olib kelgan bo‘lsa-da, mahalliy amaliyot sharoitida faktik ekspluatatsion xarajatlarning 23,0 % ga kamayishini ta’minlashga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish