Negmatova Komila Sayibjanovnaning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Samarador kompozision kimyoviy reagentlarni yaratish va ular asosida burg‘ulash eritmalarini olish», 02.00.07 – kompozision, lok-bo‘yoq va rezina materiallari kimyosi va texnologiyasi (texnika fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: texnika fanlari nomzodi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.T113.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Raxmonberdiev G., kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» davlat unitar korxonasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent davlat texnika universiteti, 16.07.2013.K/T.14.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Ibodullaev A., texnika fanlari doktori, professor; Xamraev S.S., kimyo fanlari doktori, professor; Umarov A.V., texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rta va anomal past bosim ostida ishlaydigan samarali burg‘ulash eritmalarini olish uchun mahalliy organik va noorganik xomashyo va ishlab chiqarish chiqindilari asosida ko‘p funksiyalik kompozision kimyoviy reagentlarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: ilk bor yaratilayotgan reagentlar kompozisiyasi tarkibiga kiruvchi ingredientlarning kimyoviy hossalari, tuzilishi, tarkibi ushbu kompozisiyaning fizik-kimyoviy xususiyatlariga ta’sir etish mexanizmlarini aniqlash orqali kompozision kimyoviy reagentlarni yaratishning ilmiy asoslangan yondashuvi ishlab chiqilgan;
birinchi marotaba samarali polifunksional burg‘ulash eritmalarini olish uchun mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilaridan olingan organik va noorganik moddalardan iborat bo‘lgan, import o‘rnini bosuvchi, yuqori minerallashgan qatlam suvlarida ishlay oladigan, termodinamik mustahkam kompozision kimyoviy reagent yaratilgan hamda ularni olish ilmiy-texnologik prinsiplari ishlab chiqilgan;
ilk bor kompozision kimyoviy reagentlarning asosiy komponenti sifatida olingan o‘ta qovushqoq-oquvchan gossipol smolasini modifikatsiyalash orqali suvda eruvchan, kukunsimon kompozisiyasini olish metodi ishlab chiqilgan;
ilk bor burg‘ulash eritmalarining zichlik, qovushqoqlik, fil`tratsiya va siljishning statistik kuchlanishi kabi texnologik parametrlari kompozision kimyoviy reagentlarning tarkibi va tuzilishiga bog‘liqligi aniqlangan;
ishlab chiqilgan kompozision kimyoviy reagentlarning tarkibiy-kimyoviy xususiyatlari bilan bog‘liq yuqori stabillashtiruvchi xossalarga egaligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: yaratilgan polifunksional kompozision kimyoviy reagentlar tarkibiga kiruvchi moddalarni modifikatsiyalash va olish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi texnologiyalarga O‘zbekiston Intellektual mulk agentligining quyidagi 6 ta patenti olingan: tog‘-konchilik sanoati chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha “Pul`padan metall zarrachalarini ajratib olish usuli” (№ IAP 04941 – 2014y. №8), “Pul`padan metall zarrachalarini ajratib olish uskunasi” (№IAP 04841 – 2014 y. №2), “Nobalans va qiymatsiz rudadan metall zarrachalarni quruq usuli bilan ajratib olish uskunasi” (№ IAP 04842 – 2014y. №2); polimer kimyoviy reagentlarni olish bo‘yicha “Karboksimetilsellyulozani olish usuli” (№IAP 04989 - 2014y. №11), “Karboksi-metilsellyulozani olish uskunasi” (№ IAP 04998 – 2014 y., №12); chiqindilarni modifikatsiya qilish bo‘yicha “Suvda eruvchan kukunsimon kompozision gossipol smolasini olish usuli” (№IAP 05046 – 2015 y. №1).
KXR kompozision kimyoviy reagentlari «O‘zgeoburneftegaz» Aksiyadorlik kompaniyasi tizimida joriy qilingan bo‘lib 2010 yilda «Ustyurt URB»ning Surgil №50-sonli konidagi neft`-gaz quduq hamda 2014 yil «Buxoroneftegazparmalash» OAJning «Janubiy Kemachi» №130-konidagi quduqni burg‘ulashda ishlatilgan. Bunda burg‘ulash jarayonlari avariyasiz kechib quduqlarning unumli imkoniyat doiralarini ochish bilan yakunlanib 13 tonna kompozision kimyoviy reagentlarni joriy qilish natijasida amaldagi umumiy iqtisodiy samaradorlik 83,8 mln. so‘mni tashkil qilgan. («O‘zgeoburneftegaz» Aksiyadorlik kompaniyasining 29.05.2015 y. № 06/MB-652-sonli, 18.11.2013 y. va 27.03.2014 y. xulosalari).