Norboeva Umida Toshtemirovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za navlarining sho‘rlanishga moslashish va chidamliligining fiziologik asoslari», 03.00.07–O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSs/V78.
Ilmiy maslahatchi: Xo‘jaev Jo‘raqul Xo‘jaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Rahmonqulov Said-Akbar, biologiya fanlari doktori, professor, akademik; Davronov Qodirjon Sotvoldievich, biologiya fanlari doktori, professor; Qurbanbaev Ilxam Jumanazarovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘za navlarining tuproq sho‘rlanishi sharoitida suv almashinuvi, sho‘rga chidamlilik va moslashishning fiziologik, biokimyoviy xususiyatlari asosida g‘o‘zaning tuproq sho‘rlanishiga himoyaviy moslashishi hamda sho‘rga chidamlilikni aniqlashning tezkor va chidamlilikni oshirish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tuproq sho‘rlanishi va namlik darajalari ta’siri natijasida bog‘langan xlorofillar, antioksidant fermentlar faolligi, barglardagi bog‘langan suv, barglardagi qoldiq suv tanqisligi, barglarning diffuzion qarshiligi, turgotsentlik darajasining barqarorlik koeffisienti kabi fiziologik va biokimyoviy  ko‘rsatkichlarning turli darajada o‘zgarishi isbotlangan;
g‘o‘zaning sho‘rlanishga nisbatan himoyaviy moslashish xususiyatlari aniqlanib, tuproqdagi namlik darajasiga bog‘liq holda navlarning sho‘rlanishga chidamliligining fiziologik va  biokimyoviy jihatlari asoslangan;
tuproq sho‘rlanishi va qurg‘oqchilikning g‘o‘za navlari hosildorligiga ta’siri: g‘o‘za navlarining o‘sish dinamikasi, barg sathining kengayishi, fotosintezning sof mahsuldorligi, hosil va uning sifatini belgilaydigan ko‘rsatkichlar aniqlangan;
ilk bor g‘o‘za o‘simligining tuproq sho‘rlanishiga nisbatan chidamlilik darajasini aniqlashning tezkor (elektr qarshilik va barqarorlik koeffisientini aniqlash) usullari ishlab chiqilgan;
ilk bor g‘o‘zaning tuproq sho‘rlanishiga nisbatan chidamlilik darajasini  oshirishning (chigitlarni ekishdan oldin va o‘simliklarga vegetatsiya davrida ishlov berish) usullari ishlab chiqilgan va bu usullarning hosil va uning sifatiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
tuproq sho‘rlanishi darajalariga va boshqa ekstremal omillarga nisbatan chidamli hamda  hosildorligi va sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan navlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za navlarining sho‘rlanishga moslashish va chidamliligining fiziologik asoslarini turli darajadagi tuproq sho‘rlanishi sharoitlarida tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tuproq sho‘rlanishiga nisbatan g‘o‘zaning sho‘rga chidamlilik darajasini aniqlashning tezkor va sho‘rga chidamlilikni oshirish usullari Buxoro viloyati sharoitida 500 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2019 yil 8 noyabrdagi 08.01/03-3064-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za navlarining sho‘rlanishga chidamliligining oshishi evaziga hosildorlikni oshirish imkonini bergan;
g‘o‘zaning chigitini ekishdan oldin va shonalash fazasida mis sul`fat eritmasi bilan ishlov berish usulidan FA-A8-T015 raqamli «Introgresssiv liniyalardan foydalanib, suv tanqisligi sho‘rxoklikka kompleks chidamli yangi nav va liniyalarni qayta ishlash va ishlab chiqarishga tatbiq etish» loyihasida kompleks chidamli yangi nav va liniyalarni qayta ishlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 13 noyabrdagi 4/1255-3020-son ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rga chidamli g‘o‘za liniyalari ajratib olish va ushbu liniyalar sho‘rga chidamli g‘o‘za navlarini yaratishda amaliy seleksiya jarayonlarida foydalanish imkonini bergan;
g‘o‘zaning sho‘rga chidamlilik darajasini aniqlashning tezkor va sho‘rga chidamlilikni ontogenetik usullaridan Buxoro viloyati va unga yondosh xududlarning har hil darajada sho‘rlangan maydonlariga mos navlarni tanlashda foydalanilgan (O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining 2019 yil 19 dekabrdagi T-6-4-649-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za navlarining sho‘rga chidamlilik darajalari asosida ularni turli darajada sho‘rlangan maydonlarga joylashtirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish