Sultanova Ra’no Xakimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Rux va vismutning yangi koordinatsion preparatlari farmakologiyasi», 14.00.17–Farmakologiya va klinik farmakologiya (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Far55.
Ilmiy rahbar: Tulyaganov Rustam Tursunovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.04/30.12.2019.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Allaeva Munira Juraqulovna, biologiya fanlari doktori, dotsent; Ergasheva Mukaram Jurabaevna, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ruxning piridoksin (piratsin-RG) va vismutning gistidin (vigitril) bilan hosil qilgan koordinatsion birikmalarining farmako-toksikologik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor koordinatsion birikma vigitrilning yallig‘lanishga qarshi faolligi mavjudligini aniqlangan hamda formalin va gistamin bilan chaqirilgan yallig‘lanishda diklofenak bilan solishtirilganda samarali ta’sirga ega ekanligi isbotlangan;
ilk bor indometatsin, margimush-kofein, neyrogen, etanol va gistaminli gastropatiyada vigitril preparatini me’da shilliq qavatining regeneratsiya jarayonlarini stimulyasiya qilishdagi samaradorligi, tibbiyot amaliyotida qo‘llaniladigan De-nol preparatidan kam emasligi asoslangan;
ilk bor vigitrilning gastroprotektorlik ta’siri bilan birga og‘riq qoldiruvchi, spazmolitik va motor-evakuator ta’sirga egaligi aniqlangan;
piratsin-RGning formalin va gistamin bilan chaqirilgan yallig‘lanishga qarshi ta’sir qilishi aniqlangan;
piratsin-RGning xolesterin, trigliserid va β-lipoproteidlarning qondagi miqdorining eksperimental alloksanli diabetda gipolipidemik ta’siri aniqlangan;
piratsin-RG zararsizligi hamda vigitrilning o‘tkir va surunkali zaharsizliligi, kumulyativ, mahalliy-qitiqlovchi, allergik xususiyatga ega emasligi, markaziy va vegetativ innervatsiyaga, shuningdek, ichki organlar patomorfologiyasiga salbiy ta’sir etmasligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Rux va vismutning yangi koordinatsion preparatlari farmakologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Vismut (III)ni yangi dori shaklining yaraga qarshi faolligini eksperimental o‘rganish» ilmiy-uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2011 yil
23 dekabrdagi 8n-r/285-son ma’lumotnomasi). Natijada, me’da yara kasalligini tashxislash va davolash tizimini takomillashtirish imkonini bergan;
vigitril preparati uchun o‘tkazilgan klinik oldi hisoboti «Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi» tomonidan tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 15 oktyabrdagi 8n-3/280-son xati). Natijada, me’da shilliq qavatining yallig‘lanish va me’daning turli ko‘rinishidagi jarohatlarini davolash imkonini bergan;
piratsin-RG 0,25% in’eksiyasi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUK tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan (guvohnoma, №00764/04/16). Natijada, mazkur preparatning ro‘yxatdan o‘tkazilishi gipolipidemik samarasi tufayli qandli diabetning II-tipida kompleks qo‘llash imkonini bergan.