Ermatov Shoxrux Raximovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillarida binomial hosilalarning struktur-semantik, funksional-stilistik va pragmatik jihatlari”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Fil5844.
Ilmiy rahbar: Abduvaliev Muhammadjon Arabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, DSc.03/2025.27.12.Fil.32.02.
Rasmiy opponentlar: Saidxonov Ma’mirjon Muxammedovich, filologiya fanlari doktori, professor; Asranova Moxigul Musaboevna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida binomial hosilalarning struktur-semantik xususiyatlarini, funksional-stilistik vazifalarini va pragmatik imkoniyatlarini kompleks tarzda tahlil qilish, ularning shakllanish qonuniyatlari va kommunikativ funksiyalarini aniqlash, hamda ikki tildagi binomial birliklarning o‘zaro o‘xshash va farqli jihatlarini qiyosiy-lingvistik asosda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“binomial hosilalar” atamasi o‘zbek tilshunosligi terminologiyasiga kiritish tavsiya etilib, uning izohli-tarifiy tavsifi ishlab chiqilgan; Binomial hosilalarning barqarorlik, idiomatik va kommunikativ qiymat darajalari ilmiy jihatdan asoslab berilgan;
binomial hosilalar alohida lingvistik kategoriya ekanligi, ular frazeologik birliklar, juft so‘zlar va boshqa leksik birliklardan farqlanadigan mustaqil sinf ekanligi isbotlangan;
korpus ma’lumotlari asosida o‘zbek tilidagi binomial hosilalarning qo‘llanish chastotasi va turg‘unlik darajasi aniqlanib, amaliy nutqda eng faol va kam qo‘llanadigan turlari ochiqlangan;
binomial hosilalarning funksional-stilistik xususiyatlari , adabiy, publisistik va og‘zaki nutqda ularning ekspressivlik, ta’sirchanlik va obrazzlilikni kuchaytirish vositasi sifatida ham xizmat qilishi isbotlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
binomial hosilalarning idiomatik va nominativ turlari, ularning kommunikativ va madaniy funksiyalariga antropolingvistik yondashuv asosida olib borilgan tahlillar Samarqand davlat chet tillar institutida 2022–2024-yillarda amalga oshirilgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 12-dekabrdagi 2/24-4/7-690-sonli xatiga muvofiq bajarilgan, AQSh elchixonasi hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi bilan hamkorlikdagi “English Access Microscholarship Program” xalqaro loyihasi doirasida foydalanildi (Samarqand davlat chet tillar institutining 2025-yil 12-iyundagi 1768/02-sonli ma’lumotnomasi). Natijada binomial hosilalar orqali madaniy kontekstda til o‘rgatuvchi materiallarning mazmuni boyitildi, kommunikativ ko‘nikmalarni shakllantirishda milliy-madaniy komponentlar asosida tahliliy yondashuv takomillashtirildi va o‘quvchilarda til va madaniyatga oid reflektiv tafakkur rivojlandi;
binomial hosilalarning barqarorlik darajasi, idiomatiklik xususiyatlari va kommunikativ funksiyalari, ularning ko‘p tilli matnlardagi ifodaviy vosita sifatidagi roli to‘g‘risidagi ilmiy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021–2023-yillarda amalga oshirilgan PF-201912258-sonli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” amaliy grant loyihasida foydalanildi (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 14-iyundagi 01/4-2500-sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilshunosligida “binomial hosilalar” atamasi ilmiy termin sifatida mustahkamlandi, uning izohli-ta’rifiy tavsifi ishlab chiqildi va ko‘p tilli materiallarni tuzishda konseptual asos sifatida muvaffaqiyatli qo‘llandi;
binomial hosilalarning semantik barqarorligini ta’minlovchi fonetik, morfologik va leksik omillar tizimlashuvi, ularning paradigmatik va sintagmatik munosabatlari psixolingvistik tahlili hamda kognitiv xususiyatlariga oid ilmiy qarashlardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022–2024-yillarda amalga oshirilgan IL-402104209-sonli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google Translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” nomli innovatsion loyiha doirasida amaliyotga joriy etildi (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 14-iyundagi 01/4-2501-sonli ma’lumotnomasiga ko‘ra). Natijada o‘zbek tilining lingvistik infratuzilmasini yaratishda nazariy asoslar kengaytirilib, kam o‘rganilgan binomial hosilalarning idiomatik va nominativ turlari, ularning matndagi kommunikativ va uslubiy funksiyalari ilmiy asosda tasniflandi va avtomatlashtirilgan tilshunoslik tizimlarida qo‘llanishi uchun metodik baza yaratildi;
binomial hosilalarning struktur-semantik tuzilishi, stilistik funksiyalari va pragmatik xususiyatlariga oid nazariy qarashlar, ayniqsa, ularning kognitiv va psixolingvistik tahlili bo‘yicha dissertatsiyada bayon etilgan ilmiy xulosalar 2025-yilning may–iyun oylarida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi tomonidan efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot” hamda “Jahon adabiyoti” nomli eshittirishlar ssenariylarini tayyorlashda asosiy nazariy manba sifatida qo‘llanildi (“O‘zbekiston 24” Ijodiy birlashmasining 2025-yil 20-iyundagi 05-09-969-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ingliz va o‘zbek tillarida uchraydigan binomial hosilalarning frazeologik birlik sifatidagi kommunikativ, stilistik va semantik xususiyatlari keng ommaga ilmiy asoslangan holatda etkazildi, ularning xalqaro eshittirishlarda zamonaviy antroposentrik yondashuv asosida tahlili ta’minlandi.