Xolmatov Faxridin Taxirovichning texnika fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kombinatsiyalashgan quyosh fotoelektrik modulli avtonom havo sovitish tizizmini ishlab chiqish”, 05.05.06-“Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T2904
Ilmiy rahbar: Ibragimov Umidjon Xikmatullaevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat texnika universiteti, PhD. 03/2025.28.11.T.17.01. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Samiev Kamoliddin A’zamovich, texnika fanlari doktori, professor; Yaxshiboev Shuxratbek Komilovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yashash uylarining kombinatsiyalashgan quyosh fotoelektrik modulli avtonom havo sovitish tizimini ishlab chiqish va energiya samaradorligini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
suv-havoli issiqlik almashinuv qurilmasida talab etilgan haroratgacha sovitilgan havoni xona ichiga uzatish va xonada zarur harorat rejimini ta’minlash imkonini beradigan kombinatsiyalashgan quyosh fotoelektrik modulli avtonom havo sovitish tizimi ishlab chiqilgan (FAP №2769);
yilning sovitish mavsumida yashash uylarida talab etilgan harorat rejimini ta’minlash uchun havoni sovitish va suvli sovitish orqali fotoelektrik modulning elektr samaradorligini oshirish imkonini beradigan hamda to’liq quyosh energiyasidan ta’minlanuvchi favvorali sovitish tizimi ishlab chiqilgan;
yashash uylarida havoning tezligi va haroratini tashqi muhit parametrlariga bog‘liq holda xonaning balandligi va uzunligi bo‘yicha o‘zgarishini, shuningdek, havo sovitish tizimida tashqi havo harorati va bosim yo‘qotilishini quvur uzunligiga bog‘liq holda o‘zgarishini aniqlash imkonini beradigan, oqimning turbulentlik modeli asosida tuzilgan kompyuter modellari ishlab chiqilgan;
suvli sovitiladigan fotoelektrik modulning va sovituvchi suvning haroratlarini sovituvchi suv sarfi, quyosh nurlanish intensivligi, tashqi havo harorati va sovituvchi suvning kirishdagi haroratiga bog‘liq holda vaqt bo‘yicha o‘zgarishini aniqlash imkonini beradigan issiqlik balansi tenglamalari asosidagi matematik model ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kombinatsiyalashgan quyosh fotoelektrik modulli avtonom havo sovitish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yashash uylarining havoli sovitish tizimi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan foydali modelga patent olingan (FAP №2769, 2025 yil). Natijada, yashash uylarini sovitish uchun quyosh energiyasidan elektr ta’minot oladigan avtonom havo sovitish tizimi ishlab chiqilgan;
avtonom havo sovitish tizimi Qarshi shahridagi “SPORTAGE TRANS” MChJ da joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining 2025-yil 2 dekabrdagi 04-13-6711-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tizimning elektr energiya iste’moli 0,52 kVt·soat bo‘lib, sovitish uchun qo‘llanilayotgan an’anaviy kompressorli maromlagichning (kondisioner) energiya iste’molini 3 barobarga kamaytirishga erishilgan;
avtonom havo sovitish tizimi Qarshi shahridagi “Xalqaro innovatsion tibbiyot texnikumi”da joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining 2025-yil 2 dekabrdagi 04-13-6711-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, foydali maydoni 15 m2 bo‘lgan xonani bir sovitish mavsumida (152) sovitish jarayonida o‘rtacha 1216 kVt·soat elektr energiyasi yoki 131,3 m3 tabiiy gaz tejalishiga va atmosferaga 243 kg CO2 chiqindisi chiqishining oldi olinishiga erishilgan.